Qur'oni karimda payg'ambarlar alayhimussalomga itoat etishga oid kelgan ikkinchi ibora bu ittibo (ergashish)dir.
﴿قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ﴾
“Ayting (ey, Muhammad!): Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag'firat etadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
﴿الَّذِينَ يَتَّبِعُونَ الرَّسُولَ النَّبِيَّ الْأُمِّيَّ الَّذِي يَجِدُونَهُ مَكْتُوبًا عِنْدَهُمْ فِي التَّوْرَاةِ وَالْإِنْجِيلِ﴾
“Ular savodsiz elchiga – ismi o'zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg'ambarga (Muhammadga) ergashadilar” (A'rof surasi, 157-oyat).
﴿فَآَمِنُوا بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ النَّبِيِّ الْأُمِّيِّ الَّذِي يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَكَلِمَاتِهِ وَاتَّبِعُوهُ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ﴾
“Bas, Allohga va Uning rasuliga iymon keltiringiz! U (rasuli) Allohga va Uning kalimalari (ilohiy kitoblari)ga ishonadigan savodsiz payg'ambardir. Unga ergashingiz, toki hidoyat topgaysiz!” (A'rof surasi, 158-oyat).
﴿لَقَدْ تَابَ اللَّهُ عَلَى النَّبِيِّ وَالْمُهَاجِرِينَ وَالْأَنْصَارِ الَّذِينَ اتَّبَعُوهُ فِي سَاعَةِ الْعُسْرَةِ﴾
“Alloh Payg'ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul etdi. Ulardan bir guruhining dillari chalg'iyozgandan keyin og'ir (bir) soatda unga ergashgan edilar” (Tavba surasi, 117-oyat).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِيُّ حَسۡبُكَ ٱللَّهُ وَمَنِ ٱتَّبَعَكَ مِنَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ ٦٤
“Ey, Payg'ambar! Sizga va Sizga ergashgan mo'minlarga Alloh kifoyadir” (Anfol surasi, 64-oyat).
﴿رَبَّنَا آَمَنَّا بِمَا أَنْزَلْتَ وَاتَّبَعْنَا الرَّسُولَ فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِينَ﴾
“Ey, Robbimiz, nozil qilgan narsangga iymon keltirdik va Payg'ambarga ergashdik. Shunday ekan, bizni guvohlik beruvchilar bilan birga (qo'shib) yozgin!” (Oli Imron surasi, 53-oyat).
﴿قُلْ هَذِهِ سَبِيلِي أَدْعُو إِلَى اللَّهِ عَلَى بَصِيرَةٍ أَنَا وَمَنِ اتَّبَعَنِي﴾
Ayting: “Mening yo'lim – shu! Men va menga ergashganlar aniq hujjat bilan Allohga da'vat etamiz” (Yusuf surasi, 108-oyat).
﴿إِنَّ أَوْلَى النَّاسِ بِإِبْرَاهِيمَ لَلَّذِينَ اتَّبَعُوهُ﴾
“Odamlar ichida Ibrohimga do'strog'i – unga ergashganlar” (Oli Imron surasi, 68-oyat).
﴿وَجَعَلْنَا فِي قُلُوبِ الَّذِينَ اتَّبَعُوهُ رَأْفَةً وَرَحْمَةً﴾
“...unga ergashgan kishilarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik” (Hadid surasi, 27-oyat).
﴿وَأَنْذِرِ النَّاسَ يَوْمَ يَأْتِيهِمُ الْعَذَابُ فَيَقُولُ الَّذِينَ ظَلَمُوا رَبَّنَا أَخِّرْنَا إِلَى أَجَلٍ قَرِيبٍ نُجِبْ دَعْوَتَكَ وَنَتَّبِعِ الرُّسُلَ﴾
“(Ey, Muhammad!) Odamlarni ogohlantirib qo'yingki, ularga azob keladigan kuni (qiyomatda) zulm qilganlar: «Ey, Rabbimiz! Bizlarga ozgina muhlat bergin, Sening da'vatingga ijobat qilurmiz va payg'ambarlarga ergashurmiz», – deydilar” (Ibrohim surasi, 44-oyat).
﴿وَمَا جَعَلْنَا الْقِبْلَةَ الَّتِي كُنْتَ عَلَيْهَا إِلَّا لِنَعْلَمَ مَنْ يَتَّبِعُ الرَّسُولَ مِمَّنْ يَنْقَلِبُ عَلَى عَقِبَيْهِ﴾
“Payg'ambarning sizlarga guvoh bo'lishi uchun “o'rta ummat” qilib qo'ydik. Siz yuzlangan oldingi qiblani Biz faqat orqaga qaytib ketayotganlar ichida kim payg'ambarga ergashar ekan, deb qildik (qayta tikladik)” (Baqara surasi, 143-oyat).
﴿قَالَ يَا قَوْمِ اتَّبِعُوا الْمُرْسَلِينَ﴾
“...dedi: “Ey, qavmim! (Bu) elchilarga ergashingiz!” (Yosin surasi, 20-oyat).
﴿وَإِنَّ رَبَّكُمُ الرَّحْمَنُ فَاتَّبِعُونِي وَأَطِيعُوا أَمْرِي﴾
“Shubha yo'qki, sizlarning Rabbingiz Rahmondir. Bas, menga ergashingiz va amrimga itoat qilingiz!...» (Toho surasi, 90-oyat).
﴿فَقَالُوا أَبَشَرًا مِنَّا وَاحِدًا نَتَّبِعُهُ إِنَّا إِذًا لَفِي ضَلَالٍ وَسُعُرٍ﴾
“Bas, aytdilar: «Bizlar o'zimizning oramizdagi bir odamga ergashamizmi?! U holda bizlar haqiqatan ham gumrohlik va nodonlikda bo'lurmiz-ku!” (Qamar surasi, 24-oyat).
Yuqoridagi barcha oyatlar payg'ambar alayhissalomga itoat etish lozimligini ko'rsatadi. Zero, payg'ambarlar bashariyatga go'zal namuna o'laroq yuborilgandirlar. Ularning vazifalari faqatgina so'z orqali da'vat qilish bilan cheklanmaydi. Payg'ambarlarning hatti-harakatlari insonlarga hayot yo'lini ko'rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyiladi:
﴿لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا﴾
“(Ey, iymon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambarida go'zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).
Ma'lumki, faqatgina nazariy ta'lim bilan insonlarni isloh qilib bo'lmaydi. Bu borada odamlarga ergashishlari (taqlid qilishlari) uchun amaliy namuna lozim. Zero, inson soha mutaxassisidan amaliy ko'nikmalarni o'rganmay turib, faqatgina kitobdan nazariy bilimlarni o'rganish bilan muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Masalan, tibbiyot sohasida amaliyotni ko'rmay, o'rganmagan, faqat nazariy bilim olgan shaxsga inson hayotini topshirib bo'lmaydi. Bu misol har bir bilim sohasiga tegishli.
Hatto taom pishirishda ham faqatgina taomni qanday tayyorlash yo'riqnomasini o'qish bilan biror natijaga erishib bo'lmaydi, balki bunda ham amaliyot muhim sanaladi. Bir so'z bilan aytganda, insonlar biror narsani o'rganishda hamisha amaliy namunaga muhtojdirlar. Ayniqsa, diniy ta'limda juda muhim.
Shu sababli, Alloh taolo butun bashariyatga yuborgan payg'ambarlariga muqaddas kalomini ham qo'shib jo'natdi. To'g'ri, Alloh taolo ko'plab payg'ambarlarini yubordi, lekin ularning barchasiga ham ilohiy kitob nozil qilmadi. Ammo hech bir kitob payg'ambarsiz nozil bo'lgani yo'q. Makka mushriklari bir necha bor payg'ambarsiz kitob nozil qilinishini so'radilar, ammo ularning bu so'rovlari rad etildi. Sababi esa – oddiy. Chuni insonlar faqatgina kitobga emas, balki muallimga ham muhtojdirlar. Shu sababli, odamlar Alloh taolo yuborgan payg'ambarga itoat etishlari va ergashishlari shart.
Yuqorida ta'kidlanganidek, payg'ambarga itoat Alloh taologa itoat etishdir. Biri ikkinchisiz bo'lmas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning har bir aytgan so'zlari va qilgan amallari shak-shubhasiz Alloh taoloning vahiyiga asoslangan. Hatto Qur'oni karimda u haqda biror oyat kelmagan bo'lsa ham.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati