Bundan 10 yil oldin ish boshlagan Melburn Islom kolleji Tarneyt shahridagi eng muvaffaqiyatli ta'lim muassasalaridan biriga aylandi. Bu haqda islam.ru ma'lum qildi.
Mazkur nodavlat ta'lim muassasasida 1500 ga yaqin o'quvchi ta'lim oladi. Ularning soni yildan yilga o'sib borishini inobatga olib, kollej ma'muriyati yangi boshlang'ich maktab kampusini ochishni rejalashtirmoqda.
Kelgusida kollej darslarni kengaytirish bilan bir qatorda, 11 va 12-sinflarda xalqaro bakalavr darajasini ham taklif qila boshladi, natijada o'rta maktab o'quvchilarining uchdan bir qismi bu yo'lni tanlamoqda.
Kollej direktori doktor Abdul Qamariddin ta'lim muassasasi haqida bunday deydi: “Biz akademik maktabmiz. Bu bizning birinchi tayanch ustunimizdir. Ikkinchisi esa imondir, ya'ni talabalarimiz avstraliyalik musulmonlar bilan faxrlanishlarini va o'zligini yo'qotmasliklarini istaymiz. Kollejning uchinchi ustuni bo'lsa, xulq-atvor va farovonlikdir”, deya ta'kidladi Qamariddin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.
“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.
“Tarviya” – “tafakkur” ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.
Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.
Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.
Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.
Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).
Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.
Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..
Davron NURMUHAMMAD