Oldinlari respublikamiz bo'ylab sayru sayohatga yoki safarga chiqilsa, mo'min-musulmonlarni bir masala – namozni qazo qilib qo'ymaslik muammosi o'ylantirar edi. Chunki masjidlarning orasi uzoq, borlari ham katta yo'l bo'yidan olisda, tahoratxonalar talabga javob bermas edi.
Bugun, alhamdulillah, qay tomonga yursangiz, olisdan chiroyli gumbazli yoki minorali masjidlarga ko'zingiz tushadi. Namoz vaqti kirishi bilan bemalol jomelarda ibodatlarni ado etishingiz mumkin.
Bugun, 2022 yil 2 avgust kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Toshkent viloyati O'rta Chirchiq tumanidagi “Usmon ota” jome masjidining yangi binosi ochilish marosimida ishtirok etdi.
Mahalla faollari, imom-xatiblar, nuroniylar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tadbirda muftiy hazratlari peshin namozidan so'ng jamoatga go'zal mav'iza qilib berdilar.
– Tumanimizda masjidlar ko'p. Shulardan “Usmon ota” jomesi qadimiylaridan, – deydi O'rta Chirchiq tumani bosh imom-xatibi Jamoliddin domla Turonov. – Bu ma'rifat maskani o'z tarixi davomida to'rt marta qayta qurilgan. Mahalliy aholining ma'lumotlariga ko'ra, 1930 yillarga qadar hozirgi hudud atrofida karvon yo'li bo'lib, ko'plab yo'lovchilar shu masjidda ibodat qilishgan.
Masjidning “Usmon ota” deb atalishiga sabab shuki, qadimda ushbu maskanda Usmon ota degan avliyo kishi yashab, hududning obod bo'lishiga juda katta hissa qo'shgan.
Masjid “Aranchi”, “Yomg'irchi”, “Oqqutay”, “Kuchlik” va Usmon ota nomidagi mahallarning 12 mingdan ziyod aholisiga xizmat qiladi.
Uch yuz kishilik eski masjid binosi namozxonlarga torlik qilib qolgan edi. Shuni inobatga olib, rahbariyat roziligi bilan masjidning yangi binosini qurishga 2020 yil mart oyida kirishilgan edi. Ikki yilda hududda go'zal jome barpo etildi.
Yangi masjid erto'lasi bilan qo'shib hisoblaganda ikki qavat bo'lib, bu erda bir vaqtning o'zida 2 ming kishi namoz o'qishi mumkin. Jomening 50 metrlik minorasi yo'lovchilar uchun mayoq vazifasini o'taydi. Kutubxona, ma'muriyat xonalari esa namozxonlar va mehmonlarning ma'naviyatini va ma'rifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yangi masjidga mos tarzda 30 kishiga mo'ljallangan zamonaviy tahoratxona ham foydalanishga topshirildi.
Alloh taolo yangi masjidning har jihatdan obod bo'lishini nasib etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi matbuot xizmati
Er-xotin havonot bog‘ida yurardi. Maymunlar yonidan o‘tayotganlarida ayoli urg‘ochi maymunga parvona bo‘layotgan erkak maymunni ko‘rib:
– Qarang, qanday g‘amxo‘r, mehribon ekan, – dedi.
Eri unga bir jilmayib indamay qo‘yaqoldi.
Keyin ular sherlar qafasi yonidan o‘tishdi. Erkak sher bir chetda beparvo yotar, urg‘ochisi undan uzoqda edi. Ayol eriga yana:
– Qarang, anavi sher ayolidan uzoqda, loqayd yotibdi. Oilasiga g‘amxo‘r emas, shekilli, – dedi.
Shunda er ayoliga:
– Qani, urg‘ochi sherga biror narsa uloqtirib ko‘r-chi? – dedi.
Ayol bir kichkina cho‘pni urg‘ochi sherga qarata uloqtirdi. Shunda erkak sher tezda o‘rnidan turib, vajohat bilan ayolini himoya qilish uchun ayolga tomon yugurib qoldi. Uning vajohatidan qo‘rqib ketgan ayol erining ortiga o‘tib oldi. Er ayolini yetaklab maymunlar tomon yurdi va unga:
– Endi maymunlarga ham biror narsa uloqtir-chi? – dedi. Ayol yana bir cho‘pni olib achomlashib o‘tirgan maymunlarga qarata otdi. Shunda erkak maymun o‘zini jonini saqlash maqsadida daraxt tepasiga qarab qochib qoldi.
Erkak ayoliga qarab bunday dedi:
– Ko‘rdingmi, xotin, hamma narsa ham ko‘ringani kabi bo‘lavermaydi.
Darhaqiqat, ko‘pchilikni ko‘p narsalarning zohiri aldab qo‘yadi. Ammo ba’zan biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan narsalar aslidan boshqacha bo‘lib chiqishi ham mumkin. Yolg‘on ko‘ringan narsa esa ba’zida rost bo‘lib chiqishi mumkin. Shunday ekan, xulosa qilishga shoshilmaylik.
Akbarshoh Rasulov