Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Hayriya ishlari imomi

04.08.2022   1668   5 min.
Hayriya ishlari imomi

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir Nabiyning hamrohi bor, mening jannatdagi hamrohim Usmondir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

* * *

Nubuvvat so'ng mushriklarning mu­sul­monlarga zulmi ortib bordi. Hazrati Usmon o'n to'rt kishilik guruh bilan Habashiston­ga hijrat qildi. O'n uch ki­shining qo'lida hassasidan bo'lak hech narsasi yo'q edi. Ular­ning barcha xara­jatlarini ko'tardi.

Muhojirlar Madinaga ko'chib o'tgan­la­ridan keyin aholining suvga ehtiyoji ku­chaydi. O'sha vaqtda eng katta quduqlar­dan biri Rumo bo'lib, u bir yahudiyga tegishli edi. Yahudiy quduqning qatra suvini ham sotardi. Suv tanqisligidan foydalanib narxini qimmatlatdi.

Buni ko'rib Rasululloh alayhissalom: “Bu quduqni sotib olib, xalq bilan birga foydalangan kishiga jannatda xayrli­roq mukofot bor”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati). Usmon roziyallohu anhu: “Yo Rasu­lulloh, men sotib olaman”, dedi.

* * *

Tabuk g'azotida musulmonlar qo'shinini to'liq jihozlantirgan inson Usmon ro­ziyallohu anhudir. Ibn Ishoq: “Usmon roziyallohu anhu Tabuk jangchilariga shunchalik ko'p pul sarfladiki, hech bir kishi u zotchalik sarflagan emas”, degan. Usmon roziyallohu anhu ming dinor, 950 ta tuya va 50 ta ot hadya qildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Usmon bu ishi bilan aslo zarar qilgani yo'q”, de­ganlar. Keyin: “Kim nochor askarni qu­rollantirsa, unga jannat nasib bo'la­di”, deb bashorat qilganlar.

* * *

Abu Bakr roziyallohu anhu davrida qurg'oqchilikdan odamlar qattiq iztirobga tushdi. Shu vaqtda Madinaga etib kelgan hazrati Usmon karvoni ko'pchilikning erkin nafas olishiga sabab bo'ldi. Hazrati Usmon imkoniyatdan foydalanib mollarini yuqo­ri bahoda sotishni xayoliga ham keltirmasdi. Madina savdogarlari yuklarni katta foyda evaziga ko'tarasiga sotib olish uchun bir necha bor kelishdi. U zot har gal: “Sizdan ko'proq foyda beruvchi Zot bor”, degan ja­vobni berdi. Oxiri savdogarlar xalifa Abu Bakr roziyallohu anhuga shikoyat qilishdi. Halifa: “Ey Usmon, bulardan ham ko'proq foyda taklif etgan zot kimligini men ham bilmoqchiman?” deb so'radi. Usmon ro­ziyallohu anhu: “Ey Halifa, o'sha yuksak zot – Allohdir. Allohning bir yaxshilik evaziga o'n barobar foyda berish va'dasi bor. Odamlar ham guvoh bo'lsin, karvonni Alloh rizosi uchun sadaqa qildim. Uni xoh­laganingizdek tarqatishingiz mumkin”, dedi. Bunday voqealar hazrati Usmon hayo­tida ko'p bo'lgan.

Hijratning 26-yili Makka aholisi Eson dengiz portini yangidan Jidda yaqi­nidagi sohilga ko'chirish to'g'risida mas­lahatlashishdi. Chunki shunday qilsa, port Makkaga yaqinroq joylashar­di. Haz­rati Usmon sahobai kiromlar bilan bir­ga Jidda sohiliga bor­di. U erni sinchiklab o'rganib, port quriladigan joyni ko'rsatib ber­di va: “Bu er muborak sohil bo'l­sin”, deb duo qildi. O'sha davr­da barpo etishga asos solingan Jidda porti hanuzgacha Makkai mukarramaga xizmat qilmoqda.

Yana o'sha yili Ka'ba atrofidagi hovli­larni sotib olib Baytulloh­ga qo'shdi. Kat­ta koshonali xona­larni barpo ettirdi. Allohning Bay­tul Haramini birinchi bo'lib ken­gaytirgan shaxsga aylandi. Shu­ningdek, johiliyatda teridan qi­lingan Ka'bapo'shni oldirib, o'rni­ga Misr ipak paxtasidan to'qilgan oq mato yoptirdi.

Hijratning 24-yilida Madina aholisi Usmon roziyallohu anhu bilan Masjidi Nabaviyni ken­gaytirish xususida maslahat qil­dilar. Hammalari eski masjid­ni buzib, o'rniga keng va kattaroq masjid bino qilishga ittifoq etishdi. So'ng hazrati Usmon pe­shin namozini xalq bilan o'qidi. Namoz tugagach xutba qildi, so'ng: «Ey xaloyiq! Men ushbu masjidni buzib, o'rniga yangi, keng, katta masjid qurmoqchiman. Guvohlik berib aytamanki, Rasululloh alayhissalomning: «Kimki bir masjidni bino qilsa, unga jan­natda bir uy bino qilinadi», deganlarini juda ko'p bor o'z qu­lo­g'im bilan eshitganman. Mendan avvalroq o'tgan Umar ibn Hattob ham masjidni kengaytirdi. Bu ishim bilan men o'shalarga ergash­gan bo'laman», dedi. Qurilish hij­riy 29 yilning Rabiul avval oyi­da boshlanib, bir yilga bormay ni­hoyasiga etkazildi.

Alloh barchalaridan rozi bo'lsin.

“Hadichai Kubro” ayol-qizlar o'rta

maxsus islom ta'lim muassasasi

o'quvchisi Sarviniso

ShAMSUDDINOVA tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Minoda qanday amallar bajariladi?

04.06.2025   4496   2 min.
Minoda qanday amallar bajariladi?

Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.

“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.

“Tarviya” – tafakkur ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.

 

Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.

Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.

 

Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.

Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).

Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.

Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..

Davron NURMUHAMMAD