Taqvo uzun soqol, junli jubba, biron ish qilmay masjidda uzoq qolmoq, o'zingdan zohidni yasab olib, odamlarni senga beradigan sadaqasiga ko'z tutib o'tirish emas. Taqvo bulardan ko'ra balandroq, ulug'roq va oliyroqdir. Taqvo ilm va amalni o'zida jamlagandir. Ilm taqvodadir... Uni tushunibgina olish ishlaringizda foyda bermaydi. Balki, fahmlaganingdek uning taqozosiga ko'ra amal qilishdir.
Shayx Ahmad Kaftaru
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.