8 avgust dushanba kuni Muharram oyining 10-kuni – Ashuro kunidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro'zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo'ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro'zasini Ramazon oyi ro'zasini kutib sog'ingandek, boshqa kun va oy ro'zasini kutganlarini ko'rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro'zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro'zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug'laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to'qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e'tiboran, Ashuro kuniga qo'shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro'za tutmoq afzal deydilar.
Og'iz yopish va ochish vaqti (Toshkent vaqti bilan):
9 Muharram - 7 avgust - yakshanba
Saharlik (og'iz yopish) vaqti: 03:52
Iftorlik (og'iz ochish) vaqti: 19:35
10 Muharram - 8 avgust - dushanba
Saharlik (og'iz yopish) vaqti: 03:54
Iftorlik (og'iz ochish) vaqti: 19:34
11 Muharram - 9 avgust - seshanba
Saharlik (og'iz yopish) vaqti: 03:55
Iftorlik (og'iz ochish) vaqti: 19:33
Niyati: Holis Alloh uchun nafl ro'za tutishni niyat qildim.
G'aflatda qolmang! Ashuro kuni ro'zasini tutishni o'tkazib yubormang!
Yaqinlaringizga ham eslating. Ehtimol Siz ularning ro'za tutishiga sababchi bo'larsiz.
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.
Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi