«Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va g'aflatdadir.
Banda uchun Alloh taoloning ne'matlari ichida iymon va ma'rifatdan ulug'i yo'qdir. Unga erishish uchun bag'rikenglik va qalb ko'zi o'tkirligidan boshqa vasila yo'qdir.
Kufr va ma'siyatdan kattaroq balo va ofat yo'qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko'rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo'qdir.
Ziyrak kishilar Alloh taolo ularni hidoyatini iroda qilgan va qalblarini Islomga keng qilib qo'yganlardir.
Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo'yganlardir.
Mutakabbir o'z hidoyatiga kafil bo'lishi uchun qalb ko'zi ochilmagan kishidir».
Imom G'azzoliy
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uzrli paytida pishirgan ovqatni yeb bo‘lmaydi, shuning uchun bunday ayol ovqat tayyorlamasligi kerak, degan gap eshitdim. Shu gap to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, dinimizda bunday ta’qiq mavjud emas. Hayz ko‘rgan ayol bemalol ovqat tayyorlashi, pishirishi mumkin. Ulamolar hayz ko‘rgan ayolga oid hukmlarni bayon qilarkanlar, ayol kishi xamir qorib, yopgan nonini, pishirgan ovqatini yeyish mumkin ekanini ta’kidlaganlar. Shuningdek, ayol kishi uzrli paytlarida, erkak yotoqni alohida qilib olishdan ham qaytarilgan. Ya’ni shariatimizda ayol kishining uzrli bo‘lib qolgani uchun undan jirkanilmaydi, tashlab qo‘yilmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.