Sunnatni inkor etuvchilar: “Qur'oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishni buyurar ekan, bunda payg'ambar sifatida emas, balki rahbarga itoat qilishga buyurgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar rahbari bo'lganlari uchun u zotga itoat qilinadi va ergashiladi. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so'ng esa, u zot sollallohu alayhi vasallamga ergashish majbur bo'linmaydi. Endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'rinlariga kim rahbar bo'lsa, musulmonlar unga ergashadilar”, degan iddaoni qilishadi.
Bu erdagi xato tushuncha shundan iboratki, ular Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga payg'ambar deb emas, balki rahbar sifatida ergashish lozim deydilar. Bunga yuqorida ko'rsatilgan oyatlarga noto'g'ri yondoshuv sabab bo'lgan. Uning sabablari quyidagilardan iborat:
Huddi shuningdek, Alloh taolo “Payg'ambarga itoat eting!” deb amr qilsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg'ambar bo'lganlari uchun itoat etish lozimligini anglatadi.
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ﴾
«Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat etingiz!» (Niso surasi, 59-oyat).
Oyatda Payg'ambar alayhissalomga itoat boshliq (rahbar)larga itoatdan alohida zikr qilindi. Zero, Payg'ambarga va rahbarga itoat etishning o'ziga xos alohida xususiyatlari mavjud. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda esa har ikki xususiyat ham jamlangan edi. Chunki u zot sollallohu alayhi vasallam ham payg'ambar, ham rahbar edilar.
Agar Alloh taolo Payg'ambarga itoatni faqat hayotlari bilan cheklaganda edi, Qur'oni karimda aniq va ravshan qilib "Muhammad sollallohu alayhi vasallamga itoat eting!" degan buyruq bo'lardi. Qur'oni karimda bu ikki xususiyat bir-biridan ajratilib, alohida zikr qilindi va noto'g'ri talqin qilish bartaraf etildi.
Shuningdek, oyatda nozik bir jihat bor, ya'ni “ishboshilar” lafzi ko'plik shaklida, "Payg'ambar" so'zi esa birlik shaklida kelgan. Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oxirgi Payg'ambar ekanliklari va u zotdan keyin payg'ambar kelmasligi ochiq-oydin ravshanlashadi.
Payg'ambarga itoat faqat u zot sollallohu alayhi vasallamga xos xususiyat ekaniga dalolat qiladi. Kelajakda hech kim bu borada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga teng kelolmaydi. Qolaversa, ishboshi (rahbar)lar payg'ambardan farqli o'laroq ko'p kelishi tabiiy holdir. Bu ko'rinishdagi bo'yinsunish, ya'ni ishboshilarga itoat etish vahiy zamonidagina emas, balki barcha zamonlardagi ishboshilarga ham tegishlidir.
Demak, Payg'ambar alayhissalomga itoat Allohga itoat ekan. Bunga qarshi biror rahbar yoki davlat boshlig'i vahiy olganini da'vo qilolmaydi. Rahbar ishxona buyruqlari asosida o'z qo'lostidagi ishchilarini boshqara oladi, lekin rahbarlik maqomida shariat qoidalarini chiqarib, uni qo'llay olmaydi.
Rahbar Qur'oni karim va sunnatdan olingan shar'iy ahkomlarni hukmsiz qo'llay olmaganidek, o'z buyruqlarini shar'iy ahkomlar kabi butun zamonlar uchun rioya qilinishi majburiy qoida sifatida qo'llay olmaydi. Shar'iy ahkomlar Alloh taolodan kelgan va turli ko'rinishdagi vahiyga asoslangan bo'ladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning holatlari esa tamomila farqli bo'lib, Alloh taolodan tilovat qilinadigan va tilovat qilinmaydigan vahiy oladilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning nabaviy amrlari shaxsiy xohish-irodalariga asoslangan buyruq emas, balki vahiy, vahiy tarafidan tasdiqlangan buyruqdir.
Ushbu ikki holatni yanada kengroq tahlil qilib ko'raylik:
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari ba'zan asl manba matluv va g'oyri matluv shaklida vahiy qilinishini aytdik. Vahiy bo'lmasa, u zot sollallohu alayhi vasallam buyruq bermasdilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilohiy xulqlariga ishora qilishiga aslo shubha yo'q. Shu bois, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlari shariatning bir bo'lagi sanaladi.
Shuningdek, ayrim o'rinlarda buyruqlar vahiyga emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning voqealar tahliliga asoslanishlari tashkil etadi. Biroq ular ham vaqti bilan vahiy orqali o'z tasdig'ini topadi.
Tasdiqlar ham ikki turli bo'ladi: Gohida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarorlari vahiy tarafidan ochiq-oydin tasdiqlanishi bilan namoyon bo'ladi, ayrim hollarda, yashirin tasdiqlash (qo'llab-quvvatlash) orqali o'z tasdig'ini topadi.
Agar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ma'lum bir harakat (amal)larini Alloh taolo isloh etmayotgan bo'lsa, bu o'sha amal (harakat)ning tasdiqlanganini anglatadi.
Buning boisi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisi (payg'ambari), U Zotning irodasining etkazuvchisi o'laroq ilohiy kuzatuv ostidadirlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima desalar yoki qanday amal qilsalar Alloh taolo tarafi (irodasi)dan ekaniga ishonch hosil qilishimiz lozim. Qur'oni karimning bir nechta oyatlarida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amal, niyatlari o'z tasdig'ini topgani bayon etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amal qilganlarida yoki biror narsaga amr etganlarida hech qanday vahiy kelmasa ham, buyurilgan buyruq yoki amal Alloh taolo tomonidan tasdiqlanganini bildiradi. Agar o'sha buyruq yoki amal noto'g'ri bo'lganda, albatta vahiy orqali ma'lum qilingan bo'lardi: Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xato-kamchiliklarni tuzatish uchun ham alohida vahiy kelardi.
Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror ishga buyurganlarida yoki biror amal qilganlarida ularning ziddiga vahiy kelmasa, u zot sollallohu alayhi vasallamning buyruq yoki harakatlari ma'qullangandir.
Muxtasar qilib aytganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha aytgan so'z va qilgan amallari vahiyga asoslangan. Ular ba'zan ochiq-oydin yoki maxfiy vahiy orqali o'z tasdig'ini topgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan keyin birorta rahbar bu kabi boshqaruvga ega bo'la olmaydi, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so'ng vahiy kelishi to'xtagandir.
Shu bois, Qur'oni karim oyatlarida rahbarlarga bo'ysunishdan farqli ravishda Payg'ambar alayhissalomga itoat etishlik alohida ta'kidlangan. Shuning uchun, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish majburiydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Payg'ambardirlar va xulq-atvorlarida Alloh taoloning xohish-irodasini namoyon etadilar. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning so'z va fe'llari tasdiqlangan sunnat, Alloh va Uning Kalomiga iymon keltirgan barcha mo'min-musulmonlarni birdamlikka boshlovchi dasturul amaldir.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hikoya qilishlaricha, Abu Yazid Bastomiy ilm talab qilish uchun Bog‘dodga bormoqchi bo‘ldilar. Onalari u kishiga qirq dinor berdilar. U pullar u zotga otalaridan meros qolgan edi. Onalari o‘g‘illariga: «Qo‘lingni qo‘lim ustiga qo‘y va menga rostgo‘ylikni lozim tutib, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka so‘z ber!» dedilar. U kishi onalariga mazkur ishlar yuzasidan so‘z berdi. Bog‘dodga boradigan karvon bilan birga yo‘lga chiqdilar.
Yo‘lda borishar ekan, to‘satdan ro‘paralaridan yo‘lto‘sar qaroqchilar chiqib, karvondagi hamma narsani talay boshladi. Bastomiyning ustilardagi juldur kiyimni ko‘rib, u kishidan: «Senda ham biror narsa bormi?» deb so‘rashdi. U zot: «Ha, menda qirq dinor bor» deb javob berdilar. Qaroqchilar u kishining gaplarini eshitib, masxara qildilar, ahmoq deb o‘ylab, u zotni tark etdilar.
Keyin ular g‘orga, ya’ni o‘zlarining qarorgohlariga qaytdilar. U yerda ularning kattalari bor bo‘lib, karvondan talab olingan narsalarni kutib o‘tirgan edi. Ularni ko‘rgach: «Karvondagi hamma narsani oldinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, oldik. Ammo bir yigit bundan mustasno. Biz undan nimasi borligini so‘radik. U: «Menda qirq dinor bor» dedi. Biz uning qilgan ishiga e’tibor bermay, uni tark etdik. Chunki, biz uni aqli zaif deb o‘yladik» deb javob berishdi.
Shunda boshliqlari: «Uni darhol huzurimga olib kelinglar!» deb buyurdi.
Bastomiy o‘g‘rilar boshlig‘ining oldiga kelgach, boshliq u zotdan: «Senda biror narsa bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Ha, yonimda qirq dinor bor» deb javob berdilar. O‘g‘rilar boshlig‘i hayron bo‘lib: «Qayerda u?» dedi. Bastomiy yonlaridan pullarni chiqarib, o‘g‘rilar boshlig‘iga berdilar. Buni ko‘rgan boshliq: «Sen majnunmisan, ey yigit? Nega pullaring borligini aytib, ularni o‘z ixtiyoring bilan beryapsan?» deb so‘radi.
Shunda u zot: «Men o‘z shahrimdan chiqmoqchi bo‘lganimda, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka onamga so‘z berganman, ahdlashganman. Shuning uchun onamga bergan ahdimni buzmayman» deb javob berdilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘rilar boshlig‘i: «Laa havla va laa quvvata illa billah». Sen onangga bergan ahdingga xiyonat qilishdan qo‘rqyapsan-u, biz esa, Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilishdan qo‘rqmaymizmi?» dedi.
Keyin qaroqchilar boshlig‘i karvondan olingan barcha mol-mulklarni qaytarib berishga amr qildi va: «Ey yigit, men sening oldingda, sen sababli tavba qilaman» dedi. Bu gapni eshitgan barcha o‘g‘rilar: «Siz bizni yo‘lto‘sarlikda boshlig‘imiz edingiz. Bugun esa, tavbada bizning boshlig‘imiz, kattamizsiz. Biz ham barchamiz Allohga tavba qildik» dedilar. Hammalari qilgan xatolari uchun tavba qildilar, tavbalari go‘zal bo‘ldi.