Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Samarqand turli g'oya va bilimlar “qaynagan” makon

14.09.2022   1174   7 min.
Samarqand turli g'oya va bilimlar “qaynagan” makon

Shu kunlarda mamlakatimizda, xususan, Samarqand shahrida O'zbekiston raisligida bo'lib o'tadigan ShHTning navbatdagi Samarqand sammitiga qizg'in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

15 -16 sentyabr' kunlari ShHT sammitiga mezbonlik qiladigan Samarqand shahriga ShHT a'zolari – Rossiya, Hitoy, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston, kuzatuvchi mamlakatlar – Belarus', Eron, Mo'g'uliston va sherik mamlakatlar – Armaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Kambodja, Shri-Lanka kabi davlatlarning rahbar va vakillari tashrifi kutilmoqda. Avvalo, bunday nufuzli va yuqori darajadagi xalqaro sammitni tashkil etish yuksak sharaf bo'lishi bilan birga, qabul qiluvchi davlatga ulkan mas'uliyat hamdir. 

Kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning mazkur Sammit yuzasidan fikr-mulohaza va tahlillarini o'z ichiga olgan maqolasi e'lon qilindi. Maqola e'lon qilinishi bilanoq mahalliy va xorijiy tahlilchilar, olimlar, keng jamoatchilik tomonidan katta qizig'ish bilan qabul qilindi. Uning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan ekspertlar o'z nuqtai-nazar va munosabatlarini bildirishmoqda. Ushbu maqola Rossiya, Malayziya, Pokiston, Eron, Turkmaniston, Quvayt va boshqa qator davlatlarning ommaviy axborot vositalarida ham e'lon qilingan.

Maqolada bugungi kunda dunyodagi vaziyat, siyosiy jarayonlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ahamiyati, davlatlarning o'zaro munosabatlari va xalqaro huquqiy makon yoritildi.

Prezidentimizning ta'kidlashicha, hozirgi davrda dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo'li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko'p tomonlama hamkorlik ekanligiga urg'u beriladi.

Maqolada ko'pchilikning e'tiborini tortgan jihatlardan biri bu “Har birimiz kuchli bo'lsakkina ShHT kuchli bo'ladi” – degan shiorning aytilishi. Albatta, bu erda bizning mamlakatimiz ham iqtisodiy, siyosiy, mudofaa, xavfsizlik, huquqiy, qo'yingki, har taraflama yuksalsagina keyin kuchli bo'la oladi. Buning uchun har bir shaxs, fuqaro, aholimiz majoziy ma'noda kuchli bo'lishi zarur bo'ladi.

Kutilayotgan sammitning e'tiborli jihatlaridan biri jahonda ro'y bergan global pandemiyadan so'ng uch yilda davlat rahbarlari keng doirada to'g'ridan-to'g'ri muloqotlari amalga oshiriladi. Mazkur anjumanda mamlakatlar o'rtasidagi turli kelishmovchiliklarni engib o'tish, o'zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag'batlantirish yuzasidan yangi eshiklar ochilishi kutilmoqda.

Sh.Mirziyoev maqolada ShHT muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash orqali ko'p tomonli hamkorlikni ilgari surishda deb atagan.

O'zbekiston etakchisining so'zlariga ko'ra, ShHT o'z mohiyatiga ko'ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo'lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo'lgan jozibador makonga aylanishi lozim.

Aslida, Yaratgan Parvardigor bandalarini bir-birlari bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga buyurgan. Qur'oni aziymush-shonda: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13-oyat), deb marhamat qilingan.

Demak, insoniyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan. Ayni chog'da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo'ygan. Insonlar turli xalq va qabilalarga bo'linishining sababi o'zaro tanishish, hamkorlik qilish va ma'rifat hosil qilishdir.

Ko'nglida hech bir insonga adovati bo'lmagan hamda insoniyatga qo'li va tili bilan zarari tegmaydigan kishilar bilan chiroyli muomalada bo'lish, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish, yovuzlik va zulm-ziyon etkazish yo'lida aslo hamkorlik qilmaslik muborak dinimiz chaqirig'idir.

Alloh taolo marhamat qiladi: “...Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”. (Moida surasi, 2-oyat).

O'zbekiston bugunga qadar jami ShHT sammitlariga uch marotaba mezbonlik qilgan bo'lsa, barcha anjumanlar poytaxtimiz Toshkent shahrida o'tkazilgan. Bu safargi sammit “Buyuk ipak yo'li”ning chorrahasida joylashgan azim va ulug'vor Samarqand shahrida tashkil etiladi. Samarqand nafaqat mamlakatimiz balki dunyo ilm-fani, madaniyati, tarixi uchun beqiyos hissa qo'shgan olimlar etishib chiqqan yurt hisoblanadi. Ushbu shahar Amir Temur bobomiz asos solgan saltanatning poytaxti sifatida ko'p yillar markaz vazifasini o'taganligi barchamizga ma'lum. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bugungi Samarqand shu kabi yirik anjumanlarni tashkil qila olish va o'tkazish salohiyatiga ega.

Davlat rahbari Samarqand o'n to'rtta mamlakat etakchilarini tashkilotning va unga a'zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg'or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor ekanini bildirgan.

“Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo'q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko'p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Hitoygacha bo'lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog'lab, Shimol va Janubni, Sharq va G'arbni yagona chorrahada tutashtirgan”, - deya yozadi prezident o'zining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o'zaro bog'liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasida.

Mazkur hafta bo'lib o'tadigan sammit ochiq, do'stona hamda ko'tarinki ruhda o'tishini Alloh taolo nasib qilsin.

Zayniddini Eshonqulov – O'zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

05.05.2025   4613   7 min.
O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF 68-sonli Farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan. Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.

Farmonga asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan. Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.

Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.

Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:

Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.

Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:

O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.

Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.

Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.

Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:

Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.

Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.

Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.

Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

 

MAQOLA