Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Noyabr, 2026   |   15 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:59
Quyosh
07:18
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
25 Noyabr, 2026, 15 Jumadul soni, 1448

Mo'minning bahori

25.12.2023   782   4 min.
Mo'minning bahori

Har bir faslning o'ziga xos jihatlari bo'lgani kabi qishning ham inson hayotida o'z o'rni bor. Qishda aql egasi uchun ibratlar ko'p. Bu fasl xayr-baraka va yaxshiliklar mavsumidir. Har bir mo'min-musulmon undan unumli va oqilona foydalanishi kerak.

Qur'oni karimda “qish” so'zi bir marta kelgan: “Ya'ni ularga qishda (Yamanga) va yozda (Shomga) safar qilishni qulay qilib qo'ygani uchun mana shu Uy (Ka'ba)ning Parvardigoriga ibodat qilsinlar!”(Quraysh surasi, 2–3-oyatlar).

O'tgan ulug'lar yilni ikkiga bo'lib, yarmini yoz, yarmini qish bilan o'lchashardi. Qish faslida osmondan qoru yomg'irlar yog'ib, odamlarning rizqi keng bo'lishiga sabab bo'ladi. Musulmonning hayotida qish ham bahorga aylanadi. Dehqon bahorda erga urug' qadagani singari, mo'minlar ham qishda oxirati uchun zaxira jamg'aradi.

Hazrati Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: “Qish obidning g'animatidir!” deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Sizlarni oson g'animatga dalolat qilaymi?” dedi. Biz: “Bu qanday g'animat?” dedik. “Qishda ro'za tutish” deb javob qildilar.

“Ey, Qur'on ahli! Namozlaringgiz uchun kechalari uzun bo'layapti, ro'zalaringgiz uchun kunduzlari qisqa bo'lmoqda. Shuning uchun bu kunlarni g'animat bilingiz!”.

Omir ibn Mas'uddan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qishdagi ro'za salqingina o'ljadir”, dedilar (Imom Termiziy rahmatullohi alayhi rivoyati).

Ya'ni odatda o'ljani qo'lga kiritish uchun ter to'kib harakat qilinadi. Ammo ba'zi vaqtlarda uni ter to'kmasdan, qiyinchiliksiz qo'lga kiritish ham mumkin bo'ladi. Qish fasli ana shunday qiyinchilik va mashaqqatlarsiz ko'plab ajr-mukofotlarni qo'lga kiritish fursatidir.

“Odam bolalarining qalblari qishda yumshaydi. Chunki Alloh taolo Odamni tuproqdan yaratgan. Tuproq esa qishda yumshaydi”.

Qalblar yumshagan kunlarda mo'minlar bir-biriga muloyim bo'lishlari, mehr-shafqat ko'rsatishlari, gina-kuduratlarni, ixtiloflarni, dunyo va oxiratda foydasiga emas, zarariga hujjat bӯladigan amallar bilan mashg'ul bo'lishni va har xil fasod ishlarni yo'qotishlari kerak bo'larkan.

“Qish mo'minning bahoridir. Kunduzlari qisqaligi uchun ro'za tutadi, kechalari uzun bo'lgani uchun turib namoz o'qiydi”.

Bu fasl ayniqsa talabalar uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Shu ma'noda bahor faslini dehqonlar uchun urug' qadash mavsumi bo'lganidek, qish faslini tolibi ilmlar uchun ilm egallash mavsumidir deyish ham mumkin.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Qish – obidlarning o'ljasidir”(Abu Nuaym rivoyati).

Demak, bu mavsum boshqa fasllarga nisbatan savobli amallarni ko'p qilib olishga imkon yaratishi bilan birga, sinov ichra sinov fasli hamdir. Undan unumli foydalanib, imtihondan o'tish uchun ko'proq zaxira to'playlik.

Mo'minlar bahori bo'lgan ushbu muborak faslni go'zal amallar bilan o'tkazish baxtiga Alloh taolo barchamizni muvaffaq qilsin.

Manbalar asosida Ho'jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi

imom-noibi Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston va Iordaniya oliy o‘quv yurtlari islom sivilizatsiyasini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi

25.11.2026   25545   1 min.
O‘zbekiston va Iordaniya oliy o‘quv yurtlari islom sivilizatsiyasini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi

O‘zbekiston va Iordaniyani boy islomiy ma’naviy meros, ilm-fanga hurmat va madaniy an’analarni asrab-avaylashga intilish bog‘lab turadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Sarvar Kamolov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiylik yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda amaliy ifodasini topmoqda.

"Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Iordaniya Butunjahon islom fanlari va ta’limi universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi," - dedi S.Kamolov.

Uning fikricha, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlar islom sivilizatsiyasi, tarixi va arabshunosligini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochib, ikki mamlakat olimlarining ilmiy salohiyatini birlashtiradi.

"Bunday format ilg‘or metodikalarni almashish va xalqaro maydonda islomning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi," - deya xulosa qildi u.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari