– Bu yil ro'za tutayapman. Ammo birinchi o'rinda ozish uchun ro'za tutaman, degandim. Yaqinda dugonam bunaqa niyat bilan tutilgan ro'za qabul bo'lmaydi, dedi. Shu rostmi?
Mohidil, Namangan viloyati
– Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sallollohu alayhi vasallam: «Kim Ramazon ro'zasini imon keltirib, savob umidida tutsa, avval qilgan gunohi kechiriladi», dedilar.
Hadisning ma'nosi: «Allohning va'da qilgan savobiga ishonib, riyo va boshqa maqsadda emas, balki Allohning mukofotidan umid qilib tutsagina gunohi kechiriladi», deyiladi. («Fathul boriy» kitobidan).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ro'za haqida shunday dedilar: «Odam bolasining barcha amaliga (savob) ko'paytirib beriladi. Bir yaxshi amalga o'n barobardan etti yuz barobargacha savob bor. Alloh azza va jalla: «Faqat ro'za unday emas. Uning mukofotini O'zim beraman. Axir bandam shahvatini, taomini Men uchun tark qilyapti», deb aytadi. Ro'zador uchun ikki xursandchilik bor: biri iftor vaqtida, ikkinchi xursandchilik esa Robbisining huzuriga borganda. Shu sababli siz eng avvalo ro'zaning savobidan umid qilib ro'za tuting.
– Ba'zan kishi ro'zaligini unutib, bilmay ovqat eb qo'yishi yoki suv ichib qo'yishi mumkin. Bunda ro'za buziladimi?
Muslima, Buxoro viloyati
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Agar qay biringiz unutib eb-ichib qo'ysa, ro'zasini kamoliga etkazaversin. Uni Alloh edirib-ichiribdi». Ya'ni, kim ro'zaligini unutib, ul-bul narsa ebyoki ichib qo'ysa, ko'ngli xijil bo'lmasin va ro'zasini tutishda davom etsin. Demak, uni Alloh taolo mehmon qilibdi.
– Ba'zan saharlikka uxlab qolaman, ammo kechqurun ertaga ro'za tutaman, deb niyat qilib yotaman. Saharlikka uxlab qolganimda ham ro'za hisoblanamanmi?
Madina, Toshkent
– Ramazon oyida niyatni kechasi qilishni esidan chiqarib qo'ygan bo'lsa, kunduzi zavol (quyoshning og'ishi, kunning ikkinchi yarmi)gacha niyat qilsa bo'laveradi (Hidoya).
Niyat ro'zaning farzlaridan biri bo'lib, uning avvali vaqti saharlikk va oxirgi vaqti zavolgacha hisoblanadi. Saharlikdan oldin, hatto ba'zi qavllarda (Fath ul-Qadiyr) iftorlikdan keyin ham ertangi kunning ro'zasi uchun niyat qilsa bo'laveradi. Lekin zavol vaqtidan keyin niyat qilib bo'lmaydi (Muxtasar al-Viqoya).
– Ramazon oyida biron kishining tobi qochib qolsa, unga ukol qilish mumkinmi? Ba'zilar ukol ro'zani ochmas emish, deydilar. Iltimos shu to'g'risida ma'lumot bersangiz.
Akmal, Toshkent
– Alloh taolo bandalarini foydasini ko'zlab, har bir ibodatga engillik berib qo'ygan. Jumladan, ro'za tutuvchiga ham agar u safarda yoki kasal bo'lsa, boshqa kunlari ro'za tutib berishi aytilgan. Ro'za tutuvchi kishi sog'lig'iga jiddiy xavf bo'lmasa, ukol vaqtini iftorlikdan keyin yoki saharlikdan oldin qildirib olgan ma'qul. Lekin ro'za tutganda sog'lig'i yomonlashgani tufayli ukol olmasa, hayoti xavf ostida bo'lsa, ukol olib, ro'zasini qazosini Ramazon tugagandan keyin tutib beradi. Eng maqbul bo'lgan yo'l shudir.
Fatvo hay'ati
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlagan: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208 oyat).
Tinchlik Alloh taolo butun insoniyatga in’om etgan eng ulug‘ ne’matdir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tinchlik va xotirjamlik haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar bebahradirlar” Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Alloh taolo O‘zining fazlu karami ila inson zotini aql va idrok sohibi qilib yaratdi va unga behisob ne’matlarni ato qildi. Shu bilan birga bergan ne’matlariga shukr aytishga ham buyurib, muborak kalomida shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda qilish va’da qildi:
Alloh taolo Quroni karimda shunday marhamat qiladi: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7-oyat). Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga biror xursandchilik ish bo‘lsa yoki xabar berishsa Allohga shukr qilib sajda qilar edilar. Demak, Parvardigorimiz biz bandalarga bergan tansihatlik, farovonlik, baxtu saodat, tinchlik va osoyishtalik kabi ulug‘ ne’matlarga shukr aytsak, qadriga yetsak – Alloh buni ne’matni bardavom etadi.
Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror aylasin. Yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!
Abdulbosit Xamdamov, Yangi Namangan tumani
"Usmon Zunnuroyn" jome masjidi imom xatibi
Manba: @SOFTALIMOTLAR