Qur'oni karimning juda ko'plab oyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish ta'kidlangan bo'lib, ularning aksariyati Alloh taologa itoat etish bilan bir o'rinda zikr etiladi.
قُلۡ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَۖ فَإِن تَوَلَّوۡاْ فَإِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ ٱلۡكَٰفِرِينَ ٣٢
“«Ayting: “Alloh va Payg'ambarga itoat etingiz!” Agar yuz o'girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas»(Oli Imron, 32-oyat).
وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَٱلرَّسُولَ لَعَلَّكُمۡ تُرۡحَمُونَ ١٣٢
“Allohga va Payg'ambarga itoat qiling, shoyad, shunda sizlarga rahm qilinsa” (Oli Imron, 132-oyat).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَأُوْلِي ٱلۡأَمۡرِ مِنكُمۡۖ ٥٩
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg'ambarga va o'zlaringizdan (bo'lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَ وَٱحۡذَرُواْۚ ٩٢
“Allohga itoat qilingiz va Rasuliga itoat qilingiz hamda (man etilgan narsalardan) saqlaningiz!” (Moida surasi, 92-oyat).
فَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَأَصۡلِحُواْ ذَاتَ بَيۡنِكُمۡۖ وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓ ١
“Bas, Allohdan qo'rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo'min bo'lsangiz, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingiz!” (Anfol surasi, 1-oyat).
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَوَلَّوۡاْ عَنۡهُ وَأَنتُمۡ تَسۡمَعُونَ ٢٠
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga va (Uning) Rasuliga itoat etingiz! O'zlaringiz eshitib turib, Undan yuz o'girib ketmangiz!” (Anfol surasi, 20-oyat).
وَأَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ وَلَا تَنَٰزَعُواْ فَتَفۡشَلُواْ وَتَذۡهَبَ رِيحُكُمۡۖ ٤٦
“Allohga va Rasuliga itoat qilingiz va nizolashmangiz, aks holda sustlashib ketursiz” (Anfol surasi, 46-oyat).
﴿قُلْ أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّوْا فَإِنَّمَا عَلَيْهِ مَا حُمِّلَ وَعَلَيْكُمْ مَا حُمِّلْتُمْ وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا﴾
Ayting: “Allohga bo'yin suningiz va Payg'ambarga bo'yin suningiz! Shundan so'ng agar yuz o'girsangiz, bas, (Payg'ambar) zimmasida o'ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug'ini etkazish) va sizlarning zimmangizda o'zlaringizga yuklangan narsa (unga bo'yin sunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَوَلَا تُبْطِلُوا أَعْمَالَكُمْ﴾
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga itoat etingiz!Amallaringizni zoye qilmangiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).
﴿فَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ﴾
“Namozni barkamol ado etingiz va zakotni beringiz hamda Alloh va Uning payg'ambariga itoat etingiz!” (Mujodala surasi, 13-oyat).
﴿وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّيْتُمْ فَإِنَّمَا عَلَى رَسُولِنَا الْبَلَاغُ الْمُبِينُ﴾
“Allohga itoat etingiz va Payg'ambarga bo'yin suningiz! Bas, agar (itoatdan) bosh tortsangiz, u holda (bilingizki) Bizning (yuborgan) payg'ambarimiz zimmasida faqat (vahiylarimizni sizlarga) aniq etkazish bor, xolos” (Tag'obun surasi, 12-oyat).
Mazkur oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish majburiy tarzda zikr qilinmoqda. Quyidagi oyatlarda Payg'ambarimiz alayhissalomga itoat etishning mukofoti (ajri) bayon etiladi, ushbu oyatlar ham Allohga itoat etish bilan birgalikda keladi:
﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ يُدْخِلْهُ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَذَلِكَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ﴾
“Kim Alloh va (Uning) payg'ambariga itoat etsa, uni ostidan anhorlar oqib turadigan bog'larga (jannatga) kiritur. (Ular) u erda abadiy (bo'lurlar). Bu ulkan yutuqdir” (Niso surasi, 13-oyat).
﴿وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَأُولَئِكَ مَعَ الَّذِينَ أَنْعَمَ اللَّهُ عَلَيْهِمْ مِنَ النَّبِيِّينَ وَالصِّدِّيقِينَ وَالشُّهَدَاءِ وَالصَّالِحِينَ وَحَسُنَ أُولَئِكَ رَفِيقًا﴾
“Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir!” (Niso surasi, 69-oyat).
﴿وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَيُطِيعُونَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ أُولَئِكَ سَيَرْحَمُهُمُ اللَّهُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ﴾
“Mo'minlar va mo'minalar bir-birlariga do'stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o'shalarga Alloh marhamat ko'rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (Tavba surasi, 71-oyat).
﴿وَإِنْ تُطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ لَا يَلِتْكُمْ مِنْ أَعْمَالِكُمْ شَيْئًا﴾
“Agar sizlar Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsangiz, U sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (savobidan) biror narsani kamaytirmas” (Hujurot surasi, 14-oyat).
Qur'oni karimda payg'ambarga itoat etish faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xos bo'lmay, balki avval o'tgan barcha payg'ambarlarga ham tegishli ekanligi bayon etilgan:
﴿وَمَا أَرْسَلْنَا مِنْ رَسُولٍ إِلَّا لِيُطَاعَ بِإِذْنِ اللَّهِ﴾
“Qaysi bir payg'ambarni yuborgan bo'lsak, Allohning izni bilan unga itoat qilinishi uchun (yuborganmiz)” (Niso surasi, 64-oyat).
Shuningdek, payg'ambarlar alayhimmusalom Alloh taoloning vahiyi (irodasi)ni etkazuvchilar ekanliklari, ularga itoat etish Alloh taologa itoat etish bilan tengligi ta'kidlanadi:
﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ﴾
“Kimda-kim Payg'ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi” (Niso surasi, 80-oyat).
Payg'ambar alayhissalomga itoat etish Qur'on oyatlarida zikr etilgani hamda Nabiyga itoat Alloh taologa itoat etish ekanligi ta'kidlanganidek, ularga itoatsizlik ham Allohga itoatsizlik sifatida zikr etiladi:
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾
“Kim Alloh va (Uning) payg'ambariga itoatsizlik qilsa va hududlaridan tajovuz qilsa, uni do'zaxga abadiy (qolishi uchun) kiritur” (Niso surasi, 14-oyat).
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِينًا﴾
“Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, u aniq zalolat bilan yo'ldan ozibdi” (Ahzob surasi, 36-oyat).
﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَإِنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدِينَ فِيهَا أَبَدً﴾
“Kimki Alloh va Uning payg'ambariga itoatsizlik qilsa, bas, albatta, unga jahannam olovi bordirki, (ular) o'sha joyda mangu qolurlar” (Jin surasi, 23-oyat).
وَمَن يُشَاقِقِ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥ فَإِنَّ ٱللَّهَ شَدِيدُ ٱلۡعِقَابِ ١٣
“Kimki Alloh va Rasuliga muxoliflik qilsa, bas, Alloh jazosi qattiq zotdir” (Anfol surasi, 13-oyat).
﴿أَلَمْ يَعْلَمُوا أَنَّهُ مَنْ يُحَادِدِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَأَنَّ لَهُ نَارَ جَهَنَّمَ خَالِدًا فِيهَا﴾
“Kimki, Alloh va Rasuli (belgilagan) haddan tajovuz etsa, uning uchun mangulikdagi jahannam olovi bo'lishini bilmaganmidilar?!” (Tavba surasi, 63-oyat).
Shu tariqa, Qur'oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish va itoatsizlik qilish Alloh taolga itoat etish hamda etmaslik sifatida birga zikr qilinadi.
Biror oyatda Allohga itoat etish alohida ta'kidlanmagan, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish bilan birgalikda zikr etilgan. Ammo ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa itoat etish ta'kidlanmagan holda zikr etilgan:
﴿وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ﴾
“Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg'ambarga itoat etingiz, zora rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).
﴿وَإِنْ تُطِيعُوهُ تَهْتَدُوا﴾
“Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz” (Nur surasi, 54-oyat).
﴿يَوْمَئِذٍ يَوَدُّ الَّذِينَ كَفَرُوا وَعَصَوُا الرَّسُولَ لَوْ تُسَوَّى بِهِمُ الْأَرْضُ﴾
“Kofir bo'lganlar va payg'ambarga itoatsizlik qilganlar o'sha kuni er bilan yakson bo'lishni orzu qiladilar” (Niso surasi, 42-oyat).
﴿وَمَنْ يُشَاقِقِ الرَّسُولَ مِنْ بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُ الْهُدَى وَيَتَّبِعْ غَيْرَ سَبِيلِ الْمُؤْمِنِينَ نُوَلِّهِ مَا تَوَلَّى وَنُصْلِهِ جَهَنَّمَ وَسَاءَتْ مَصِيرًا﴾
“Kimga hidoyat aniq bo'lgandan keyin Payg'ambarga muxoliflik qilsa va mo'minlar yo'lidan o'zgasiga ergashsa, Biz uni o'zi ketayotgan yo'liga qo'yib beramiz va (oxiratda) uni jahannamda kuydiramiz. Naqadar noxush joy u!” (Niso surasi, 115-oyat).
Ushbu oyatlarda faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish ta'kidlanishining sababi – Allohga itoat etish payg'ambarga itoat etish bilan bo'lishligidir. Zero, Alloh taolo O'z dinini payg'ambarlari orqali insonlarga etkazadi.
﴿وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَنْ يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِنْ وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ إِنَّهُ عَلِيٌّ حَكِيمٌ﴾
“Inson bilan Alloh (bevosita) so'zlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha'ni) oliy va hikmat sohibidir” (Sho'ro surasi, 51-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo O'z xohish, irodasini payg'ambarlari orqali yuboradi. Agar payg'ambar alayhissalom biror narsaga buyursa yoki biror narsadan qaytarsa Allohning elchisi sifatida qilgan bo'ladilar. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda payg'ambarga itoat etish va unga ergashishni O'ziga itoat bo'lishini ta'kidlagan:
﴿مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ﴾
“Kimda-kim Payg'ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi” (Niso surasi, 80-oyat).
Shunday ekan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Alloh taologa etishdir. Chunki u zot alayhissalom o'z nafslaridan so'zlamaydilar, balki Allohning irodasini etkazadilar:
﴿وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَىإِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى﴾
“(Yana u Qur'onni) xomxayoldan olib so'zlayotgani ham yo'q! U (Qur'on) faqat (Alloh tomonidan) nozil qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir” (Najm surasi, 3-4 – oyatlar).
Shu nuqtai nazardan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish Allohga itoat etish demakdir. Shu bois, ayrim oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish zikr qilinib, Allohga itoat etish ta'kidlanmagan. Bu Allohga itoat – payg'ambarga itoat etish orqali bo'lishini anglatadi.
Qur'oni karimning Allohga itoat etish borasida kelgan har bir oyat albatta Payg'ambar alayhissalomga itoat etish bilan birgalikda zikr qilingan.
Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning
"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan
Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati