Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlari birinchi marta hijriy III asrda tadvin[1] qilinganini da'vo qilish mutlaqo xatodir. Hadislarni to'plash Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik davrlaridan boshlangan. Hadislar faqatgina yozib qo'yish orqali saqlanmagan, balki uning yanada boshqa bir qancha usullari ham bo'lgan.
HADISNING UCh TURI
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aytgan so'zlari hadis sanaladi. Hadislar naql qilish yo'llariga ko'ra uchta asosiy turga bo'linadi:
A. Lafzan mutavotir. Lafz e'tiboridan, mutavotir uchun talab qilingani kabi ko'p miqdordagi roviy tomonidan hamma roviylari jiddiy bir chalkashlikka yo'l qo'ymay, ayni lafzlarni rivoyatda ittifoq qilgan holda rivoyat qilgan bir hadisdir.
B. Ma'naviy mutavotir. Roviylar tomonidan ayni lafzlar bilan rivoyat qilinmagan hadisdir. Roviylarning lafzlari farqlidir. Hatto ba'zida naql qilingan hodisalar ham ayni hodisa bo'lmaydi. Faqat barcha roviylar hamma rivoyatlarda umumiy bo'lgan bir ishni naql qilishda ittifoq qilganlar. Masalan , Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
من كذب علي متعمداً فليتبوأ مقعده من النار
“Kim menga qasddan yolg'onni nisbat bersa, jahannamdagi joyiga tayyorlanaversin”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Bu birinchi turga kiradigan mutavotir hadisdir. Chunki bu hadisning eng kamida 74 ta ta roviysi bor. Boshqacha qilib aytganda, 74 ta sahoba farqli holatlarda, ammo barchalari ayni lafzlar bilan rivoyat qilishgan.
Bu hadisni u sahobalardan olganlarning adadi yanada ko'p. Chunki o'sha 74 nafar sahobaning har biri buni bir necha shogirdiga etkazgan. Shunday qilib, bu hadisning har bir tabaqadagi roviylari yanada ortib boradi va aslo etmish to'rttadan kamaymagan. Endi raqamda yuztacha bo'lgan bu roviylar, hadisni eng kichkina bir o'zgarish kiritmasdan, ayni lafzlar bilan rivoyat qilmoqdalar. Shu sababli bu hadis “lafzan mutavotir”dir. Chunki bu qadar ko'p sahobaning Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yolg'onni nisbat berish uchun yolg'onga kelishib olishlari aqlga sig'maydi.
Boshqa tomondan, ko'pchilik roviylar tomonidan Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bomdod namozida ikki, peshin, asr va xufton to'rt, shom namozida uch rak'at namoz o'qishni buyurganlari rivoyat qilingan. Ammo rak'atlar sonini aytgan hamma roviylarning lafzi bir xilda emas. Ularning lafzlari farqli. Hatto ular tomonidan naql qilingan hodisalar ham farqlidir. Ammo barcha rivoyatlarning maqsadi ayni. Bu umumiy maqsadning, ya'ni rak'atlarning aniq soni “ma'naviy mutavotir” o'laroq qabul qilingan.
Bu atama faqihlar tomonidan biroz farqli tarzda ta'riflanadi: “Mashhur hadis ashobi kirom darajasida mutavotir bo'lmagan, ammo ulardan keyin tavotur darajasiga etgan hadisdir”.
Keling endi bu uch turdagi hadislarning har birini alohida o'rganib chiqaylik.
Mutavotirga kelsak, hech kim uning aniq ishonchligiga hech qanday shubha qilmaydi. Mutavotir bir sanad bilan naql qilingan voqea, kundalik hayotimiz bilan bog'liq bo'lganlarini ham o'z ichiga olgan holda har doim aniq haqiqat o'laroq qabul qilingandir. Mutavotir bir rivoyatga suyangan har qanday xabar hamma tomonidan ikkilanmasdan qabul qilinishi shartdir. Men Moskva shahrini hech ko'rmaganman, ammo Moskvaning bir shahar ekani inkor qilib bo'lmas aniq bir haqiqatdir. Bu haqiqat menga shaharni ko'rgan ko'p miqdordagi roviylar tomonidan isbotlanmoqda. Bu doimiy rivoyat qilingan, ya'ni “mutavotir” bir haqiqatdir-ki unga inkor ham, shubha ham qilinmaydi.
Birinchi va ikkinchi jahon urushlarini ham ko'rmaganman, ammo bu ikki jangning ro'y berganini, hech qanday shubhaga suyanmaydigan xabarlar, ular bilan bog'liq mutavotir xabarlar naql qilmoqda. Sog'lom aql egasi bo'lgan hech kim, bu janglarning ro'y berganini bildirgan insonlarning yolg'on bir xabar to'qish uchun ittifoq qilganlarini va bu janglarning bo'lmaganini da'vo qila olmaydi. Jangning haqiqatda bo'lgan hodisaligi “mutavotir” xabarga suyanilmoqda.
Ayni shaklda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari haqidagi mutavotir xabarlar ham uning ishonchliligi hech qanday shubhasiz qabul qilinishi kerak.
Hullas, xoh lafzan mutavotir, xoh ma'nan mutavotir bo'lsin mutavotir hadislar Qur'oni karim kabi ishonchga egadir va ikkalasi orasida rivoyat yo'lining ishonchliligi tomonidan hech qanday farq yo'qdir.
Mutavotirning birinchi guruhiga kiruvchi, ya'ni “lafzan mutavotir” bo'lgan hadislar son jihatdan oz bo'lsa ham, ikkinchi guruh bilan bog'liq hadislar, ya'ni “ma'nan mutavotir” hadislar ko'pdir. To'g'rirog'i Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlarining muhim bir qismi mutavotirning bu turiga kiradi, hech qanday holatda ularning ishonchliligiga shubha qilinmaydi.
Ikkinchi guruhi, ya'ni mashhur hadisga kelsak, uning ishonchlilik darajasi mutavotirga qaraganda pastroq. Shu bilan birga roviylar soni har tabaqada ishonchli bo'lgan uch kishidan ko'proq bo'lgani uchun rivoyat ishonchlidir.
Uchunchi guruh hadis “xabari vohid”dir. Bu guruhning ishonchliligi roviylarining to'g'riso'z bo'lishiga bog'liqdir. Agar roviy ishonchli bo'lsa, uning xabari qabul qilinishi mumkin. Ammo birgina roviyning shubhali bo'lsa, butun xabar ehtiyotan shubhali qolishda davom etadi. Bu qoidaga hayotning har bir jabhasida amal qilinmoqda.
Nimaga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnati bilan bog'liq xabarlarga qo'llanilmasligi kerak? Aksincha xabar roviylari rivoyat qilgan narsalarining nozik tomonlaridan xabardor bo'lganlari uchun ham “hadislar” mavzusida bu qoidani eng a'lo holatda qo'llash mumkin.
Bu har qanday bir huquqiy yo diniy bir ta'sirga ega bo'lmagan, tasodifiy bir hodisaga oid, oddiy bir xabar emas. Bu millionlab insonning hayotiga chuqur ta'sir ko'rsatgan hodisaga oid bo'lgan bir voqeaning rivoyatidir.
Hadis roviylari Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bir so'z yoki amalni nisbat berish o'yin emasligini juda yaxshi bilishardi. Bu naql qilish jarayonida har qanday qasddan xato yo har qanday ikkilanish, Allohning g'azabiga duchor qiladigan va jahannamda azob bo'ladigan holatga olib borardi. Har bir roviy ushbu mashhur va mutavotir hadisni yaxshi bilgan: “Kim qasddan mening nomimdan yolg'on gapirsa, jahannamdagi joyiga tayyorlanaversin”.
Bu hadis roviylarning qalbida shu qadar kuchli mas'uliyat hissini paydo qilganki, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlarida har qanday narsani naql qilganda biror xato aralashmasin deb qo'rqib, ranglari oqarib ketardi.
Bunday mas'uliyat – hadis roviylarining, bir hadisning muhofazasi va naqlida ehtiyotkor bo'lishlarining asosiy sababi edi. Bu ehtiyot chorasi boshqa tarixiy hodisalarning naql qilinishida topilmaydi.
Endi keling hadislarni sof holatda muhofaza qilish uchun ummat tomonidan tatbiq qilingan farqli usullarni bayon etaylik.
[1] Kitob shaklida yozish.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, 9-qism, 10-qism, 11-qism, 12-qism, 13-qism, Davomi bor...
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati