frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Zakot berishga oid fatvolar

19.06.2015   1655   6 min.
Zakot berishga oid fatvolar

Zakot, kafforat, fitr sadaqasi, ushr, nazr kabi to'lovlarda beriladigan narsa yoki hayvon o'rniga ularning qiymati miqdorida pul bilan to'lash ham mumkin. (Fatovoyi Olamgiriya”)

 

2. Tuyalardan zakot berilganda erkagidan emas, urg'ochisidan beriladi. Qo'ylardan berilganda esa, erkak-urg'ochisining farqi yo'q. (“Fatovoyi Olamgiriya”)

 

3. Boydan zakot puli (qirqdan bir) miqdorida qarzi bor kambag'alga o'sha pulni zakot niyati bilan hadya qilib yuborsa, zakotga o'tmaydi. Qarzni undirib olishning shar'iy yo'li quyidagicha: Unga zakot niyati bilan pul berib, so'ngra qarzini undirib oladi. (“Sirojiya”)

 

4. Qo'lida yarim nisob boyligi bo'lib, odamlarda ham yarim nisob miqdorida qarzga bergan puli bor odam zimmasiga zakot berishlik vojibdir.   (“Fatovoyi Bazzoziya”)

 

5. Bir necha hovlisi, do'konlari va ko'p miqdorda g'allasi bo'lsa ham o'zi va oilasining bir yillik xarajatiga etib etmay turgan bo'lsa, shunday odam ham zakot olishi joiz. Bu imom Muhammad rahmatullohi alayhi so'zlaridir.      (“Fatovoyi Bazzoziya”)

 

6. Fiqh ilmi bilan shug'ullanadigan olimning uyidagi kitoblari juda katta mablag'ga teng bo'lsa ham agar ulardan foydalanib turishga muhtoj bo'lsa, bu kitoblardan zakot berishi vojib emas. Lekin zarur bo'lmaydigan kitoblarning qiymati nisobga etsa, ulardan zakot berishi vojibdir. (“Fatovoyi Olamgiriya”).

 

7. Qarzdor uzoq joyga qochib ketsa, qaraladi – agar qarz bergan odam uni topib kelishga qodir bo'la turib, harakat qilmasa, zakot soqit bo'lmaydi. Topib kelishga imkoniyati bo'lmasa, undagi qarz puldan zakot bermaydi.                    (“Fatovoyi Olamgiriya”).

 

8. Zakotda yil hijriy-qamariy sana bilan o'lchanadi (354 kun). Yilning boshi va oxirida zakot nisobi mavjud bo'lib, o'rtasida nisobdan kamayib turishi zakotning soqit qilmaydi. (“Fatovoyi Olamgiriya”).

 

9. Yil davomida foyda va qo'shimcha daromadlar nisobga etgan boyligiga qo'shiladi. Nisobga etmagan boyligiga qo'shib hisoblanmaydi. Agar nisobga etmagan moliga yangi daromadni qo'shganida nisobga etadigan bo'lsa, qo'shib shu kundan boshlab yil o'tishini kutadi. (“Fatovoyi Olamgiriya”).

 

10.    Birovga omonatga pul qo'ygandan keyin o'sha odam kim ekanini unitib qo'ygan bo'lsa, zakot beradigan vaqti o'tib ketganidan keyin omonat saqlovchi odamning kimligi esiga kelsa va u notanish odam bo'lsa, o'tgan yil uchun zakot bermaydi. Bordi-yu, u odam eskidan o'zining tanishi bo'la turib, esidan chiqargan bo'lsa, esiga tushgandan keyin o'tgan yil uchun zakot beradi. (“Fatovoyi Bazzoziya”).

 

11. Bir necha hovlisi, do'konlari va ko'p miqdorda g'allasi bo'lsa ham o'zi va oilasining bir yillik xarajatiga etib-etmay turgan bo'lsa, shunday odam ham zakot olishi joiz. Bu Imom Muhammad rahmatullohi alayhi so'zlaridir. (Fatovoyi Bazzoziya”).

 

12. Zakotni qarzdor kishiga berish uni faqir kishiga bergandan ko'ra yaxshiroqdir. (“Fatovoyi Bazzoziya”).

 

13. Hovlidagi mevali daraxtlarning mevasidan ushr berilmaydi, balki dalasidagi – bog'idagi daraxtlarning mevasidan ushr beriladi. Zero, hovlidagi narsalar undagi imoratlarga tobe hisoblanib, ulardan zakot yoki ushr olinmaydi. (“Fatovoyi Bazzoziya”).

 

14. Boyligini daladagi eriga yashirib ko'mib qo'yib, so'ngra bir necha yil topa olmay yurgandan keyin topsa, o'tgan yillar uchun undan zakot berilmaydi. Ammo uyining biror joyiga yashirib qo'ygan boyligini bir necha yil topa olmay yurgan odam topgach, o'tgan yillar uchun uchun undan zakot beradi.  (“Fatovoyi Qozixon”).

 

 

 

O'zbekiston musulmonlari  idorasi

fatvo hay'ati

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida ziyorat turizmi yangi bosqichga chiqmoqda

14.07.2026   4386   3 min.
O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida ziyorat turizmi yangi bosqichga chiqmoqda

G‘arbiy Yava provinsiyasining ma’muriy markazi Bandung shahrida O‘zbekiston turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va ziyorat turizmi imkoniyatlarini Indoneziya jamoatchiligiga keng tanitish, ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.

Tadbir avvalida G‘arbiy Yava provinsiyasining iqtisodiy va demografik salohiyati haqida ma’lumot berildi. Aholisi qariyb 51 millionni tashkil etuvchi mazkur hudud Indoneziyaning eng yirik va iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mintaqalaridan biri hisoblanadi.

Hududda avtomobilsozlik, elektronika, to‘qimachilik, kimyo sanoati, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalari jadal rivojlangan. Shu bilan birga, G‘arbiy Yava Indoneziyada haj va umra xizmatlari bozorining yetakchi markazlaridan biri sifatida ham tanilgan bo‘lib, aholisining katta qismi musulmonlardan iborat.

Uchrashuvda qayd etilganidek, G‘arbiy Yavada yuzlab litsenziyalangan haj va umra turoperatorlari faoliyat yuritadi va har yili yuz minglab fuqarolar muqaddas safarlarni amalga oshiradi. Bandung shahri esa diniy-ma’rifiy markaz sifatida muhim o‘rin tutadi. Aynan shu omillar O‘zbekiston bilan ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjud ekanini ko‘rsatadi.

Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistonning tarixiy shaharlari – Samarqand, Buxoro, Xiva va Termizning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni, mamlakatdagi muqaddas qadamjolar, buyuk allomalar merosi hamda so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlandi.

Shu bilan birga, zamonaviy turistik infratuzilma, xalqaro standartlarga javob beradigan mehmonxonalar, transport-logistika imkoniyatlari va xorijiy mehmonlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videoroliklar ham namoyish etildi. Taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

So‘zga chiqqan G‘arbiy Yava Haj va umra uyushmasi rahbarlari O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ularning fikricha, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri bo‘lib, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband kabi allomalar merosi indoneziyalik musulmonlar uchun katta ma’naviy ahamiyatga ega.

Shuningdek, Jakarta va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi qayd etildi. G‘arbiy Yavadagi yirik turoperatorlar, jumladan “DAGO Travel” kabi kompaniyalar O‘zbekiston yo‘nalishiga katta qiziqish bildirmoqda. Ayrim operatorlar har yili yuzlab indoneziyalik ziyoratchilarni O‘zbekistonga yuborish amaliyoti mavjudligini qayd etdi.

Tadbir ishtirokchilari Samarqand, Buxoro va Termiz kabi shaharlarni o‘z ichiga olgan turpaketlar indoneziyalik sayyohlar uchun juda jozibador ekanini ta’kidladi.

Anjuman yakunida O‘zbekistonga safar qilish tartibi, viza rejimlari, aviaqatnovlar, mehmonxona infratuzilmasi va turoperatorlar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ushbu taqdimot O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda mamlakatimizga indoneziyalik sayyohlar oqimini oshirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari