1. Chorva mollarining erkagu urg'ochisidan nisobga etgach, zakot beriladi.
Lekin sharti yarim yildan ortiq dalada, o'tloqda boqilgan bo'lishi va maqsadi sutidan foydalanish, naslini ko'paytirish, bahosini oshirish bo'lishi kerak. Hayvonlarni boqishdan maqsad ularda yuk tashish, minish bo'lsa, zakot vojib bo'lmaydi.
2. Chorva mollarini sotib foydalanish, ya'ni tijorat niyati bilan boqayotgan bo'lsa, ularning qiymatini pulga hisoblab, zakot chiqaradi, necha bosh ekaniga qarab emas. (“Fatovoyi Olamgiriya”)
3. Chorva mollarining turiga va adadiga qarab zakot belgilanadi. Masalan, har beshta tuyaga beshtadan qo'y, 25 ta tuyaga bitta bir yoshdan ikkinchi yoshga qadam qo'ygan bo'taloq, 36 ta tuyaga ikki yoshdan o'tib, uchinchi yoshga qadam qo'ygan bo'taloq beriladi va hokazo.
Qo'y va echkining 40 tasiga bir yoshlik bitta qo'y, 120 taga etgach, ikkita qo'y va hokazo. Sigir 30 taga etgach, bir yoshlik buzoq, 40 taga etgach, ikki yoshdan uch yoshga qadam qo'ygan g'unajin va hokazo.
Har bir urg'ochi otdan-biyadan bir dinor yoki nisobga etadigan qiymatning 40 dan bir foizi beriladi. Otlar erkak-urg'ochi aralash bo'lsa, ulardan zakot beriladi. Ammo faqat erkak otlar bo'lsa, ulardan zakot berilmaydi. Lekin tijorat uchun boqayotgan bo'lsa zakot beradi. (“Fatovoyi Olamgiriya”)
4. Eshak, xachir, qoplon, o'rgatilgan itlardan tijorat uchun saqlanayotgan bo'lsagina zakot beriladi.
Tuya, sigir, qo'y va echkilarning bir yoshga to'lmagan bolalari alohida boqilayotgan bo'lsa, ulardan zakot berilmaydi. Ammo ularga bitta katta yoshlisi qo'shilsa ham barchasi unga tobe bo'lib qoladi va nisob uchun hisobga olinadi. Masalan, 3 ta qo'zi bilan bitta uch yoshga qadam qo'ygani bo'lsa, bir qo'y zakotga ajratiladi. (“Fatovoyi Olamgiriya”, “Sirojiya”)
5. Zakot farz bo'lgan odam uni ado etmay turib vafot topsa, zakot soqit bo'ladi.
“Fatovoyi Olamgiriya”
O'zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay'ati
Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan “Umra+Ziyorat turizmi” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistonning milliy ekspozitsiyasi namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Lutfi Kirdar kongress-ko‘rgazma markazida tashkil etilgan nufuzli tadbirda 400 dan ortiq xorijiy kompaniya hamda Turkiya turizm sohasining qariyb 1,5 ming nafar vakili ishtirok etdi.
Umra turizmi tashkilotlari uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning ziyorat turizmi imkoniyatlari, muqaddas qadamjolari, boy tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy infratuzilmasi haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Ekspozitsiyada Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qo‘qon va Toshkent shaharlarining turizm imkoniyatlari, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar, mashhur ziyoratgohlar hamda sayyohlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar keng yoritildi.
Ko‘rgazma doirasida milliy an’analar, hunarmandchilik, o‘zbek milliy taomlari, mehmondo‘stlik madaniyati hamda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan taqdimotlar ham o‘tkazildi.
Turkiya, Yaqin Sharq davlatlari va boshqa mamlakatlardan kelgan turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxona biznesi va ziyorat turizmi sohasi vakillari bilan B2B formatida ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Suhbatlar davomida O‘zbekistonga ziyoratchilar oqimini ko‘paytirish, qo‘shma turistik mahsulotlarni shakllantirish va o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonning mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki mamlakatimizning Markaziy Osiyoda ziyorat turizmining yetakchi yo‘nalishlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash hamda xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati