Makka shahridagi Masjidul Haromda mo'minlarga xizmat qilish uchun Qur'oni karimni o'quvchi va ma'ruza qiluvchi robotlar ishga tushirildi. Bu musulmonlarning asosiy ziyoratgohida sun'iy intellektdan foydalanishga qaratilgan so'nggi qadamdir. Bu haqda islam.ru ma'lum kilgan.
Robotlar shtrix-kodlar orqali ma'lumotni o'qiy oladi. Bu esa foydalanuvchilarga shaxsiy smartfonlariga kerakli xizmatlarni yuklab olish yoki ma'lumotlarga kirish uchun robotlardagi buyruqlarni bosish imkonini beradi. Endilikda, tashrif buyuruvchilar nafaqat islomiy savollarga javob olishlari, Qur'on o'qishlari, balki kundalik va juma ma'ruzalarini o'qiydigan imom va azon aytadigan muazzinlarning ismlarini ham bilib olishlari mumkin.
Ilg'or avtomashinalar Ikki Muqaddas masjid ishlari bo'yicha Bosh rais Shayx Abdurrahmon al-Sudais tomonidan ishga tushirildi. Uning qayd etishicha, bu “Smart Haram” loyihasini amalga oshirish bo'yicha keng ko'lamli strategiyaning bir qismidir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati