Shom vaqti. Derazadan tashqariga nazar solar ekanman, ko'chada yosh bolalarini olib, sayrga chiqqan kelinlarga ko'zim tushadi. Shom bo'lgani bois ko'chada chopayotgan bolalarning bir-biri bilan urushishi, yiqilib lat egani bois yig'i ovozlari eshitilib turadi.
Bolalik chog'larimizda buvim rahmatlikning bot-bot qaytaradigan gaplari bo'lardi. “Shomda ko'chaga chiqmanglar, jinlar ko'payadigan vaqt”. Shu gaplari ta'sir qilganidan bo'lsa kerak, sal qorong'u tushishi bilan uylarimizga chopar edik.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Idishlaringiz ustini yopinglar, qopning og'zini bog'langlar, eshiklarni qulflang, kech kirganida bolalaringizni qaytaring. Sababi, (bu paytda) jinlarning tarqalishi va tez harakatlanishi bor. Yotishdan oldin chiroqlarni o'chiring. Sababi sichqon pilikni olib, xonadon sohiblarini yoqib yuborishi mumkin” (Buxoriy, Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Bu rivoyatda bir qancha foydali maslahatlar berilmoqda. Jumladan, idishlar ustini ochiq qoldirmaslik, qopning og'zini bog'lash va kech kirganda bolalarni ko'chaga chiqarmaslik va shomdan keyin tashqari eshikni qulflash, yotishdan oldin shamni o'chirish ta'kidlanmoqda.
“Shomdan keyin ko'chaga chiqib bo'lmaydi”, degan gap mana shu hadisga asoslanib aytilgan bo'lsa, ajab emas. Bu gaplarning asosi bor. Sababi shom paytida jinlar er yuzi bo'ylab tarqaladi. Bu paytda jinlar ko'chada yurgan bolalarga ziyon etkazib qo'yishi mumkin.
Hozirgi vaqtda xastaliklarning turi ko'payib ketgan. Ammo har doim ham kasallikning kelib chiqishiga asosiy omil qilib ekologiyani ro'kach qilishimiz noo'rin.
Mahalla kelinlaridan eshitib qolaman: “Bolam kechasi shaytonlab chiqyapti, tez-tez kasal bo'ladi”. Endi mulohaza qilib ko'raylik, hamma xastalik ham dori-darmon bilan tuzalavermagach, bolalarning sog'ligini tiklash uchun, ularning ruhiyati bilan ham hisoblashishimiz zarur.
Shifokorlar har qanday kasallikda gigiyenaga jiddiy e'tibor berishni ta'kidlashadi. Islom dinida Qur'oni karim, Nabaviy ta'limotlarida poklikka targ'ib qilinadi. Shuning uchun ham emizikli bolasi bor bo'lgan ayollarga doimo tahorat bilan bolani emizish, emizish vaqtida Qur'on oyatlarini o'qish, salovatlar, tasbehlar aytish tavsiya etiladi. Bunday amalning fazilatini kengroq tushuntiradigan bo'lsak, tahorat bilan farzandini qo'lga olgan ayol pokiza ruh bilan bolasini emizishni boshlaydi. Qur'on tilovati esa go'dakdan shayton va jinlarning ta'sirini ketkazadi. Bunday bolalarning uyqusi sokin, tanasi sog'lom, ruhi tetik bo'ladi. Shunday ekan hayotimizni Qur'oni karim oyatlari va Sunnati Nabaviy bilan nurlantirishimiz lozim. Toki farzandlarimizning imoni mustahkam, o'zi salomat, e'tiqodi yuksak darajada bo'lsin.
Munira ABUBAKIROVA
O'zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi