Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2026   |   20 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2026, 20 Rajab, 1447

Sunnatning ishonchligi: uning tarixiy jihatlari (13-qism)

02.09.2022   3326   6 min.
Sunnatning ishonchligi: uning tarixiy jihatlari (13-qism)

Ayrimlar sunnatning o'tmishdan ishonchligi ekaniga shubha uyg'otuvchi fitna urug'larini tarqatishga intiladi. Ularning fikricha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlari qadimdan bugungacha barcha zamonlar va xalqlar uchun ahamiyatga ega bo'lsada, ammo ishonchli holda saqlanib qolmagan emish. Ular yana: "Qur'ondan boshqa biror hadis kitobi ishonchli tarzda saqlanib qolmagan. Turli to'plamlarda bir-biriga zid rivoyatlar bor. Qolaversa, ular hijriy III asrdan boshlab yozila boshlagan va biz dastlabki uch asr davomida yozilmagan xabarlarga ishonmaymiz", deyishadi.

Bu da'volarning barchasi asossizdir. Keling, ularni birma-bir tahlil qilib chiqaylik.

Payg'ambarga itoat qilish barcha musulmonlar uchun farz ekanligini tan olib, sunnatga qarshi bo'lganlar bir vaqtning o'zida hadislarni ishonchsiz deb e'lon qiladilar.

Bu qanday mantiqsizlik?! Alloh bizga Payg'ambarga ergashishni buyurgan, lekin amalda buning uchun hech qanday sharoit yaratmaganmi?

Alloh taolo bizga toqatimizdan tashqari biror narsani bajarishga amr qilganmi? Javobi aniq – yo'q.

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qilgan:

﴿لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا

“Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas”(Baqara surasi, 286-oyat).

Alloh taolo asli bo'lmagan yoki nima ekanligi tushunarsiz bo'lgan bir ishni qilishga buyurishini tasavvur qilib bo'lmaydi. Agar Alloh bizga Payg'ambar sunnatiga amal qilishni buyurgan bo'lsa, demak, sunnat ishonchsiz emas va Alloh uni biz uchun ishonchli holda saqlagan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ﴾

“Albatta, zikrni Biz nozil qildik va albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz”(Hijr surasi, 9-oyat).

Alloh taolo bu oyatda Qur'onni saqlashga va'da bermoqda. Bundan Qur'on biror o'zgartirishsiz, buzilmagan holda avloddan-avlodga asl holatda saqlanib qolishi ma'lum bo'ladi.

Endi o'zimizga-o'zimiz “Bu ilohiy saqlash faqatgina Qur'on oyatlari bilan chegaralanganmi yoki ayni vaqtda uning haqiqiy ma'nolariga ham tegishlimi?” degan savolni beraylik.

Agar yuqorida isbotlangani kabi Qur'onni to'g'ri tushunish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sharhlari zarur bo'lsa, unda bu sharhlar ham saqlanmasdan faqat Qur'on lafzlarining o'zi saqlansa maqsadga qanchalik xizmat qila oladi?

Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿بِالْبَيِّنَاتِ وَالزُّبُرِ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ﴾

“Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o'zlariga bayon qilib berishing uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar”(Nahl surasi, 44-oyat).

Insonlar Qur'oni karim oyatlaridan faqatgina Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sharhlashlaridan foydalana oladilar. Shuning uchun ham, Alloh taolo Qur'onni o'zgarishsiz qoldirgan, uni Payg'ambarimiz tomonidan noto'g'ri sharhlash va izohlashga yo'l qo'ymagan. Rasulullohning sharhlashlari ham ilohiy himoyada va uni hech kim o'zgartira olmaydi.

Shuning uchun, agar kimdir Payg'ambar tomonidan Qur'oni karimni sharhlash zarurligini tan olsa, ammo bu sharhlashlar bugungi kunda mavjud emas deb aytsa mantiqsizlikdir. Yana bu ilohiy hikmatning inkor qilishga teng bo'ladi. Agar Yaratuvchi sunnatni zarur degan bo'lsa, U uning saqlanishini ham ta'minlaydi.

Shuning uchun, ilohiy qonunni to'g'ri tushunish uchun zarur bo'lgan Payg'ambarimizning sunnatlari doimo o'zgarishsiz qoladi. Sunnatning sahihligi haqidagi barcha e'tirozlarni faqat shu sabab bilan rad etish mumkin.

Shunga qaramay, ummatning Payg'ambarimiz sunnatini saqlab qolish uchun ko'rgan choralari haqida qisqacha ma'lumot berishni lozim deb bilamiz.

Bu erda keltiradigan ma'lumotlarimiz keng qamrovli emas. Yagona maqsad – ba'zi asosiy dalillarni ajratib ko'rsatish, ularning ob'ektiv tahlili orqali sunnatning haqiqiyligi to'g'risida xulosa chiqarish imkonini berish.

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

 

1-qism2-qism3-qism4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism8-qism9-qism10-qism11-qism, 12-qism, Davomi bor...

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI (2-qism)

07.01.2026   5392   18 min.
SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI (2-qism)

Faqat ASOSIYLARIni sanab o‘tamiz. (Maqola 5 qismdan iborat)

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:

 

  • Tilni tiygan boy bo‘lar.

 

  • Katta tishlasang ham, katta gapirma!

 

  • So‘z ko‘rki — maqol.

 

  • Yetti o‘ylab, bir kes.

 

  • Oldin o‘yla, keyin so‘yla.

 

  • Dunyoni yel buzar,
    Odamni — so‘z.

 

  • Aytdim — tutildim,

Aytmadim — qutuldim.

 

  • Gapirganing — kumush,

Gapirmaganing — oltin.

 

  • Til suyaksiz bo‘lsa ham, suyakni yanchiy olar.

 

  • Yomon til yo jonga urar,
    Yo — imonga.

 

  • Sukut so‘zdan afzal.

 

  • Ko‘p gap — eshakka yuk.

 

  • Ariqni suv bezar,
    Odamni — so‘z.

 

  • Yomon so‘z egasiga qaytar.

 

  • Aytar so‘zni ayt,
    Aytmas so‘zdan qayt.

 

  • Aytilgan so‘z — otilgan o‘q.

 

  • Gapning ozi yaxshi,
    Qizning — nozi.

 

  • Gapning qisqasi — yaxshi,
    Qisqasidan hissasi — yaxshi.

 

  • Sukut — gul.

 

  • Anjom — uy ziynati,
    So‘z — inson ziynati.

 

  • Achchiq savol berib,
    Shirin javob kutma.

 

  • Yaxshi so‘z kuldirar,
    Yomon so‘z o‘ldirar.

 

  • Suydirgan ham til,
    Kuydirgan ham til.

 

  • Achchiq til — zahri ilon,
    Chuchuk tilga — jon qurbon.

 

  •  O‘ziga boqma, so‘ziga boq.

 

  • «Barakalla»ga quyi mehnat qilib o‘lar.

 

  • Bir tavakkal buzadi,
    Ming qayg‘uning qal’asin.

Bir shirin so‘z bitkazar,
Ming ko‘ngilning yarasin.

 

  • Bir yaxshi gap esdan chiqmas,
    Bir — yomon gap.

 

  • Birovning o‘zi g‘ar,
    Birovning so‘zi g‘ar.

 

  • Bug‘doy noning bo‘lmasin,
    Bug‘doy so‘zing bo‘lsin.

 

  • Gapda g‘iybat yomon,
    Dardda — quyonchiq.

 

  • Gapdan gap chiqar,
    Cho‘pdan — xas.

 

  • Gapi gapga o‘xshamas,
    Og‘zi gapdan bo‘shamas.

 

  • Gapi sassiqning o‘zi sassiq.

 

  • Gapi to‘mtoqning o‘zi to‘mtoq.

 

  • Gapi to‘ngning o‘zi to‘ng.

 

  • Gapning yomoni pichir.

 

  • Go‘sht-yog‘ berma, yaxshi til ber.

 

  • Donning achchig‘i yaxshi,
    So‘zning — shirini.

 

  • Duo bilan el ko‘karar,
    Yomg‘ir bilan yer ko‘karar.

 

  • Duo olgan ko‘karar,
    Tuhmat olgan oqarar.

 

  • Duo olgan omondir,
    Qarg‘ish olgan yomondir.

 

  • Yomon gap — bosh qozig‘i,
    Yaxshi gap — jon ozig‘i.

 

  • Yomon gap yer tagida uch yil yotar.

 

  • Yomon gap tarsakidan yomon.

 

  • Yomon gapning oyog‘i olti.

 

  • Yomon so‘z bo‘lmasa,
    Yaxshi so‘z bo‘lmaydi.

 

  • Yomon so‘zlab sovutma,
    Jon og‘ritib ovutma.

 

  • Yomon so‘zning qanoti bor.

 

  • Yomonning tili bor,
    Yaxshining — dili.

 

  • Yomonning yuzi qursin,
    Gapirgan so‘zi qursin.

 

  • Yomonning yaxshi so‘zidan,
    Yaxshining yomon so‘zi yaxshi.

 

  • Jig‘li qarg‘ish jig‘ini topar,
    Jig‘siz qarg‘ish — o‘zini.

 

  • Zahar til suyakni yorar.

 

  • Iliq so‘z — shakar,
    Sovuq so‘z — zahar.

 

  • Issiq kiyim tanni ilitar,
    Issiq so‘z jonni ilitar.

 

  • Kishining o‘zi yetmagan yerga so‘zi yetar.

 

  • Kuch egmaganni so‘z egar.

 

  • Ko‘zdan ko‘zing toysa,
    So‘zdan ko‘ngling toyar.

 

  • Ko‘ngilni qo‘l bilan ovlamasang,
    Til bilan ovla.

 

  • Ko‘ngilsiz gapning kechikkani yaxshi.

 

  • Mazali so‘zga quloq charchamas.

 

  • Ma’qul so‘zga qoruv yo‘q.

 

  • Ming chechanni bir ezma yengar.

 

  • Muzdan suv tomar,
    So‘zamoldan — bol.

 

  • Ovni — oziq bilan,
    Odamni — so‘z bilan.

 

  • Ovqatni tuz mazali qilar,
    Odamni — so‘z.

 

  • Odam gap bilan,
    Hayvon o‘t bilan.

 

  • Odam so‘zi bilan sinalar,
    Osh — tuzi bilan.

 

  • Odam — so‘zlashguncha,
    Yilqi — kishnashguncha.

 

  • Odam so‘zlashib tanishar,
    Hayvon — hidlashib.

 

  • Odam so‘zlashar,
    Hayvon yalashar.

 

  • Olim so‘zi oz,
    Oz bo‘lsa ham soz.

 

  • Orqadagi gap — og‘ildagi tezak.

 

  • Ochiq til osh yedirar,
    Achchiq til tosh yedirar.

 

  • Oq degani — olqish,
    Qora degani — qarg‘ish.

 

  • Og‘izga kelgan so‘z arzon,
    Ovulga kelgan bo‘z arzon.

 

  • Og‘izdan chiqqan so‘z qaytmas.

 

  • Og‘rigan joyga qo‘l yugurar,
    Og‘ritar so‘zga til yugurar.

 

  • Pichir-pichirdan o‘t chiqar.

 

  • Puling bo‘lmasa, bo‘lmasin,
    Shirin so‘zing bo‘lsin.

 

  • Sabr qilgan moy oshar,
    Olqish olgan ko‘p yashar.

 

  • Sen ham — bir og‘izdan,
    Siz — ham.

 

  • Sovuq gap yurakni muzlatar.

 

  • Suv o‘z yo‘lini topar,
    So‘z — o‘z egasini.

 

  • Suyaksiz til suyak sindirar.

 

  • So‘z — bir, sayqal — qirq.

 

  • So‘z kaltada,
    Un xaltada.

 

  • So‘z nayzadan o‘tkir.

 

  • So‘z oyoqdan ilgari borar.

 

  • So‘z ojizi bo‘lguncha,
    Ko‘z ojizi bo‘l.

 

  • So‘z suyakdan o‘tar,
    Tayoq — etdan.

 

  • So‘z chumchuq emas,
    Og‘izdan chiqsa, tutib bo‘lmas.

 

  • So‘z emgak bo‘lar,
    Bo‘z — ko‘ylak.

 

  • So‘zda qanquv yomon,
    Dardda — sanchuv.

 

  • So‘zdan so‘zning farqi bor,
    O‘ttiz ikki narxi bor.

 

  • So‘zdan so‘z chiqar,
    So‘zlamasang na chiqar.

 

  • So‘zi nodurustning o‘zi nodurust.

 

  • So‘zlagandan so‘zlamagan yaxshiroq,
    So‘zlab edim, boshimga tegdi tayoq.

 

  • So‘zni bir ezmadan so‘ra,
    Bir — kezmadan.

 

  • So‘zni so‘z ochar.

 

  • So‘zning boyligi — odamning chiroyligi.

 

  • So‘zning yomoni — sanchiq,
    Dardning yomoni — quyonchiq.

 

  • So‘zning onasi — quloq,
    Suvning onasi — buloq.

 

  • Tayog‘i yo‘g‘on birni urar,
    So‘zi yo‘g‘on mingni urar.

 

  • Tanballik — kulfat,
    Mahmadanalik — ofat.

 

  • Taom lazzati o‘zida.
    Odam lazzati — so‘zida.

 

  • Til — aql bezagi.

 

  • Til — aql tarozusi.

 

  • Til — aql o‘lchovi.

 

  • Til bor, bol keltirar,
    Til bor, balo keltirar.

 

  • Til — dil kaliti.

 

  • Til — dil tarjimoni.

 

  • Til — dil jarchisi.

 

  • Til tig‘i qilich tig‘idan o‘tkir.

 

  • Til yugurigi — boshga,
    Oyoq yugurigi — oshga.

 

  • Til yaxshisi bor etar,
    Til yomoni xor etar.

 

  • Til tig‘dan o‘tkir.

 

  • Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz.

 

  • Tilga e’tibor — elga e’tibor.

 

  • Tilga ehtiyot — elga ehtiyot.

 

  • Tili nopok — o‘zi nopok.

 

  • Tili shirinning do‘sti ko‘p.

 

  • Tilni bog‘la dil bilan,
    Dilni bog‘la til bilan.

 

  • Tig‘ jarohati bitar,
    Til jarohati bitmas.

 

  • Toza suvni yer olar,
    Yaxshi so‘zni el olar.

 

  • Tuzsiz oshning epi oson,
    Tuzsiz gapning epi qiyin.

 

  • To‘qson og‘iz so‘zning to‘qsonta tuguni bor.

 

  • Uzun til — boshga to‘qmoq,
    Bo‘yinga — sirtmoq.

 

  • Uzun til — umr zavoli.

 

  • Uzun tilim — uzgin tilim,
    Qisqa tilim — tizgin tilim.

 

  • Fil ko‘tarmaganni til ko‘tarar.

 

  • Xabar — shamoldan tez.

 

  • Xotin so‘zini qondirar,
    Er urug‘idan tondirar.

 

  • Xushxabarning ming qanoti bor.

 

  • Chin so‘z — mo‘tabar,
    Yaxshi so‘z — muxtasar.

 

  • Shakar ham tilda,
    Zahar ham tilda.

 

  • Shirin so‘z shakardan shirin.

 

  • Shirin so‘z o‘likni ham tiriltirar.

 

  • Shirin so‘z — qaymoqli ayron,
    Achchiq so‘z — bo‘yniga arqon.

 

  • Shirin-shirin so‘zlasang,
    Ilon inidan chiqar.

Achchiq-achchiq so‘zlasang,
Musulmon dinidan chiqar.

 

  • Shirin yuzingdan shirin so‘zing a’lo.

 

  • Egasiz qarg‘ish egasini topar.

 

  • El bor yerda so‘z bor.

 

  • El qo‘shiq bilan tirik.

 

  • El g‘aznasi — eski so‘z.

 

  • Eldagi gap — dildagi gap.

 

  • Elli(k) gapdan belli gap yaxshi.

 

  • Elni sevsang, elcha gapir.

 

  • Er boyligi — yo‘lda,
    So‘z boyligi — tilda.

 

  • Er — lafzidan,
    Qo‘y — bo‘g‘zidan.

 

  • Er so‘zi — el so‘zi.

 

  • Etigi yomon to‘r bulg‘ar,
    Og‘zi yomon — el.

 

  • Yuz yuzdan shirin,
    So‘z so‘zdan shirin.

 

  • Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar,
    Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.

 

  • Yaxshi gapga quloq sol,
    Yomon gapga uloq sol.

 

  • Yaxshi gapning ham qulog‘i bor,
    Yomon gapning — ham.

 

  • Yaxshi naql — tomiri aql.

 

  • Yaxshi osh berguncha, yaxshi so‘z ber.

 

  • Yaxshi og‘izga — osh,
    Yomon og‘izga — tosh.

 

  • Yaxshi so‘z boldan shirin.

 

  • Yaxshi so‘z bo‘ldiradi,
    Yomon so‘z kuydiradi.

 

  • Yaxshi so‘z iydirar,
    Yomon so‘z bezdirar.

 

  • Yaxshi so‘z — ko‘ngil podshosi.

 

  • Yaxshi so‘z suyuntirar,
    Yomon so‘z kuyuntirar.

 

  • Yaxshi so‘z — yurak yog‘i,
    Yomon so‘z — yurak dog‘i.

 

  • Yaxshi so‘z — yurakka malham,
    Yomon so‘z — yurakka g‘am.

 

  • Yaxshi so‘zga uchar qushlar el bo‘lar,
    Yomon so‘zga pashsha kuchi fil bo‘lar.

 

  • Yaxshi so‘zdan — vafo,
    Yomon so‘zdan — vabo.

 

  • Yaxshi so‘zdan moy eriydi,
    Yomon so‘zdan soy quriydi.

 

  • Yaxshi so‘zning mazasini bilmagan,
    Yomon so‘zning izzasini bilmas.

 

  • Yaxshining so‘zi — oltin,
    Yomonning so‘zi — bolta.

 

  • Yaxshining so‘zi toshni eritar,
    Yomonning so‘zi boshni chiritar.

 

  • Yaxshining so‘zi — qaymoq,
    Yomonning so‘zi — to‘qmoq.

 

  • Yaxshi-yaxshi desa,
    Kunda tariqday yaxshilik qo‘shilar emish.

Yomon-yomon desa,
Kunda tariqday yomonlik qo‘shilar emish.

 

  • O‘z aqling aqldir,
    Elning aqli naqldir.

 

  • O‘zi sovuqning — so‘zi sovuq.

 

  • O‘n og‘iz so‘z ming og‘iz bo‘lar.

 

  • O‘tarchining nashtari yeng ichida,
    Zahar xotin nashtari til uchida.

 

  • O‘ttiz tishdan chiqqan so‘z,
    O‘ttiz uruqqa tarqalar.

 

  • O‘q birni o‘ldirar,
    So‘z — mingni.

 

  • Qarg‘ishning ikki uchi bo‘lar.

 

  • Qattiq gap qarindoshga ham yoqmas.

 

  • Qizil tilim bo‘lmasa,
    Qishlar edim elimda.

Yashil tilim bo‘lmasa,
Yayrar edim elimda.

 

  • Qizil tilim tiyolmadim,
    Qizimnikiga borolmadim.

 

  • Quruq so‘z bosh og‘ritar,
    Yoriq qoshiq og‘iz yirtar.

 

  • Qo‘yning qimmati — yungida,
    Odamning qimmati — so‘zida.

 

  • Sevdirgan ham til,
    Bezdirgan ham til.

 

  • Sel ariqni buzar,
    Yomon so‘z — dilni.

 

  • Quloqdan kirgan sovuq so‘z
    Ko‘ngilga borib muz bo‘lar.

 

  • Qo‘tir qo‘ldan yuqar,
    Balo — tildan.

 

  • Do‘st orttiraman desang,
    Shirin suhbat qil!

Dushman orttiraman desang,
Chaqirtikan bo‘l!

 

  • Har kim o‘z tili bilan tirik.

 

  • Yaxshiga qilsang yaxshilik –

Ham aytadi, ham qaytadi.

Yomonga qilsang yaxshilik –

Na aytadi, na qaytadi.

 

  • Yaxshi so‘z to‘rga eltar,
    Yomon so‘z — go‘rga.

 

  • Har mevaning po‘chog‘i bor,
    Har so‘zning o‘lchovi bor.

 

  • Shirinso‘z shoh kosasida suv ichar.

 

  • Hikmat — bir hovuch oltin.

 

  • Oz gapir — soz gapir.

 

  • Yo‘l quvgan xazinaga yo‘liqar,
    So‘z quvgan — baloga.

 

  • Tuya ham muomalaga cho‘kar.

 

  • Tilingda bo‘lsa boling,
    Kulib turar iqboling.

 

  • Yaxshi so‘z qand yedirar,
    Yomon so‘z pand yedirar.

 

  • Yomon til boshga balo keltirar,
    Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.

 

                   Ibrohimjon domla Inomov.

Maqolalar