Otam vafot etganlaridan keyin beshta etim qizning tarbiyasi birgina onamning o'zlariga qoldi. Bechora onamizga maktab yoshidagi bir emas, beshta qizni boqish, ularning ta'lim-tarbiyasiga qarash oson emasdi. Lekin onam juda tadbirli, sabrli iffatli ayol edilar. Ming mashaqqat bilan bizni birovning qo'liga intizor qilmay o'stirdilar. Ba'zi onalar kabi bizni ko'chalarda tilanchilik qilib yurish xorligiga tashlamadilar. Ba'zan oshxonada farroshlik, ba'zida esa oshpazlik qilardilar. Goho shuncha ishlari ustiga idish-tovoq yuvuvchi ham bo'lib ishlardilar. Ko'plab kasaliklarini oyoqda o'tkazishlariga to'g'ri kelardi. Chunki bir kun ishga chiqmasalar, besh bola och qolishi mumkin edi.
Yoshimiz kattalashib qo'limizdan ish keladigan bo'lib qolganda biz ham onamning yonlariga kirib ishlariga yordamlashmoqchi bo'ldik. Opa-singillar o'zimizcha maslahat qildik. Har kuni galma-galdan onam bilan ishga ketishga kelishib olib, kechqurun onam ishdan qaytganlarida fikrimizni aytdik. Lekin onam bunga mutlaqo rozi bo'lmadilar. Bizning biroz hafa bo'lganimizni sezdilar shekilli, bizni yupatgan bo'ldilar: “Bolajonlarim, meni qiynalyapti deb o'ylab yordam bermoqchiligingizni bilib turibman. Lekin men qiynalayotganim yo'q. Agar sizlar maktabinglarda yaxshi o'qisanglar, menga faqat rahmat eshittarsanglar, men umuman charchamayman. Hozir sizlar faqat o'qishinglar kerak. Ishni o'zim eplayman”. Biz indamadik. Onam: “Qani darslaringga turinglar-chi, ishni o'ylamanglar” deb mavzuni yopdilar. Shu bilan bu haqda boshqa so'z ochilmadi.
Maktabni bitirgach, opa singillar birin-ketin tibbiyot kollejiga o'qishga kirdik. Emlash muolajalarini o'rganishimiz uchun ko'proq emlashimiz kerak bo'lardi. Bir-birimizda sinab ko'raylik desak, opa-singillar doim bir-birimizdan qochardik. Kasal bo'lmasdan emlatishni hech kim xohlamaydi, albatta. Shunday paytlarda bechora onam “Kel, bolam, menda sinab ko'raqol” deb hammamizga “tajriba quyoni” bo'lib berardilar. Hali tajribamiz kamligi uchun ko'pincha tomirlariga tusha olmay onamni qiynab qo'yardik. Bunday vaziyatlar hammamizda ham sodir bo'lardi. Lekin onam biror marta jerkimasdilar, og'rinmasdilar. “Zarari yo'q, oyqizim, endigi safar yaxshiroq qilasan” deb qo'yardilar xolos.
Onamning say'-harakatlari bilan barchamiz mohir hamshiralar bo'lib etishdik. Onamning duolari sharofati bilan qo'limiz engil bo'lib ketdimi, har qalay, qabulimizda bemorlar navbatga turadigan darajaga etdik. Onamning sabru sabotlari, matonatlari, irshodlari bizning jamiyatga kerakli insonlar bo'lib ulg'ayishimizga sabab bo'ldi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekiston va Iordaniyani boy islomiy ma’naviy meros, ilm-fanga hurmat va madaniy an’analarni asrab-avaylashga intilish bog‘lab turadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Sarvar Kamolov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiylik yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda amaliy ifodasini topmoqda.
"Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Iordaniya Butunjahon islom fanlari va ta’limi universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi," - dedi S.Kamolov.
Uning fikricha, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlar islom sivilizatsiyasi, tarixi va arabshunosligini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochib, ikki mamlakat olimlarining ilmiy salohiyatini birlashtiradi.
"Bunday format ilg‘or metodikalarni almashish va xalqaro maydonda islomning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi," - deya xulosa qildi u.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati