Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Qardoshlik mustahkamlanishi ummat birdamligiga xizmat qilmoqda

11.09.2022   5393   7 min.
Qardoshlik mustahkamlanishi ummat birdamligiga xizmat qilmoqda

Allohga shukrki, tili, dini, an'ana va urf-odatlari bir-biriga o'xshash o'zbek va qozoq xalqlari tarixiy taraqqiyotning barcha yo'nalishlarida o'zaro hurmatda, qavmu qarindosh bo'lib, ko'p asrlar davomida tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. 

Ikki xalq azaldan bir zaminda yashab, bir daryodan suv ichadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'biri bilan aytganda: “O'zbek va qozoq bir-biriga elkadosh bo'lib, ahl-inoq yashab kelgan ildizi bir xalqdir”.

Dinimizda qo'ni-qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlash, yaxshi munosabatda bo'lish targ'ib qilinadi. Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohning huzurida do'stlarning yaxshisi o'z do'stiga yaxshilik qilganidir. Allohning huzurida qo'shnilarning yaxshisi o'z qo'shnisiga yaxshilik qilganidir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo: “Allohga ibodat qiling va unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onalarga yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo'shni-yu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qilinglar)!”, deb bayon etgan (“Niso” surasi, 36-oyat).

Demak, qo'shniga yaxshilik qilish mo'min-musulmon uchun burch. Keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli bunday yaqin qo'shnichilik va o'zaro ishonchga asoslangan munosabatlar tobora mustahkamlanib, aloqalar yangi bosqichga ko'tarildi.

O'zbekiston bilan Qozog'iston o'rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori diniy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz o'rtasidagi birodarlik muhiti yanada yaxshilanmoqda. 

Ikki mamlakat musulmonlari idoralari hamkorliklari tarixiy ildizlari 1943 yilda tashkil etilgan O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasidagi birgalikda olib borilgan faoliyatga borib taqaladi. 

Qozog'istonda mustaqillik yillarida Islom dini ma'rifatini keng yoyish, mo'min-musulmonlar ehtiyojini to'la ta'minlash va masjid-madrasalarni obod etish hamda muborak dinimizni ravnaq toptirish yo'lida juda katta ishlar amalga oshirildi. Hususan, Qozog'iston musulmonlari diniy idorasi faoliyati rivojlanishida o'z vaqtida rahbarlik qilgan Ratbek Hoji Nisanbayevich, Absattar Hoji Derbisali, Yerjan hoji Malgaziyevich Mayamerov, Serikbay hojie Satibaldi o'g'lie Oraz janoblari katta hissa qo'shdilar. Hozirda esa bosh muftiy, Navro'zbay hoji Tag'anuli janoblari boshchiligida ulkan ishlar qilinmoqda.

Alloh taolo Qur'oni karimda O'z diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (“Muhammad” surasi, 7-oyat).

Ta'kidlash joizki, bugungi murakkab sharoitda din peshvolari va Islom ulamolarining hamjihatlikda ishlashlari har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Musulmon ulamolarining o'zaro hamkorligi yuzaga kelayotgan muammolar va qarama-qarshiliklarni echishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Shu ma'noda qardosh xalqlar bilan o'zaro aloqalarni mustahkamlash dinimiz rivojiga turtki beradi, insha Alloh. 2018 yilda Toshkent shahrida O'zbekiston hamda Qozog'iston musulmonlari idorasi o'rtasida hamkorlik bo'yicha memorandum imzolangan edi. Unga ko'ra, Fatvo masalasida, Ramazon oyining boshlanish kuni va ikki hayit bayramlarining birinchi kunini belgilashda doimiy hamkorlik olib borish belgilab qo'yilgan. Bu borada oxirgi besh-olti yilda O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston ulamolari bilan Ramazon oyi, Iydul Fitr va Iydul Azhoning birinchi kuni, namoz vaqtlarini aniqlash hamda shar'iy masalalarda fatvo ishlab chiqishdagi hamkorligimiz o'zining ijobiy samarasini bermoqda.

Shuningdek, memorandumda ziyorat turizmi, diniy ta'lim va diniy tadqiqotlar olib borishda o'zaro tajriba almashish, takliflar asosida xalqaro anjuman, seminar va davra suhbatlarida ishtirok etish qayd etilib, o'tgan davr mobaynida ikki diniy idora o'rtasida ko'p tadbirlar amalga oshirildi.

Hususan, o'tgan 2021 yil va joriy yil davomida ham ikki diniy idora rahbariyatining bir necha bor turli mavzularda uchrashuvlar o'tkazganlari ham qardosh xalqlarning bir-biriga bo'lgan hurmat va ishonchi yanada rivojlanib borayotganidan darak beradi. 2021 yilning noyabr' oyida O'zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Qozog'istonda bo'lib o'tgan “Mustaqil Qozog'iston va Islom qadriyatlari” nomli xalqaro anjumanda ishtirok etib, qardosh xalqlar Islom dini qadriyatlariga katta hissa qo'shganlarini alohida qayd etgan edilar.

Konferentsiya doirasida Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi kamtarona xizmatlarimizni yuqori baholab, yuksak medal bilan taqdirladi. Albatta, bunday e'tirofdan ko'nglimiz tog'dek ko'tarildi. Bu ham ikki qardosh elning bir-biriga bo'lgan do'stligi va yaqinligi belgisidir.

Mazkur tashrif davomida Qozog'iston musulmonlari idorasi raisi, bosh muftiy Navro'zbay hoji Tag'anuli janoblari O'zbekiston bilan Qozog'iston o'rtasidagi hamkorlik diniy-ma'rifiy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz o'rtasidagi birodarlikni yanada mustahkamlanib borayotgani, bu ikki Davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli ekanini alohida ta'kidlab, kelgusida bir qator loyihalarni amalga oshirishni taklif qilgan edilar.

Bunday o'zaro muloqotning uzviy davomi joriy yilning 15 aprel' kuni Istambul shahrida o'tkazilgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig'ilishida ham davom etdi. Unda Qozog'iston musulmonlari idorasi rahbariyati bir qator muhim takliflarni olg'a surar ekan, O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan o'rtaga tashlangan fikr-mulohazalar va takliflarni ham qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Bu ham qardoshlikning muhim jihatlaridandir. 

Shu yil 6 may kuni Turkiston viloyatida “Turkiy xalqlarning islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo'lib o'tdi. Ushbu nufuzli tadbirda O'zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari ishtirok etib, o'z chiqishlarida qardosh xalqlarning o'zaro aloqalarining mustahkamlanib borayotgani diniy soha rivojiga xizmat qilayotganini alohida ta'kidladilar.

2022 yil 6-10 iyun' kunlari Misr Arab Respublikasi muftiysi, professsor Shavqiy Ibrohim Allomning taklifiga binoan Misr Arab Respublikasining bosh vaziri Mustafo Madbuliy janoblari shefe'ligida o'tkazilgan “Diniy ekstremizm. Intellektual asos va uni engish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro konferentsiyada 200 dan ziyod ishtirokchilari qatorida O'zbekiston va Qozog'iston diniy idoralari rahbarlari munosib ishtirok etganlari musulmon olami ulamolarining olqishlariga sazovor bo'ldi.

Shu yil 12 avgust juma kuni Nur-Sulton shahrida bunyod etilgan yirik masjidning ochilish marosimida Misr, Rossiya, Qirg'iziston, Mongoliya kabi davlatlar diniy idora rahbarlari qatori kamina ham ishtirok etib, qo'shni yurtda shunday go'zal, o'ziga xos arxitekturaga ega masjid barpo etilganidan juda ham mamnun bo'ldik. Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan kishilar Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so'rab, duo qilishadi.

 

Nuriddin domla Holiqnazarov, 

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

 

(“AYQIeN” nomli gezataning 2022 yil 9 sentyabrdagi 134-soni va “MUNARA” gazetasining 2022 yil sentyabrdagi 134-soni)

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Yog‘ochli sardoba" – Sirdaryoning turizm salohiyatini ochuvchi noyob yodgorlik

02.05.2025   5181   2 min.

Sirdaryo viloyatida joylashgan tarixiy va madaniy obidalar orasida XVI asrga tegishli "Yog‘ochli sardoba" alohida ahamiyatga ega. Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580 yilda qurilgan mazkur gidrotexnik inshoot nafaqat o‘tmishdan darak beradi, balki hozirgi kunda viloyat turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
 

Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.


– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.


Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.


– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.


“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz. 


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari