O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Termiz shahar bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayevning volidai muhtaramalarining vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonning barcha solih amallarini o'zlariga hamroh aylab, O'z mag'firatiga olsin.
Haq taolo marhuma onaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o'qituvchi-mudarrislari nomidan Rasuljon domla Abdullayevga va marhuma onaxonning oila a'zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.
«Musibat etganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
Janoza namozi Termiz shahar “Kokildor ota” mahallasi, Sulton saodat ko'chasida soat 11:00 da o'qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi "Erali eshon bobo" jome masjidi zamonaviy asosda qayta qurilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi.
Masjidning ochilish tantanasida Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani hokimi Jahongir Nazarov, viloyat va tuman bosh imom-xatiblari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, yangi masjidning el-yurtimiz ma’naviyatini yanada yuksaltirish, aholi o‘rtasida ezgulik va ma’rifatni mustahkamlashga xizmat qilishini so‘rab duolar qilindi. Shuningdek, ushbu bunyodkorlik ishlariga hissa qo‘shgan saxovatpesha insonlar haqqiga ezgu tilaklar bildirildi.
Ma’lumot o‘rnida, barcha zamonaviy talablarga javob beradigan va zarur sharoitlar yaratilgan mazkur jome masjid bir vaqtning o‘zida 1000 nafar namozxonni qabul qilish sig‘imiga ega.
Alloh taolo ushbu muborak masjidni qiyomatga qadar Qur’on tilovati, ibodat va ma’rifat ziyosi taraladigan qutlug‘ dargohlardan qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati