Yurtimiz mustaqilikka erishgandan so'ng xalqimiz tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Albatta bu ne'matga qancha shukr qilsak arziydi. Muhtaram prezidentimiz Islom Karimov yoshlar tarbiyasi va ularning salomatligi borasida juda katta ishlar amalga oshirib kelmoqdalar.
Bunga dalil sifatida yildan-yilga soni va sifati ortib borayotgan ilm dargohlari va sport inshootlarini keltirishimiz mumkin. Bundan tashqari Yurtboshimiz tashabbuslari bilan mustaqillik yillaridan beri har bir yilga o'ziga xos nom berilib, juda keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2016-yil “Sog'lom ona va bola yili” deb nomlandi. Shu sababli har bir viloyat va tumanlarda sog'lomlashtirish ishlari olib borildi. Bu esa, Yurtimizda farzandlar sog'ligi va ularning komil inson bo'lib etishishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilganligidan darak beradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov Oliy Majlisning sessiyasida qilgan ma'ruzasida hur O'zbekistonda demokratik tuzumni barpo etishda amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlarni asosiy ishtirokchilari bo'lgan jamiyatimiz a'zolarining ma'naviyatini butunlay yangicha qaror toptirish lozimligini ta'kidlagan edi. Chunki ta'lim tarbiya - ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini xam belgilaydigan omildir. Binobarin, ta'lim-tarbiya tizimini o'zgartirmasdan turib ongni o'zgartirib bo'lmaydi. Ongni, tafakkurni o'zgartirmasdan turib esa biz ko'zlagan oliy maqsad ozod va obod jamiyatni barpo etib bo'lmaydi.
Tarbiya — shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma'naviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon; insonning jamiyatda yashashi uchun zarur bo'lgan xususiyatlarga ega bo'lishini ta'minlash yo'lida ko'riladigan chora tadbirlar yig'indisi.Tarbiya insonning insonligini ta'minlaydigan eng qadimiy va abadiy qadriyatdir. Tarbiyasiz alohida odam ham, kishilik jamiyati ham mavjud bo'la olmaydi. Chunki odam va jamiyatning mavjudligini ta'minlaydigan qadriyatlar Tarbiya tufayligina bir avloddan boshqasiga o'tadi.
Ma'lumki, so'nggi yillarda globallashuv turli tuman qarashlar asosida, deyarli barcha ijtimoiy hodisalar bilan bog'liq ravishda talqin etilayotgan muammolardan biriga aylandi.
Hozirgi kunda globallashuv jarayoni yangi-yangi hudud va mintaqalarni, inson faoliyatining barcha sohalarini o'z domiga tortayotganining guvohi bo'lmoqdamiz. Ayniqsa, ba'zi nosog'lom kuchlar, mafkuraviy va ma'naviy sohada o'z g'oya hamda mafkuralarini singdirish, ta'sir doiralarini kengaytirish maqsadida, o'z manfaatlarini ko'zlab, globallashuv jarayonidan kengroq foydalanishga intilmoqdalar.
Biz esa bundan yoshlarizni himoya qilishimiz uchun ularning ma'naviyatlarini yuksak qilishimiz va kamolotga erishishlari yo'lida barcha sharoitlarni yaratib berishimiz zarur hisoblanadi. Odam bolasiga beriladigan tarbiya, birinchi navbatda, ilmga, fanga asoslanmog'i, ta'limiy jihatdan to'g'ri tashkil etilmog'i lozim. Agar tarbiya pala-partish holda savodsizlarcha tashkil etilsa, tizimli va muntazam ravishda olib borilmasa, bunday «tarbiya» inson kelajagiga, shaxsning shakllanishiga faqat zarar keltiradi. Mana shu qoidalarga amal qilingandagina ta'lim-tarbiya o'zining pirovard maqsadiga erishishi - komil insonni voyaga etkazishi mumkin.
Payg'ambarimiz Muhammad(a.s.) komil inson sifatlariga shunday ta'rif berganlar: “Komil musulmon shunday kishiki, boshqa musulmonlar uning tili va qo'lidan salomat bo'ladilar”.
Islom dinida mukammal komil inson deya biz Muhammad (a.s.)ni olishimiz mumkin. U zot Alloh taolo tomonidan insoniyat rahmat qilib yuborilgandirlar. Ular barcha insoniy fazilatlar ziyodasi bilan jamlangan yuksak axloq sohibi bo'lgandirlar. Ularning yuksak axloq sohibi ekanliklarini Alloh Taolo ta'kidlab:
وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ
“Va albatta, sen ulkan xulqdasan ”(Qalam,4),
deya marhamat qiladi. Rasululloh (a.s.)ning o'zlari ham:
“Men kishilarning axloqlarini mukammal qilish uchun yuborildim” deya marhamat qilganlar. Va juda ko'p bor farzand tarbiyasi va uning ilm olishiga e'tibor qaratib, bizga o'zlarining muborak hadisi shariflarini qoldirganlar.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, har bir farzand tarbiyasida doimo pokizalikka va axloqqa e'tibor qaratish lozim. Albatta farzandlarimiz kelajagiga e'tiborli bo'lish, ularning kamoloti yo'lida xech narsani ayamaslik darkor.
Zero, Prezidentimiz Islom Karimov:
“Farzandga mehr qo'yish,ularning qornini to'q, ustini but qilish o'z yo'li bilan, lekin bolalarning yoshlik chog'idan boshlab milliy tarbiya, axloq-odob, yuksak ma'naviyat asosida voyaga etkazish biz uchun doimo dolzarb ahamiyat kasb etadi” deya ta'kidlab o'tganlar.
I.Zuhriddinov,
Andijon viloyati, Izboskan tumani
“Ahmadali xoji” masjidi imom noibi
“Yashil”, ya’ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu maqolada masalaning xalqaro miqyosdagi dolzarbligi, ayni yo‘nalishdagi so‘nggi tajriba va yangiliklar, soha istiqboli bilan bog‘liq tahlilga e’tibor qaratamiz.
“Yashil” energiya nima?
Quyosh, shamol, suv, shuningdek geotermal va biomassa kabi qayta tiklanuvchi manbalar orqali hosil qilinadigan bunday energiya turlari tabiiy jarayonlar bilan bog‘liq. Umuman, “yashil” energiyaning asosiy afzalliklari ifloslantiruvchi chiqindini kamaytirish, tabiiy resurslarni tejash va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish kabi omillarda namoyon bo‘ladi.
Xalqaro tajriba va yangiliklar
1. Quyosh energiyasi. O‘zbekistonda Xitoy bilan hamkorlikda 2023 yil yo‘lga qo‘yilgan “Sirdaryo quyosh elektr stansiyasi” misolida ko‘rinadiki, bunday loyihalar nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki eksport imkoniyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Binobarin, XXR jahonda eng yirik quyosh panellari ishlab chiqaruvchi davlat sifatidagi o‘rnini izchil mustahkamlamoqda.
2. Shamol energiyasi. Shamol elektr stansiyalarining ulushi 50 foizga yetgan Germaniyada sohani yanada rivojlantirish maqsadida yangi texnologiyalar muntazam ravishda amaliyotga joriy etib boriladi. Xususan, akkumulator tizimi va aqlli tarmoqlar jarayonni takomillashtirishga xizmat qiladi.
3. Gidroenergetika. Norvegiyada gidroenergiya, ya’ni suv yordamida energiya ishlab chiqarish miqdori 90 foizga yetgan. Mamlakatda suv omborlaridan unumli foydalanish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiya joriy etilgan.
4. Geotermal energetika. Islandiyada geotermal energetika tizimi keng tarqalgan bo‘lib, orol elektr ta’minotining 85 foizini tashkil qiladi. Bu usulning afzalligi – doimiylik va barqarorlikda.
5. Biomassa. AQSHda biomassadan foydalanib qishloq xo‘jaligi chiqindisini samarali qayta ishlashning yangi usullari yaratilgan. Natijada atrof-muhitga yetkazilayotgan zarar miqdori keskin kamaytirilgan.
Kelajak va istiqbol
“Yashil” energiya bilan bog‘liq innovatsiya kelajakda yanada ommalashishi kutilyapti. Bu jarayonda quyidagi omillar muhim o‘rin tutadi:
– Texnologik rivojlanish. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratishda yangi texnologiya, masalan nano texnologiya joriy etilishi bilan samaradorlikni orttirish mumkin.
– Investitsiya. Jahon banki va boshqa moliyaviy institutlar “yashil” energetika loyihalariga sarmoya kiritishda davom etyapti. Bu global darajada barqaror rivojlanishni ta’minlaydi.
– Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash. “Yashil” energiyani rivojlantirish iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatini kamaytiradi. BMTning “2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlari” doirasida davlatlar, xususan O‘zbekiston “yashil” energetika yo‘nalishini kuchaytirishga intilmoqda.
– Ijtimoiy omillar. “Yashil” energetika sohasi rivojlanishi yangi ish o‘rinlari yaratishga keng yo‘l ochadi.
Xulosa shuki, “yashil” energiya manbalari insoniyat ekologiya muammolariga yechim topishida muhim vosita hisoblanadi. Xalqaro miqyosda orttirilayotgan innovatsion tajriba soha istiqboliga katta umid bilan qarash imkonini beradi.
Insoniyat uchun barqaror kelajak yaratish sari mamlakatimiz ham dadil qadam tashlar ekan, o‘zbek xalqining ertasi nurli ekanligiga ishonchimiz komil.
Musulmon Ziyo, O‘zA