Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 22–24 iyul' kunlari «O'zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» VI Halqaro Kongressi bo'lib o'tdi.
Kongressda 32 mamlakatdan kelgan 350 nafar ilm-fan olami egalari ishtirok etishdi. Kongress davomida 100 dan ortiq ma'ruzalar o'qildi, davra suhbatlari, sessiyalar o'tkazildi.
Ma'lumot uchun: Butunjahon jamiyati «O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida» loyihasi asosida tashkil etilgan va 2018 yilda Parijda rasman ro'yxatdan o'tgan.
Darakchi.uz bildirishicha, Halqaro kongress fonida Buxorodagi Modarixon madrasasida "Hunarmandchilik markazi" ning barpo etilishi va uning sayyohlar uchun tashrif manziliga aylantirildi.
Ma'lumotlarga ko'ra, XX asrning boshlarida Buxoroda 250 dan ziyod madrasa mavjud bo'lgan. Shulardan biri 1566—67 yillarda Abdullaxon tomonidan onasi sharafiga bunyod etilgan “Modarixon” madrasasidir. XVI asr me'morchilik an'analarini o'zida ifodalovchi bu yodgorlik Abdullaxon madrasasi qarshisida joylashgan.
Ikkalasi Qo'sh madrasa majmuasini tashkil qiladi. Madrasa ulkan peshtoq, miyonsaroy, darsxona, masjid va hovli atrofida ikki qavatli qilib qurilgan ayvonli hujralardan iborat.
Honalarning har birida eshik va uning tepasida ganchkori panjara mavjud bo'lgan.“Modarixon” madrasasi 1960 yilda davlat tomonidan muhofazaga olingan.
Shundan so'ng madrasa binosi turistlar uchun sayohat marshrutiga kiritiladi. Istiqlol yillarida madrasa to'la ta'mirlanib, ko'hna Buxoro ko'rkiga ko'rk qo'shdi.
Buxoro shahar prokuraturasi tashabbusi bilan ayni vaqtga qadar bo'sh turgan mazkur madaniy meros ob'ektidan samarali foydalanish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosan madrasa Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga berildi.
O'z davrida ilm-ma'rifat maskani hisoblangan ushbu madrasa ta'mirlash-pardozlash ishlaridan so'ng hunarmandchilik markaziga aylandi.
Endilikda bu erda 20 nafar hunarmandlar tomonidan monomarkaz bilan tuzilgan shartnoma asosida misgarlik, yog'och o'ymakorligi, kandakorlik, kashtachilik, zardo'zlik, miniatyura rassomchiligi singari hunarlarni o'rgatish imkoniyati yaratildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.