Kiyim insonni tabiatning turli hodisalaridan va tanaga zarar beradigan tashqi ta'sirlardan asrashga xizmat qiladi. Kiyim insonning xarakterini, uning ichki va tashqi dunyosini, axloqiy sifatlarini, aqliy salohiyatini, estetik didini namoyon qiladigan omillardan.
Biz insonnning kiyimiga qarab, uning oilasidagi muhitni va qanday insonligini bilib olishimiz mumkin. Zamon tezlashib, yoshlar orasida hayo mezoniga javob bermaydigan turli kiyimlarning ko'payishi va yoshlar tili bilan aytganda «moda»larning kun sayin ortib borishi kiyinish odobi va ma'naviy axloqning buzulishiga olib kelyapti.
Afsuski, bu modalarning ortishi yoshlarning kiyinishiga juda katta ta'sir o'tkazyapti. Ayrim yigit va qizlarning kiyinishida deyarli farq qolmadi. Qizlarning shim kiyishi esa hozir ko'tarilayotgan masala emas. Tor shim kiyib olib, shataloq otib ko'chalarda hayo pardasini yulib tashlagan qizlardan yoki Yevropaning turli kinofil'mlaridan «o'rnak» olayotganlar soni ortib boryapti. Bunday yoshlarning ma'naviy axloqi allaqachon buzulib bo'lgan. Bir savol qiynaydi: nahotki uydan shunday rasvo tarzda kiyinib chiqayotgan qizning ota yoki akasi «Hey, o'zingni yig'ishtirib ol», demaydi. Bunday kiyinish va bunday yashash tarzini targ'ib qilayotganlarning asl maqsadlari bor.
So'nggi ikki yil davomidagi jahon modalarini tomosha qilsangiz, u erdagi ilgari surilayotgan fikrlarni ko'rasiz. Erkaklar kiyimlari modasida qarasangiz, ularning kiyimlarida turli gul bezaklaridan foydalanilgan, ipak matolar va shunga o'xshash bir qaraganda ayollar kiyimini esga soluvchi unsurlardan foydalanilgan. Ayollar kiyimlari esa aksincha – jiddiy tusda bo'lib, bir qaraganda, erkaklar kiyimlarini eslatib yuboradi. Bu esa insonning jinsini o'zgartirishga harakat qilishning ruhiy birinchi zarbasi hisoblanadi. Bunday o'zi juda sodda bo'lib ko'rinadigan tuzoqlarning ommalashishiga yoshlarimiz bilib-bilmay o'z hissa qo'shishyapti.
Dunyo musulmonlari bunday jinsni o'zgartirish kabi tuban ishga qarshi g'oyalarni olib borayotgan bir paytda biz uning rivojlanishiga sababchi bo'lib qolmaylik. Ko'chalarda qizlarning turli yirtiq shimlar kiyishiga guvoh bo'lyapmiz. Qiz bola uchun bunday shimlar kiyish harom. Huddi shunday erkak kishilar uchun ham ayollar kiyimiga o'xshash kiyimlarni kiyish harom.
Kiyim nafaqat kishining yuzi, balki uning oilasi, agar chetga chiqadigan bo'lsa, millatning yuzidir. Rivojlangan texnologiyalar zamonida yasharkanmiz, qaysi bir yoshning qo'liga qaramang, so'nggi rusumdagi telefonlari bor. Turli g'oyalarni inson onggiga singdirish uchun o'rgimchak to'ri deb atalmish internetning o'zi etarli.
Bunday zamonda yashayotgan har bir ota-ona uchun o'z bolasining qo'l telefonini tekshirish vojibdir. Chunki ular butun ma'lumotning 90 foizini kitobdan emas, turli internet saytlaridan olishyapti. Kiyinishda ham internet saytlarida ko'rib qolgan qandaydir shaxslarga taqlid qilishyapti. E'tibor berib qaraydigan bo'lsak, ayollarning kiyimi kun sayin behayolashib boryapti. Agar chuqurroq kirib boradigan bo'lsak, bu ish ham ayni bir maqsadning amalga oshayotganidan dalolat beradi. Hozirda ayollarimiz orasida burqa (niqob) taqish urfga aylanmoqda. Yuz va qo'llarni yopib oladigan darajada kiyinish yurtimizda fitnaga sabab bo'lyapti. Shunday kiyinish kerakki, bu fitnaga sababchi bo'lmasin.
Bizning mazhabimizda va jumhur ulamolar mazhabida ham ayol kishining yuz va kaft qismi avrat hisoblanmaydi. Bu to'g'risida turli hadislar rivoyat qilingan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Asmo, ayol kishi voyaga etganida undan mana bu va mana bu (yuz va qo'llarini ko'rsatib) joylaridan boshqa a'zosi ko'rinishi mumkin emas» deb yuz va ikki kaftlariga ishora qildilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Islom mo''tadillikni yoqtiradi va yoqlaydi. Kiyinish tarzimizda ham bunga amal qilishimiz eng go'zal ishlardan biridir. Kiyim bilan fahshni targ'ib ham qilmaylik, kiyim bilan fitnaga ham sababchi bo'lib qolmaylik. Dinimiz belgilagan mezonlarda, kiyinish madaniyatiga amal qilib libos kiysak, buning ajr va mukofotini Alloh taolo, albatta, beradi.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Sayyid Rahmatulloh Termiziy
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi