O'tayotgan har bir kun bizni eng ulug', eng aziz bayram O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqiligining 31 yillik shodiyonalariga tobora yaqinlashtirmoqda. Mustaqillik – ulug' ne'mat, barcha orzu-havaslarimizning ro'yobga chiqishida muhim omil. Shu bois biz bu ulug' ne'matni qadrlaymiz, e'zozlaymiz, ko'zlarimizga to'tiyo aylaymiz.
Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilatlardan ekani ko'p zikr etiladi. Bu haqda: "Vatanni sevmoq imondandir" deyilgan hikmatni esga olish kifoya. Vatanni sevish insonga xos tabiiy tuyg'u bo'lgani uchun islom uni imonning bir bo'lagi deb qaraydi. Mashhur sahobalardan Bilol roziyallohu anhu Madinaga hijrat qilib, o'zlarining aziz va muqaddas diyorlarini eslab she'rlar o'qirdi. Bu ham, albatta, har bir insonning qalbida Vataniga, tug'ilib o'sgan diyoriga muhabbatli bo'lishi tabiiy ekanini anglatadi.
Imom Buxoriy “Sahihi Buxoriy” asarida keltirgan bir hadisda bunday deyiladi: «Oysha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida, Abu Bakr bilan Bilol roziyallohu anhumo isitmalab qolishdi. Men ularning huzuriga kirib: “Ey otajon, ey Bilol, o'zingizni qanday his qilmoqdasiz?" deb so'radim.
Abu Bakr roziyallohu anhu isitma kuchayganda:
Uyimda bo'lsaydim jon chiqar mahal,
Poyabzal ipidin yaqindir ajal, - der edi.
Bilol roziyallohu anhu esa yig'lab:
Taqdirim ne erur, bilmasman, e voh,
Boshimga ajaldan kelurmu sipoh?
Bir kecha bo'lsa ham, ona vodiyim,
Qo'ynida yotsaydim, mehribon Alloh!
Qonib ichsam erdim, shaffof suvlarin,
Qaniydi, tashlasam, unga bir nigoh! – der edi.
Men bu haqda janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga borib aytganimda, U zot: “Yo Alloh! Bizga Madinani Makka singari yoqimli, undan ham ortiqroq etgil! Yo Alloh, uning toshu tarozisiga baraka ato etgil, uni (ahlini) hamisha bardamu sog'lom qil, mana bularning bezgagini esa Juhfaga ko'chirgil!” – dedilar».
Ikki ulug' sahoba – Abu Bakr Siddiq va Bilol roziyallohu anhumo ham Payg'ambarimiz bilan birga saodat asrida yashab, kundalik nozil bo'layotgan vahiydan bahramand bo'lishdek baxtga muyassar bo'lsalar-da, o'z tug'ilib o'sgan Vatan sog'inchida yashaganlar.
Buyuk shoir va sarkarda, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti ham Vatanni qadrini anglashga yorqin misol bo'la oladi. O'z davrining yirik va qudratli davlatlaridan biri Hindistondek mamlakat hukmdori bo'la turib, bir umr Andijonni, so'lim Farg'onani, bobokalonlaridan meros Samarqandni qo'msab o'tadi, ijodining salmoqli qismida Vatan sog'inchi ufurib turadi.
Alixonto'ra Sog'uniy “Vatan va ilm yoki etti yulduz” nomli she'rida quyidagilarni bayon qiladi:
Eshit endi Vatan o'g'li, mendin nasihat,
Qabul qilsang kelur boshinga davlat.
Vatan asli seningdur O'zbekiston,
O'g'izdin qolmish erdi bu guliston.
Vatan ahli Vatan merosxo'ridir,
Otodin qolsa mol farzandnikidir.
Onodur bu Vatan ahlini so'rsang,
Seni tug'mush budur yaxshi tushunsang.
Chiqarmish senuchun turli emishlar,
Ko'tarmish elkasida yozu qishlar.
Tiriklar bu Vatan bo'yniga mingay.
O'liklar ham oning qo'yniga kirgay.
Vatanni do'st tutish imondin ermish,
Oningchun Haq rasulidin naql bo'lmish.
Vatanni sevmaganlar bizdan ermas,
Buni kim bilmasa, imonga kirmas.
Bizga har jayuhada ota-bobolarimiz ibrat bo'lishgan. Misol uchun, Najmiddin Kubro zamonasining yirik allomalaridan, minglab muridlarga ega bo'lgan tariqat peshvosi mo'g'ullar bostirib kirganidan xabar topgach, birinchilardan bo'lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo'g'ul hukmdorlar Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro'-e'tiborini ko'rib, unga shaharni tashlab, o'zi ixtiyor qilgan tarafga ketishni taklif qiladi. Vatanni o'z jonidan ustun bilgan shayx bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va tug' ko'tarib, lashkarni olg'a chorlab borayotgan holatda shahid bo'ladi. U zot tug'ni shunchalar jon-jahdi bilan ushlagan ediki, bayroqni qo'llarini kesibgina olishga muvaffaq bo'lishadi.
Hulosa qilib aytganda. Shu muqaddas Vatanda el aziz, inson aziz. Vatanimiz bizni, elimizga sharaflayaptimi, demak, biz ham shunga munosib bo'lishimiz kerak.
Jasurbek domla RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi