(bo'lgan voqea)
Bu voqeani zargarlik do'konlaridan birida ishlaydigan tanishim hikoya qilib bergan edi. Hayit bayrami kuni chiroyli kiyingan bir yigit do'konimga xotini bilan kirib keldi. Ularning ortidan go'dak bolani qo'lida ko'tarib olgan keksa onaxon ko'rindi. U do'kon ostonasidan ichkariga bir – ikki qadam kirgach, undan uyog'iga o'tmasdan poygakda turib qoldi. Bilsam, bu onaxon mazkur yigitning onasi, qo'lidagi bola esa uning nabirasi ekan.
Haligi odamning ayoli tilla va javohir buyumlar terib qo'yilgan oynali peshtaxtalar ichiga go'yoki sho'ng'ib ketib, ulardan boshini ko'tarolmay qoldi. Ko'ziga yaxshi ko'ringan hamma narsani qo'liga olib, bo'yniga, qo'llariga taqib ko'rar, eriga ham “qalay” degandek ko'rsatardi. Shu tariqa, u narxiga parvo ham qilmasdan ancha narsani xarib qilib qo'ydi.
Tanlaydiganini tanlab bo'lgach, eriga imo qilgan edi, u: “necha pul bo'ldi?” deya oldimga yugurib keldi. Hisobni ko'rib, qo'rqib ketadi deb o'ylagan edim.
– Jami yigirma besh million biryuz etmish ming, so'm bo'ldi...
– “bir yuz etmish ming”i qayerdan keldi, aka? – dedi u peshonasi tirishib... – hisobni to'g'ri qiling...
– Ha-a-a, haligi,.. onangiz bir yuz etmish ming so'mlik kichkina uzuk olgandilar...
Shu payt ko'z o'ngimda g'alati hodisa yuz berdi. Boyagi odam qani o'sha uzuk deya, xarid qilingan bir talay tilla buyumlar ichidan mazkur uzukni olib, oldimga tashladi va “kampirlarga nima bor ekan, tilla taqib(!)”, dedi. Bu gapdan titrab ketdim.
Onasi uning so'zlarini eshitib qoldi va ko'zlari yoshlanib, do'kondan chiqib ketdi. Do'konning oynavand devoridan uni kuzata boshladim. U o'g'lining mashinasiga borib, ma'yus holda o'tirdi. Bo'g'zimga bir narsa qadalgandek bo'ldi. Unga rahmim keldi. Qarshimda go'yoki, o'z onam behurmat qilingandek edi.
Shu payt boyagi boyvachchaning honim afandisi qo'llarini paxsa qilib, erini koyiy ketdi.
– Nima qilardiz-a shunaqa qilib?.. Uff, shu etmi turuvdi. Shu qiganizga endi, o'g'lizga qaramay qo'ysalar nima bo'ladi, a?!.. Kim ko'tarib yuradi, endi bolani?.. Man ko'tarmiman - u axir!!!
Subhanalloh... Anavi keksa ayol qaynonamidi o'zi, yoki xizmatkor?.. Hayratdan yoqamni ushlay dedim.
Oxiri, sabrim chidamasdan haligi odamga tanbeh berishga majbur bo'ldim. Juda ham xunuk ish qildiz - da, birodar, – dedim. Shuncha pul sarflaganda, bittagina arzon uzuk nima edi,.. shuning uchun bunchalik pastkashlikka borish kerakmidi? Endi, borib, oyingizni ko'nglini oling, – deya nasihat qildim.
Yigit mashinada o'tirgan onasining oldiga borib:
– Hohlasangiz o'sha uzukni ola qoling, oyi – i!.. dedi. Onasi esa:
– Yo'q!.. hech narsa kerakmas, – dedi. Shunchaki, hamma kabi men ham bayram sababli xursand bo'lishni xohlagandim...
Bu manzaradan ko'zlarimdan oldin qalbim yig'lardi. Nuroniy, mushtipar onaizorning chil-chil singan diliga malham topishga ojiz edim.
Bu voqeani eshitib, mening ham ko'zlarim yoshlandi. Nahotki, odamlar o'z ota-onalariga nisbatan bu qadar bemehr bo'lib ketishgan bo'lsa!.. Ota-onani xor qilish shunchalik bo'ladimi? Murg'ak go'daklik chog'imizdan boshlab to ulag'ayib, o'zimizni eplaydigan bo'lgunimizga qadar emay edirib, kiymay kiydirgan, bizning rohatimiz uchun necha uyqularini harom qilgan, butun umrini, sog'ligini bizlarga baxshida qilgan ota-onalarimizga tashakkurimiz, munosabatimiz shumi? Yaxshilikning javobi nahot shunday bo'lsa?.. Ota-onasini boshidagi toj, birisini oy, birisini quyosh deb bilgan oliyjanob xalqimizning asl qadriyatlari qaylarda qolyapti?..
Nahotki, kelinlarimiz ham bittagina qaynonalarini Alloh uchun, yoki bunday tushuncha ularga begona bo'lsa, hech bo'lmaganda o'z erlarining hurmati uchun ko'nglini olishni, hurmatlarini joyiga qo'yishni o'zlariga ep ko'rolmaydilar?!.. Agar er o'z ota-onasiga beparvo bo'lsa, uni to'g'ri yo'lga solish ayol kishidan vojib emasmi?!..
Qaytar dunyo, deydilar. Erta birisi kun ular ham o'g'il uylantirib, qaynona bo'lganlarida, o'zlariga nisbatan shunday muomala qilinsa, chiday olarmikanlar?!.. Oxiratdachi, oxiratda ota-onasiga bemehr va beparvo farzandning oqibati ne bo'larkin?!...
Ota-onaga yaxshilik qilish farz, ularni ranjitish, dillarini og'ritish esa gunohi kabiradir. Ota-onani yig'latish, gunohga buyurmagan holatda itoat qilmaslik, dillarini og'ritish, keksayganlarida yaxshilik qilmay, yordam bermay tashlab qo'yish, ularga qarashdan qochib qariyalar uyiga olib borib qo'yish, do'stni otadan, xotinni esa onadan ustun qo'yish ham ota-onaga oq bo'lish jumlasidan hisoblanadi. Alloh taolo barchamizni ota-onasiga yaxshilik qiluvchi solih bandalaridan qilsin! Hech kimni keksayib qolganda mehrga zor qilmasin!
Odilxon qori Yunusxon o'g'li
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati