Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2026   |   10 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
25 Iyun, 2026, 10 Muharram, 1448

Muftiy hazratlari: Alloh uchun qilingan amal – duo mustajob bo'lishiga vasiladir

25.07.2022   1807   5 min.
Muftiy hazratlari: Alloh uchun qilingan amal – duo mustajob bo'lishiga vasiladir

Habar berganimizdek, bugun, 25 iyul' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Samarqand shahriga tashrif buyurdilar.

Muftiy hazratlarini Samarqand temir yo'l vokzalida viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov kutib olib, safar davomida hamrohlik qilmoqda.

Tashrif davomida Muftiy Nuriddin domla hazratlari “Ho'ja Ishoqi Vali” masjidida bo'lib, jamoat bilan peshin namozini ado etdilar.

Namoz va duolardan so'ng Zayniddin domla Eshonqulov jamoatga Muftiy hazrat boshchiligidagi ulamolar tashrifi, ularning ma'ruza, pand-nasihatlaridan foyda olishga harakat qilish lozimligi haqida gapirdi. Shuningdek, Muftiy hazratga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, mav'iza qilib berishlari uchun minbarga taklif etdi.

Muftiy hazratlari so'zlari avvalida viloyatga tashrifning ilk uchrashuvidayoq ushbu jome qavmi bilan suhbat bo'layotganidan xursand ekanlari, ulamolar olis va chekka hududlardagi aholi vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar, taniqli ulamolar ishitirokida jome masjidlarda suhbatlar o'tkazish, hudud ahlini yurtimizda bo'layotgan o'zgarishlar mazmun-mohiyati haqida xabardor qilish bilan bir qatorda, ularning dardu tashvishlariga ko'maklashish, fikr-mulohazalarini tinglash va diniy sohaga tegishli muammolarini joyida o'rganib, bartaraf etish ham ko'zda tutilganini bayon qildilar.

Shundan so'ng Muftiy hazratlari xolis amalning ikki dunyoda foydasi, aksincha riyo, sum'a aralashgan amalning ofati haqida oyat-hadis va hayotiy misollar ila go'zal ma'ruza qilib berdilar. Jumladan, Alloh uchun qilingan amal duo mustajob bo'lishiga vasila ekanini aytib, quyidagi ibratli voqeani so'zlab berdilar:

“Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Uch kishi piyoda yo'lga chiqdi. Keyin yomg'irda qolib, tog'dagi bir g'orga kirib olishdi. Birdan oldilariga (g'or og'ziga) bir xarsang tushdi. Shunda ular bir-birlariga: «Allohga o'zingiz qilgan eng afzal amal ila duo qilinglar», deyishdi. Ulardan biri: «Allohim! Mening yoshi ulug', keksa ota-onam bor edi. Men chiqib, qo'y boqar edim, keyin kelib, sut sog'ar va uni ota-onamga olib kelar edim. Uni ular ichishardi, so'ngra go'daklarim va ahlu ayolimga ichirar edim. Bir kecha ushlanib qoldim. Kelsam, ikkovlari ham uxlab qolishibdi. Ularni uyg'otgim kelmadi. Bolalar esa oyog'im ostida izillab yig'lashar edi. Men ham, ota-onam ham tong otguncha shu holda bo'ldik. Allohim, agar meni shu ishni Sening roziligingni istab qilgan, deb bilgan bo'lsang, bizga bir tirqish ochgin, undan osmonni ko'raylik», dedi. Shunda ularga tirqish ochildi. Boshqasi esa: «Allohim, O'zing bilasanki, men amakimning qizlaridan birini erkak kishining ayollarni eng qattiq sevishidek sevar edim. (Qiz) «Yuz dinor bermaguningcha bunga etisha olmaysan», dedi. Men shunga (pulga) urinib yurib, nihoyat uni to'pladim. Keyin uning ikki oyog'i orasiga cho'kkalaganimda, u: «Allohdan qo'rq! Haqini bermay turib muhrni ochma!» dedi. Shunda men o'rnimdan turib ketdim va uni tark etdim. Agar meni shu ishni Sening roziligingni istab qilgan, deb bilgan bo'lsang, bizga bir tirqish ochgin», dedi. Shunda ularga uchdan ikki qism ochildi. Keyingisi: «Allohim! O'zing bilasanki, men bir faraq* makkajo'xori evaziga mardikor yollagan edim. Keyin unga shuni bergan edim, olishdan bosh tortdi. Men o'sha bir faraqni ataylab ekib, shuning orqasidan sigirlar va ularning molboqarini ham sotib oldim. Keyinroq u kelib: «Ey Allohning bandasi, haqimni ber», dedi. Men: «Anavi sigir va uning molboqariga bor, ular seniki», dedim. U: «Meni masxara qilyapsanmi?» dedi. Men: «Seni masxara qilayotganim yo'q, ular seniki», dedim. Allohim, agar meni shu ishni Sening roziligingni istab qilgan, deb bilgan bo'lsang, bizni qutqargin», dedi. Shunda ularga (yo'l) ochildi». * Faraq – o'n olti ratl (olti yarim litrdan ko'proq) suv sig'adigan mis idish. U Hijozda shu nom bilan yuritilgan” (Ikki shayx va Nasaiy rivoyati).

Suhbat davomida Muftiy hazratlari ushbu hadisdagi voqeani misol qilib har kim o'ziga mening ana shunday faqat Haq taolo roziligi uchun qilgan amalim bormi, deya savol berishi lozimligini ta'kidladi. Mazmunli va ta'sirli ma'ruzani qavm diqqat bilan tinglab, ko'zlari namlanib, qalblari yumshadi. Shuningdek, o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Yakunda Haq taolodan yurt tinchligi, xalq farovonligini so'rab duoi xayrlar qilindi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Zinniyra roziyallohu anho va ilohiy muhabbat

24.06.2026   4621   1 min.
Zinniyra roziyallohu anho va ilohiy muhabbat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Zinniyra roziyallohu anho Abu Jahlning quli edi. U zot iymon keltirganida, Abu Jahl bundan xabar topib, uni juda qattiq azoblaydi. Zinniyra katta yoshda bo‘lishlariga qaramasdan, ayanchli azoblarga bardosh beradilar. Chunki u zot iymon keltirsalar qanday mashaqqatlar bo‘lishini yaxshi bilganlar. Abu Jahl u zotning tilidan kufr kalimasi chiqmayotganini ko‘rib darg‘azab bo‘ladi va boshlariga qattiq narsa bilan uradi. Buning natijasida Zinniyra roziyallohu anhuning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi. Shunda kofirlar “sen bizning butlarimizga sig‘inishni tark etganing uchun ularning g‘azabiga duchor bo‘lding”, deb mazax qilishadi. U zot shuncha qiyinchiliklarga chidaydilar, mashaqqatlarga bardosh beradilar lekin Allohning sha’niga bo‘lgan bu so‘zlariga chidab turolmaydilar.
Darhol sajdaga yiqiladilar va haqiqiy ma’budga o‘z hollarini shikoyat qiladilar: “Yo Allohim! Ular meni juda ko‘p qiynoqlarga solishdi, ta’na-malomatlar qilishdi, ularning barchasiga chidadim. Mening suyaklarimni sindirishdi, jismimni ilma-teshik qilishdi barchasiga bardosh berdim. Lekin, Sening sha’ningga noloyiq so‘zlarni so‘zlashganiga chiday olmadim. Ularning aytishicha, toshdan yasalgan butlari meni ko‘r qilib qo‘ygan emish. Allohim! Mening ko‘z nurimni qaytargin, toki ularga sening ulug‘liging namoyon bo‘lsin”.

Zinniyra roziyallohu anho duoga ko‘targan qo‘llarini yuzlariga tortmasdan turib, Alloh taolo u zotga ko‘z nurlarini qaytarib berdi. Subhanalloh! U davrdagi erkaklar qanchalik mard bo‘lsalar, ayollarining ham qalbida ilohiy ishq jazbalari limmo-lim edi.


Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ilohiy ishq" kitobidan Nodir Odinayev tarjimasi