Bugun, Muftiy hazratlari abituriyentlar uchun ovozli chatda dastlab, diniy ta'lim muassasalarida kirish imtihonlariga qanday tayyorgarlik ko'rilgani, xolislik, shaffoflik va adolatni ta'minlash uchun qilingan ishlar haqida ma'lumot berdilar.
Marafonda Muftiy hazratlari o'zlarining o'qishga kirish jarayonlari, talabalik yillari va boshga tushgan sinovlar borasida ham to'xtaldilar.
Bo'lg'usi talabalarga ilm olishning fazilati, Islom dinida ilm talab qiluvchilarga berilgan xushxabarlar haqida oyat va hadislarni bayon etdilar.
Cuhbatda abituriyentlar hayajonni engishi uchun nima qilishi, natija o'zlari kutgandek bo'lmasa o'zini qanday tutishi haqida nasihatlar qildilar.
Farzandini turli qing'irliklar bilan o'qishga olib kirmoqchi bo'lgan ota-onalarga murojaat qildilar va bu nojoiz yo'llardan qaytardilar.
Muloqot so'nggida abituriyentlar haqlariga duo qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV