Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Saudiya Arabistonida “O'zbekiston – mutafakkirlar mamlakati. Imom Buxoriy Vataniga sayohat” nomli kitob nashrdan chiqdi

16.08.2022   934   3 min.
Saudiya Arabistonida “O'zbekiston – mutafakkirlar mamlakati. Imom Buxoriy Vataniga sayohat” nomli kitob nashrdan chiqdi

Kitob arabistonlik taniqli jurnalist, yozuvchi, ajdodlari asli Farg'ona vodiysining Qo'qon shahridan bo'lgan Abdulaziz Muhammadamin Qosim tomonidan yozilgan. 

U 2019 yil noyabr'-dekabr' oylarida ota-bobolari yurti – O'zbekistonga safar qilib, mamlakatimizning barcha hududlarida bo'lgan, milliy urf-odatlar bilan yaqindan tanishib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgan. 

Buning natijasida O'zbekistonning tarixi, iqtisodiyoti, jo'g'rofiy joylashuvi, etnografiyasi, milliy o'ziga xosligi va millatlararo munosabatlari, xalqaro aloqalari, o'zbek xalqining madaniyati, urf-odat va an'analari atroflicha yoritilgan asar dunyoga keldi. Muallif mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, unda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik muhiti, Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tashqi va ichki siyosat, O'zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlarni atroflicha qalamga olgan. Har bir bo'lim buyuk va mashhur mutafakkirlar, shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, jamoat arboblari ijodidan iqtiboslar bilan yakunlanadi. Kitob sahifalaridan Qur'on oyatlari va hadislar ham o'rin olgan. 

Muallif jahon tsivilizatsiyasi, jumladan, Islom olami rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ulug' ajdodlarimiz hayotini atroflicha tasvirlab bergan. 

“Kitobni o'qir ekansiz, jahonga Islom tsivilizatsiyasining qator alloma va namoyandalarini taqdim etgan, tarixda o'chmas iz qoldirgan, adog'i yo'q muvaffaqiyatlarga erishgan, tarixi bugungi kunga qadar muhrlanib qolgan ko'hna bir xalqning buyuk tarixiga shohid bo'lasiz. Shu o'rinda aytib o'tish joizki, biz bu ulug' yurtda yashab ijod qilgan, shuhrati olis-olis ufqlarni zabt etgan allomalardan ayrimlarining nomlarini, afsuski,  hanuzgacha eshitmagan ekanmiz, holbuki G'arbda bu siymolarga katta qiziqish bilan qarashmoqda, insoniyat madaniyati rivojiga ularning qo'shgan hissasi hamda ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ixtiro va asarlari e'tirofi o'laroq, yulduz va sayyoralar ularning ismi  bilan atalmoqda”, deb yozadi muallif. 

Shu bilan birga, kitobda mamlakatimiz tarixi, O'zbekistonning mustaqil taraqqiyoti yo'lida erishilgan muvaffaqiyatlariga oid muhim ma'lumotlar keltirilgan. 

Muallif o'tgan asr boshlarida katta qiyinchiliklar bilan bir qancha davlatlar orqali Podshohlikka kelib, joylashib qolgan, an'anaviy ravishda “Buxoroliklar” deb ataladigan vatandoshlarimizning bugungi avlodlari haqida ham so'z yuritgan. 

Abdulaziz Muhammadamin Qosim o'z taassurotlari va hikoyalarini sarhisob qilar ekan, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy rivoji, ikki davlatning turli yo'nalishlardagi, jumladan, diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorligi, o'zbekistonliklarning Haj va Umra ziyoratlari amallarini bajarish uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida ham to'xtalgan. 
“Hotima o'rnida shuni ishonch bilan aytamanki, O'zbekistonga uyushtirgan safarlarim davomida bu yurtda ko'rganlarim men uchun O'zbekistonning Markaziy Osiyoda tutgan mavqei, elining himmati, aql-zakovati va ulug'vor o'tmishi tufayli ildamlab borayotgan, yaqin kelajakda ulkan sha'nu shavkatga sazovor davlat darajasiga qadar yuksalishini bot-bot ta'kidlashim uchun asos bo'ladi”, deb yozadi Abdulaziz Muhammadamin Qosim. 

Bir so'z bilan aytganda, ushbu kitob Saudiya Arabistonidagi yirik o'zbek diasporasi vakillariga o'z ajdodlari Vatanining tarixi va zamonaviy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi. Shuningdek, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni xalqlari o'rtasidagi birodarlik, do'stlik va hamkorlik rishtalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

O'zA

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Osoyishtalik siri

17.06.2025   5769   1 min.
Osoyishtalik siri

Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga: 
 

– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi. 
 

Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan  oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi. 
 

Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.


Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati). 
 

Mana, osoyishtalik siri nimada ekan! 

Akbarshoh Rasulov

 

Ibratli hikoyalar