Kitob arabistonlik taniqli jurnalist, yozuvchi, ajdodlari asli Farg'ona vodiysining Qo'qon shahridan bo'lgan Abdulaziz Muhammadamin Qosim tomonidan yozilgan.
U 2019 yil noyabr'-dekabr' oylarida ota-bobolari yurti – O'zbekistonga safar qilib, mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgan, milliy urf-odatlar bilan yaqindan tanishib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgan.
Buning natijasida O'zbekistonning tarixi, iqtisodiyoti, jo'g'rofiy joylashuvi, etnografiyasi, milliy o'ziga xosligi va millatlararo munosabatlari, xalqaro aloqalari, o'zbek xalqining madaniyati, urf-odat va an'analari atroflicha yoritilgan asar dunyoga keldi. Muallif mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, unda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik muhiti, Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tashqi va ichki siyosat, O'zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlarni atroflicha qalamga olgan. Har bir bo'lim buyuk va mashhur mutafakkirlar, shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, jamoat arboblari ijodidan iqtiboslar bilan yakunlanadi. Kitob sahifalaridan Qur'on oyatlari va hadislar ham o'rin olgan.
Muallif jahon tsivilizatsiyasi, jumladan, Islom olami rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ulug' ajdodlarimiz hayotini atroflicha tasvirlab bergan.
“Kitobni o'qir ekansiz, jahonga Islom tsivilizatsiyasining qator alloma va namoyandalarini taqdim etgan, tarixda o'chmas iz qoldirgan, adog'i yo'q muvaffaqiyatlarga erishgan, tarixi bugungi kunga qadar muhrlanib qolgan ko'hna bir xalqning buyuk tarixiga shohid bo'lasiz. Shu o'rinda aytib o'tish joizki, biz bu ulug' yurtda yashab ijod qilgan, shuhrati olis-olis ufqlarni zabt etgan allomalardan ayrimlarining nomlarini, afsuski, hanuzgacha eshitmagan ekanmiz, holbuki G'arbda bu siymolarga katta qiziqish bilan qarashmoqda, insoniyat madaniyati rivojiga ularning qo'shgan hissasi hamda ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ixtiro va asarlari e'tirofi o'laroq, yulduz va sayyoralar ularning ismi bilan atalmoqda”, deb yozadi muallif.
Shu bilan birga, kitobda mamlakatimiz tarixi, O'zbekistonning mustaqil taraqqiyoti yo'lida erishilgan muvaffaqiyatlariga oid muhim ma'lumotlar keltirilgan.
Muallif o'tgan asr boshlarida katta qiyinchiliklar bilan bir qancha davlatlar orqali Podshohlikka kelib, joylashib qolgan, an'anaviy ravishda “Buxoroliklar” deb ataladigan vatandoshlarimizning bugungi avlodlari haqida ham so'z yuritgan.
Abdulaziz Muhammadamin Qosim o'z taassurotlari va hikoyalarini sarhisob qilar ekan, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy rivoji, ikki davlatning turli yo'nalishlardagi, jumladan, diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorligi, o'zbekistonliklarning Haj va Umra ziyoratlari amallarini bajarish uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida ham to'xtalgan.
“Hotima o'rnida shuni ishonch bilan aytamanki, O'zbekistonga uyushtirgan safarlarim davomida bu yurtda ko'rganlarim men uchun O'zbekistonning Markaziy Osiyoda tutgan mavqei, elining himmati, aql-zakovati va ulug'vor o'tmishi tufayli ildamlab borayotgan, yaqin kelajakda ulkan sha'nu shavkatga sazovor davlat darajasiga qadar yuksalishini bot-bot ta'kidlashim uchun asos bo'ladi”, deb yozadi Abdulaziz Muhammadamin Qosim.
Bir so'z bilan aytganda, ushbu kitob Saudiya Arabistonidagi yirik o'zbek diasporasi vakillariga o'z ajdodlari Vatanining tarixi va zamonaviy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi. Shuningdek, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni xalqlari o'rtasidagi birodarlik, do'stlik va hamkorlik rishtalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O'zA
Shu yil 13 iyun kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Diniy idora rais o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ta’lim bo‘limi xodimi Elyor Alimqulov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, faxriy ustozlar, ota-onalar va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Dastlab tadbirni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Ma’murjon Erkayev kirish so‘zi bilan ochish barobarida bitiruvchilarning 4 yil davomida erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov o‘z nutqida “Islomda ta’limning mohiyati” va “Yurtimizda ta’lim-tarbiyaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar" mavzusida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘ngra O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilar, ularning ustoz va yaqinlarini tabrikladi.
Mazkur tadbirda jami 250 nafarga yaqin mehmon qatnashdi. Tadbir so‘ngida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tasarrufidagi “Vaqf” hayriya jamoat fondi tarafidan 11 nafar bilim yurti mudarrisi taqdirlandi. “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurti tarafidan esa 21 nafar talabaga yil sarhisobi bo‘yicha maqtov yorliqlari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida 2024-2025 o‘quv yilida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurtini jami 72 nafar bitiruvchi tamomladi. Shuningdek, ta’lim muassasasida 16 iyundan boshlab ikki hafta mobaynida yakuniy imtihonlar o‘tkaziladi.
Tadbiri yakunida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimiz rivoji va xalqimiz ravnaqini tilab xayrli duolar qilib berdi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi