Islom insonni mukarram qilish bo'yicha ko'rgan choralar ichida libos masalasi ham bor. Bu masalada insonning kiyinish madaniyatiga rioya qilishi o'zi uchun obro' va martaba ekani, go'zallik va ziynat ekani bir nechta kitoblarimizda zikr qilingan.
Alloh taolo A'rof surasida marhamat qiladi: «Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to'sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o'sha yaxshidir. Ana o'shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar» (26-oyat).
Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri libosdir. Odamning avrati – aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zaruri avratni pinhon tutadigani hisoblanadi. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a'zolarini ham to'sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Huddi shuningdek, libosni o'z o'rnida, ya'ni shariatga muvofiq kiygan inson ziynatli hisoblanadi.
Yuqorida aytganimizdek, Alloh taolo kiyim-boshni insonga avratini to'ssin, o'zini tuzatsin, deb bergan. Ammo barcha sohada haddida turmagan inson bu o'rinda ham turli buzuqliklarga yo'l qo'ydi. Ba'zilari kiyim-boshni faxr va g'urur vositasi, ikkinchilari uni hayotdagi asosiy maqsad qilib oldi. Qadr-qiymatni ham kiyim-bosh bilan o'lchay boshladi. Uchinchilari kiyimni tor va yupqa kiyib, undan ko'zlangan asosiy maqsadni suiiste'mol qilishga kirishdi. Hususan, tarbiyasiz ayollar libosni aynan avratni bo'rttirib ko'rsatish uchungina kiydilar. Bu esa yuksak insoniy sharafni erga uradigan holatdir. Shuning uchun ham Islom bu ishlarda o'z ta'limotlarini joriy qildi.
Boshqa dinlar, tuzumlar va xalqlarning bu boradagi tasarruflariga qaraydigan bo'lsak, Islomdagi kabi mo''tadillikni ko'rmaymiz. Ular yoki u tarafga, yoki bu tarafga og'ib ketgan bo'ladilar.
Ularning ba'zilari eb-ichish, kiyish va sadaqa ishlarida tarki dunyo yo'lini tutib, imkoni bor narsani qilmasdan, o'zini o'zi qiynaydi. Albatta, hozirda bu toifadagilar oz.
Ba'zilar esa hayotni eb-ichish, kiyinishu o'yin-kulgidan iborat, deb xayol qiladi. Butun imkoniyatlarini mazkur narsalarga sarflaydi.
Yeb-ichishda ham, kiyinishda ham, sadaqa qilishda ham doimiy va chegarasiz ravishda isrofga yo'l qo'yadilar. Eng yomoni, bu masalada dunyoqarashlari noto'g'ri bo'lgani sababli eydigan taomlari, ichadigan ichimliklari, kiyadigan kiyimlari va qiladigan sadaqalari ila manmanlik, mutakabbirlik qiladilar. Hozirda xuddi shu toifa ko'pchilikni tashkil etadi.
Ming afsuslar bo'lsinkim, ba'zi musulmonlik da'vosini qilib yurganlar ham Islom ta'limotlaridan uzoqlashish, ularga amal qilmaslik oqibatida bu masalada xatoga yo'l qo'yadilar. Oqibatda turli-tuman muammolar kelib chiqadi.
Manbalar asosida tayyorlandi
So'fiyev Abdulhakim
O'zbekiston musulmonlari idorasi Pop tumani bosh imom-xatibi
Ukrainaning “Kyiv Diplomatic” jurnali veb-saytida qadimiy Buxoro shahrining zamonaviy madaniy va sayyohlik rivojlanishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Jurnal yozishicha, AQSHning "The New York Times" nufuzli gazetasi O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri - Buxoroga bag‘ishlangan maqola chop etgan. Gazetada Buxoro ming yildan ziyod vaqt davomida Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgani ta’kidlangan.
Jumladan, Ark qal’asi, maqbaralar, madrasalar va moviy gumbazli masjidlardan iborat boy me’moriy merosga alohida e’tibor qaratilib, ularning ko‘pchiligi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani qayd etilgan.
Jurnalda ta’kidlanishicha, bugungi kunda Buxoro xalqaro madaniy markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda. O‘tgan yili ushbu shaharda o‘tkazilgan zamonaviy san’at biyennalesi, infratuzilmaning rivojlanishi, yangi mehmonxona va restoranlarning ochilishi xorijiy sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.
“Kyiv Diplomatic” nashri mintaqaning boy gastronomiyasi, xususan, mashhur Buxoro oshi (osh sofi) va azaliy an’analarni o‘zida mujassam etgan hunarmandchilik mahsulotlari — so‘zana, sopol buyumlar va qo‘l mehnati bilan tayyorlangan qaychilarni alohida e’tirof etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati