Islom shariatda sunnatning tutgan o'rnini yanada yaxshiroq anglab olish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur'oni karim oyatlarini qilgan tafsirlaridan misollar keltiraylik.
To'g'ri, namozdagi: ruku, sajda, qiyom kabi ayrim harakatlar haqida oyatlar bor, ammo namozni to'liq ado etish tartibi haqida hech qanday oyat uchramaydi. Bu borada, faqatgina sunnat orqali namoz o'qishni o'rganish mumkin. Sunnatdan boshqa biror manba orqali uni o'rganib bo'lmaydi.
Demak, Alloh taolo 70 dan ortiq oyatlarda namoz o'qishga buyurib, uni qanday ado etishni to'liq bayon etmaganligining sababi bu – sunnatning ahamiyati va uning o'rnini bildirish uchundir. Zero, Qur'oni karimda ilmlarning asosi bayon etiladi, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirish, izohlash Payg'ambar alayhissalomning vazifasidir.
إِنَّ ٱلصَّلَوٰةَ كَانَتۡ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ كِتَٰبٗا مَّوۡقُوتٗا ١٠٣
“Zero, namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir”(Niso surasi, 103-oyat).
Ammo birorta oyatda namozni qachon o'qish kerakligining aniq vaqti bayon etilmagan. Hatto farz namozi besh mahal ekani ham Qur'onda kelmagan. Namozning besh mahalligi va bir kecha-kunduzda ularning o'qilish vaqtlarini faqatgina sunnat orqali bilish mumkin.
وَلِلَّهِ عَلَى ٱلنَّاسِ حِجُّ ٱلۡبَيۡتِ مَنِ ٱسۡتَطَاعَ إِلَيۡهِ سَبِيلٗاۚ ٩٧
"Yo'lga qodir bo'lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir" (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Ushbu oyatda haj amalini necha marotaba bajarish lozimligi bayon etilmagan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam banda umri davomida sog'lom va moliyaviy jihatdan qodir bo'lganda bir marotaba ado etishi farz ekanini ta'kidlaganlar.
وَإِن كُنتُمۡ جُنُبٗا فَٱطَّهَّرُواْۚ ٦
"Agar junub bo'lsangiz, obdon poklaningiz (cho'milingiz)!" (Moida surasi, 6-oyat).
Boshqa oyatda esa, junub holatda namozga yaqinlashmaslik aytiladi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَقۡرَبُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَأَنتُمۡ سُكَٰرَىٰ حَتَّىٰ تَعۡلَمُواْ مَا تَقُولُونَ وَلَا جُنُبًا إِلَّا عَابِرِي سَبِيلٍ حَتَّىٰ تَغۡتَسِلُواْۚ ٤٣
"Ey, iymon keltirganlar! Toki gapirayotgan gapingizni (o'zingiz) biladigan bo'lguningizgacha, mast hollaringizda namozga yaqinlashmangiz! Yana junub (nopok) hollaringizda ham, to poklanmaguncha (namozga yaqinlashmangiz)" (Niso surasi, 43-oyat).
Ammo oyatlarda junubning ta'rifi va junub odam qanday poklanishi lozimligi bayon etilmagan. Albatta bu savollarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam batafsil javob beradilar.
وَٱلَّذِينَ يَكۡنِزُونَ ٱلذَّهَبَ وَٱلۡفِضَّةَ وَلَا يُنفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ فَبَشِّرۡهُم بِعَذَابٍ أَلِيمٖ ٣٤
«Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo'lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida "xushxabar" bering!»(Tavba surasi, 34-oyat).
Ushbu oyatda mol-dunyoni Alloh rizoligi yo'lida sarflash maqtalmoqda, ammo ularni to'plab qo'yish, sarflamaslik qattiq qoralanmoqda. Lekin qancha mol-dunyoni yig'ish mumkin va uni qayerlarga sarflash kerakligi bayon etilmagan. Bu savollarga ham sunnat orqali javob topish mumkin.
وَأَن تَجۡمَعُواْ بَيۡنَ ٱلۡأُخۡتَيۡنِ ٢٣
"Ikki opa-singilni qo'shib (nikohlab) olishingiz (ham harom qilindi)"(Niso surasi, 23-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oyatni kengroq sharhlab, bu taqiq nafaqat ikki opa-singilga, balki ona va ota tomondan xola va jiyanga[1] ham tegishli ekanining xabarini berganlar.
ٱلۡيَوۡمَ أُحِلَّ لَكُمُ ٱلطَّيِّبَٰتُۖ ٥
"Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi" (Moida surasi, 5-oyat).
Nimalar pokiza narsalar ekanini bilish, ularning ro'yxati bilan tanishish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga murojaat qilish talab etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam halol bo'lgan narsalar bilan birga halol bo'lmagan narsalarning ham xabarini berganlar. Agar u zot alayhissalom ularning ro'yxatini ummatlariga e'lon qilmaganlarida har bir inson o'zicha bu oyatni talqin qilgan bo'lardi. Oqibatda halol bilan harom narsalarning chegarasi buzilib ketardi.
Bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin, lekin yuqorida keltirilgan dalillar mavzuning mohiyatni ko'rsatish uchun etarli.
[1] Bir kishi bir vaqtning o'zida opa-singilni, jiyan bilan amma, xolalarni nikohiga olishi mumkin emas. Hadisda "Bir ayolning ustiga ammasi yoki holasi yoxud aka-ukalarining qizlari, opa-singillarining qizlari nikoh qilinmaydi" deyiladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism, 5-qism, 6-qism, 7-qism, 8-qism, Davomi bor...
Shu yil, 12 may kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi “Imom Buxoriy“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Yangi Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Yangi Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati