“Albatta, haqiqiy mo'minlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, so'ngra shubha qilmagan va Allohning yo'lida mollari va jonlari ila jihod qilganlardir. Ana o'shalar, o'shalargina (iymonida) sodiqlardir” (Hujurot surasi, 15-oyat).
Alhamdulillah vassolatu vassalamu a'la rosulillah, va ba'd. Olamlarning Robbi va maqtovlarning eng yaxshisi Unga xos bo'lgan Alloh subhanahu va taologa beadad hamdu sanolar bo'lsin. Shafoatchimiz payg'ambarlar sayyidi Muhammad Mustafo solollohu a'layhi va sallamga salotu salomlar bo'lsin. Bizgacha ilmni omonat bilan etkazgan barcha ulamolardan Alloh rozi bo'lsin. Dunyoning bugungi holati hech kimga sir emas. O'zini haqiqiy musulmon deb qolganlarni adashganga chiqarayotgan fitnachi bemazhablar dunyoni buzib yuborishgani inkor etib bo'lmaydigan haqiqat sanaladi. Bunday adashgan toifalarga ergashganlarga e'tibor berilsa, ularning aksarining aqllari noqis, ilmdan uzoq va ko'r-ko'rona mutaassiblik qiluvchi odamlar ekanligi ko'rinadi.
Ba'zilari esa qandaydir obro' yoki mol-mulk orqasidan quvgan gumroh kimsalardir. Yana ba'zilari esa alamzada hayotda maqsadlariga erisholmagan odamlardir. Ular umuman ilm ham olishmaydi, olimni ham tinglashmaydi. Shunday ekstremistik oqimlar Allohning hukmi bilan hukm qilmagan musulmonlarni kufrda, johillikda va ko'pxudolikda ayblaydilar. Ularning fikricha islom er yuzidan bundan necha yuzlab yillar ilgari yo'q bo'lib ketgan va hozirgi qonunlar, konstitutsiyalar va hokimlar barchasi kufr hisoblanadi. Bularni to'g'rilash uchun esa barcha “adashgan” musulmonlarga qarshi jihod qilishimiz shart deb bilishadi. Haqiqat esa tamoman boshqachadir.
Alloh taolo jihodni aynan urushga bog'lab qo'ymagan va bu so'zning asli islom manfaatlari yo'lidagi urinishlarni ifoda etadi. Endi qachonki jihod farz bo'lib qolsa ham unda daraxtlar kesilmasligi, chorvalar o'ldirilmasligi va boshqa din vakillari o'z ibodatxonalarida qatl qilinmasligi kabi bir qancha shartlarni qo'yadiki bundan islomning faqatgina oliy manfaatlarni ko'zlagani tushuniladi. Uni Alloh insonlar uchun rahmat, adolat va o'zaro hurmat qilib joriy qilgan. Bundan boshqasi jihod emas zolimlik va nohaq urushlardan boshqa narsa emas. Endi bugungi kunga kelib bu razil maqsadli adashgan ekstremistlarning qilmishlari tufayli islomni dunyo bosqinchilik, zulm, nohaqlik va mutaassiblik sifatida ko'rmoqda. Ular esa “namoz o'qishni bilmaydimi demak kofir”, “konstitutsiyaga amal qiladimi demak kofir” hatto “soqoli yo'qmi demak adashgan” deb iddao qilishdan charchashmayaptilar. Bularning islomga keltirayotgan zararlarining chegarasi yo'q, afsuski. Bir hadis misolida ularning yo'llari naqadar xato va naqadar sunnatdan uzoqligini isbotlab beramiz insha Alloh.
Muhaddislar imomi Imom Buxoriy rahmatullohi alayh o'zlarining mashhur saxixlarida Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan quyidagi saxix hadisni rivoyat qilganlar: “Bir kuni kechki payt bir kishi tuyada masjidga keldi va Muoz roziallohu anhuning orqalarida turib u kishiga ergashgan holda namoz o'qishni boshladi. O'shanda Muoz roziallohu anhu jamoat bilan namozda Baqara yoki Niso surasini o'qib turgandilar. Shunda haligi kishi jamoat namozidan chiqib yolg'iz o'zi namoz o'qib oldi va ketib qoldi. Unga bu ishini Muoz roziallohu anhu ma'qullamaganligini aytishganda u payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib Muoz roziallohu anhuning namozni uzun o'qishlaridan shikoyat qildi. Shunda payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz roziallohu anhuga uch bora: “Ey Muoz, fitna qilyapsanmi?” deb turib yana shunday dedilar: “Nega namozingda “Sabbihisma Robbikal A'la”, “Vashshamsi va duhaha”, “Vallayli iza yag'sha” kabi kichik suralarni o'qimading?” – dedilar. “Sening orqangdan qari odamlar, kam quvvatlar va ishi borlar namoz o'qishini unutma” – dedilar.”
Yuqoridagi nabaviy hadisdan ko'rinib turibdiki kimki islomni insonlar o'rtasida yoymoqchi, joriy qilmoqchi bo'lsa bu ishida ularning qiyinchiligiga sabab bo'ladigan ishlardan uzoq bo'lishi uqdirilmoqda. Bu ishning fitnaga, norozichilikka olib kelishi va xavfli ekani tushuntirilmoqda. Bunday ishni qiladigan hatto islomdagi eng yaxshi amal bo'lmish namoz o'qiyatganligiga qaramay uni fitnachi deb atamoqdalar. Aslida payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning namozni qanchalar yaxshi ko'rishlari va ko'p o'qiganliklari ma'lum va mashhur. Shunday bo'lsada jamoat namozlarini orqadagi ergashuvchilarning hollarini inobatga olib doim qisqa qilishga harakat qilganlar. Ushbu hadisda payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kimki islom qonunlarini insonlarga singdirishni xoxlasa aslo ularga qo'pollik yoki qiyinchilik etkazmasligi lozimligi va agar shunday qiladigan bo'lsa bu ishi bilan u fitnaning yoyilishiga sabab bo'lishi va islomdan odamlarni nafratlantirib qo'yishi aytilmoqda.
Ekstremistik oqimlar hozirda butun dunyo musulmonlariga jihod farzi ayn bo'lgan deb hisoblab barcha musulmonlarni ularning nazdidagi kofirlarga qarshi jangga chorlamoqdalar va bu ishda qatnashmaganlarga hech qanday uzr yo'q deb hisoblamoqdalar. Bu bilan ular haqiqiy olimlarning jihodga bergan ta'rifiga teskari ish qilmoqdalar. Islom ulamolari jihodga Allohning yo'lida turli xil foydali maqsadlarda harakat qilish deb ta'rif berganlar va nafs jihodi, ilm bilan jihod qilish kabi ma'nolar berganlar. Shuningdek ba'zida holatdan kelib chiqib kuch ishlatish yo'li bilan ham jihod qilinadi deganlar. (Bunday holatni ulamolar kengashlari hal qiladi)
Adashgan toifalarning jihod borasidagi katta adashuvlaridan biri ular jihodni islomning maqsadlaridan biri sifatida bilishidadir. Toxir ibn Ashur rohimahulloh o'zlarining “Maqasidush Shari'a” kitoblarida jihod islomning maqsadi bo'lmay balki asosiy maqsad uchun bir vosita deb aytganlar. Ya'ni ba'zida ekstremistik toifalar singari jihodni faqat urush deb bilib urush qilgandan teskari natija chiqadi va buni bugun hammamiz ko'rib turibmiz.
Bir ovozdan aytilgan gap shuki islomda jihodning asosi odamlarni to'g'ri yo'lga boshlashdir. Zalolatdan hidoyatga, johiliyatdan ilmga va qorong'ulikdan nurga olib chiqishdir. Bunga misol payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Haybar g'azotiga Ali roziallohu anhuni yubora turib shunday degan edilar: “Alloh sen tufayli bir kishini to'g'ri yo'lga hidoyat qilishi sen uchun eng qimmat tuyalardan ko'ra yaxshiroqdir.” Mana shu hadisdan ham ko'rinib turibdiki g'azotning asl maqsadi yo'lda uchraganlarni qirishmas balki odamlar hidoyatiga sabab bo'lish ekanligi. Haqiqiy din ularni Allohga, to'g'ri yo'lga chaqirishda ekanligi ma'lum bo'lmoqda.
Alloh barchamizni O'zining mustaqim yo'lida sobitqadam qilsin. Amin.
Haybatullo RAShIDOV - Sho'rchi tumani “Tolli ota jome masjidi” imom-xatibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin:
(a) 2025 yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) 31 dekabr – chorshanba;
(b) 2026 yilda:
(i) barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar): 2 yanvar – juma, 28 may – payshanba, 29 may – juma, 31 avgust – dushanba;
(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvar – shanba, 30 may – shanba, 31 dekabr – payshanba.
2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
(a) ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026 yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21 mart – Navro‘z bayrami hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026 yil 9 mart, 23 mart va 11 may – dushanba kunlariga ko‘chirilishi;
(b) ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026 yilda 12 dekabr – shanba kunidan 31 dekabr – payshanba kuniga ko‘chirilsin.
4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
(a) Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin;
(b) O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin;
(v) “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
(a) mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
(b) uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PQ–452-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2027 yil 1 yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev