Kecha, 12 sentyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasida “Islom ma'rifati va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo'shgan Boboxonovlar sulolasi merosini o'rganish va keng targ'ib etish” mavzusida ilmiy-ma'rifiy suhbat bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi etakchi ilmiy xodimi Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari, Muftiy Boboxonovlar sulolasi vakilasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Muxlisa Ziyovuddin qizi, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov hamda Diniy idora xodimlari ishtirok etdi.
Marosim Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
Ma'rifiy uchrashuv avvalida Shayx Abdulaziz Mansur hazratlari yurtimiz mo'min-musulmonlari tomonidan katta ehtirom bilan yodga olinadigan Muftiy Boboxonovlar sulolasi vakillari o'ta mashaqqatli yillarda yurtimizdagi diniy-ma'rifiy soha rivoji yo'lida beqiyos xizmatlar qilganlari haqida so'z yuritdi.
Shundan so'ng Muxlisa Ziyovuddin qizi Muftiy Boboxonovlar sulolasi vakillari, diniy idora asoschilari, marhum muftiylar – Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, Shayx Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxon va Shamsiddinxon Boboxonovlar faoliyati sho'rolar davlatida qaltis bir davrda mintaqamizdagi beshta respublika musulmonlarining muftiysi bo'lib, bu muhim va mas'uliyatli vazifani ham a'lo darajada bajarganlari, Sobiq ittifoq davrida diniy ulamolar taqibga uchrab, turli tazyiqlarga qolgan damlarda ham u zotlar yopilgan masjidlarni ochish, buzilib yotganlarni ta'mirlash, diniy tadbirlarni o'tkazish, fuqarolarning haj safarlariga ruxsat olishga erishganlari haqida gapirib berdi.
Tadbir davomida Muftiy Boboxonovlarning ulkan xizmatlaridan biri Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi va Toshkentda Islom oliy ma'hadining ochilishi, bu ilmu fan o'choqlari nafaqat O'rta Osiyo va Qozog'iston, balki Rossiyaning Yevropa qismi va Sibir, Kavkazorti, Shimoliy Kavkaz diniy muassasalari uchun ham kadrlar tayyorlagani, mazkur o'quv yurtlarini bitirib chiqqanlar orasida taniqli din arboblarining borligi, Muftiy Boboxonovlar xalqaro aloqalarni o'rnatish va rivojlantirishga ham e'tibor berganlari, bunda ular, birinchidan, turli musulmon mamlakatlarida o'tkazilgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etib, o'sha davrlarning dolzarb masalalari yuzasidan ma'ruza qilgan bo'lsalar, ikkinchidan, ko'plab din va davlat arboblari bilan aloqa o'rnatganlari, Muftiy Boboxonovlar ishtiroki bilan o'sha davrlarda arab mamlakatlari va islom dini tarqalgan 80 ta davlat bilan mamlakatimiz o'rtasidagi munosabatlar yaxshilanib, diniy aloqalar kengaygani ta'kidlandi.
Ma'naviy-ma'rifiy tadbir davomida keyingi yillarda hukumatimiz ko'magida Muftiy Boboxonovlar sulolasi haqida hujjatli fil'm, ko'rsatuv, kitob, ommabop risola va turkum maqolalar chop etilib, ularning dinimiz, yurtimiz ravnaqi yo'lida qilgan ishlarini keng ommagan targ'ib qilinayotgani, bu esa u zotlarning yorqin xotirasiga hurmat-ehtirom va ularning xayrli amallari doim el yodida ekanligi qayd etildi.
Tadbir so'ngida Ibrohimjon domla Inomov muhtaram mehmonlarga O'zbekiston musulmonlari idorasining esdalik sovg'alarini topshirdi.











O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati