Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Singapurning «CrescentRating» tashkiloti ijrochi direktori Fazal Bahardin bilan uchrashdi. Unda vazir Hiva shahrining «Islom dunyosining turizm poytaxti» deya e'lon qilingani katta yutuq ekanligini alohida ta'kidladi.
Fazal Bahardin yurtimizga tashrifi davomida O'zbekistonda Islom mamlakatlaridan kelayotgan turistlarni qabul qilish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shuningdek, u ziyorat turizmi haftaligi davomida "Halal Food Market in Uzbekistan" tadqiqotini yakunlab, namoyish etish niyatida ekanligini bildirdi.
Yakunda Vazirlik va «CrescentRating» tashkiloti quyidagi loyihalarda hamkorlik qilishga kelishib olishdi:
— noyabr' oyida Ziyorat turizmi haftaligini tashkil etish, ekspertlarni jalb etishda hamkorlik qilish;
— xorijiy sayyohlarga ko'rsatiladigan xizmat turlari va sifatini o'rganish uchun hamkorlikda tadqiqotlar va so'rovnomalar o'tkazish;
— «CrescentRating» tashkilotiga O'zbekistonda vakolatxona ochishda amaliy ko'mak berish;
— O'zbekistonda amalga oshirilayotgan yo'lbo'yi sanitariya infratuzilmasini yaxshilash bo'yicha loyihalarda Malayziya va Singapur tajribasini o'rganish hamda vazirlikka konsultativ yordam ko'rsatish;
— O'zbekiston va asosiy turizm shaharlari uchun "Muslim guide book" kitobini tayyorlash hamda nashr qilish («CrescentRating» tashkilotining N'yu-York shahri va Keyptaun shaharlari uchun yaratilgan qo'llanmalari misolida);
— O'zbekistonda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari turfirmalari bilan hamkorlikda “Umra trip training center” markazini tashkil qilish masalasini o'rganish va boshqalar yo'nalishlar bo'yicha.
Ma'lumot uchun: «CrescentRating» tashkiloti “Global Muslim Travel Index” («Jahon musulmon sayohati indeksi») xalqaro reytingini tuzib boradi. 2022 yilgi reytingda O'zbekiston 9-o'rinda qayd etilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati