Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Rasululloh alayhissalomning maqomlari (2-qism)

20.07.2022   14181   7 min.
Rasululloh alayhissalomning maqomlari (2-qism)

SUNNAT ISTILOHI

Muhaddislar sunnat so'zini quyidagicha ta'riflaydilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan asar bo'lib qolgan gap, amal va tasdiqlash (ma'qullash) sunnatdir”.

Tasdiqlash arab tilida “taqrir” deb ataladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalar tomonidan sodir etilgan gap, so'z, amallarni ma'qullashlari yoki e'tiroz bildirmay indamasliklari ham sunnat hisoblanadi.

Demak, sunnat ushbu jami uch (so'z, amal, taqrir) asos bilan bevosita Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog'liq ekan, u zot alayhissalomning mavqelarini o'zlashtirmay (o'rganmay) turib, fiqhni to'liq tushunib bo'lmaydi.

 

RASULULLOH ALAYHISSALOMNINGMAQOMLARI

Payg'ambarimiz alayhissalom insoniyatga yuborilganlarida qanday mavqe (maqom)ga ega edilar? U zot sollallohu alayhi vasallam pochta xodimi kabi faqat etkazib beruvchi va xatning nima bo'lishi haqida o'ylamaydigan bo'lganmilar?

Javob aniq: Aslo yo'q! Payg'ambarlar alayhimussalom faqat Alloh taoloning kalomini odamlarga etkazish uchun yuborilmagan. Ulardan ilohiy ta'limotni etkazish, uni tushuntirish va amaliy namuna bo'lish talab etiladi. Ilohiy kitoblarni etkazish bilan payg'ambarlarning vazifalari tugamaydi, balki, ular insoniyatga Kitobdagi ko'rsatmalarga muvofiq yashashni o'rgatishlari lozim. Qur'oni karimning ushbu oyati bunga shubha qoldirmaydi:

 

 

لَقَدۡ مَنَّ ٱللَّهُ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ إِذۡ بَعَثَ فِيهِمۡ رَسُولٗا مِّنۡ أَنفُسِهِمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَإِن كَانُواْ مِن قَبۡلُ لَفِي ضَلَٰلٖ مُّبِينٍ ١٦٤

Alloh o'z ichlaridan Allohning oyatlarini o'qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta'lim beradigan Payg'ambarni yuborish bilan, mo'minlarga in'om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar(Oli Imron surasi, 164-oyat).

هُوَ ٱلَّذِي بَعَثَ فِي ٱلۡأُمِّيِّ‍ۧنَ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ ٢

U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o'zlaridan bo'lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur'on) va Hikmat (Hadis)ni o'rgatadigan (bir) payg'ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir(Jum'a surasi, 2-oyat).

Ushbu oyat ma'nolari Ibrohim alayhissalom duolarida ham o'z aksini topgan:

رَبَّنَا وَٱبۡعَثۡ فِيهِمۡ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِكَ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَيُزَكِّيهِمۡۖ ١٢٩

 Ey, Robbimiz, ularga (kelajak ummatlarga) o'zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitob va hikmat (Qur'on va Hadis)ni o'rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg'ambarni yuborgin!(Baqara surasi, 129-oyat).

Ushbu oyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to'rt payg'ambarlik vazifalari bayon etilmoqda:

  1. Alloh taoloning Kalomi – Qur'oni karim oyatlarini tilovat qilish (etkazish);
  2. Qur'ondan ta'lim berish;
  3. Hikmat (hadis)ni o'rgatish;
  4. Insonlarni shirk va zulmat botqog'idan hidoyat nuri sari boshlash.

Demak, ushbu oyatlardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vazifalari faqatgina Allohning buyruqlarini etkazish emas, balki o'sha buyruqlar asosida insonlarni yashashga o'rgatish ekani ma'lum bo'ladi.

Shuningdek, u zot alayhissalomdan hikmatni o'rgatish talab etiladi. Yana bu hali hammasi emas. Nabiy alayhissalom amaliy namuna bo'lib, insonlarni zalolatdan hidoyat nuri sari boshlashlari zarur.

a) Demak, Qur'on oyatlarini etkazish Nabiy alayhissalomning vazifalaridan biri ekanligini Qur'oni karim tasdiqlaydi;

b) u zot alayhissalomning Qur'on tafsiridagi sharhlari hal qiluvchi asos sanaladi;

v) Nabiy alayhissalom ilohiy ko'rsatmaga asoslangan hikmatni o'rgatuvchi yagona asos hisoblanadilar;

g) insonlarni Islom shariati asosida yashashga o'rgatishda namuna o'laroq bo'lishlariga ishonch bildirilgan.

Musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishlari va ergashishlari shart bo'lmaganida u zot alayhissalomning ushbu vazifalari bajarilmagan bo'lardi. Inchunun, Nabiy alayhissalom so'zlariga amal qilish u zotning ergashuvchilariga majburiydir, amallari esa ummat uchun go'zal namunadir.

Alloh taolo qator oyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etishga va ergashishga buyuradi. Bu borada, Qu'roni karimda ikki so'z: “itoat” – bo'yinsunish va “ittibo” – ergashish ishlatiladi.

Birinchi so'z (itoat) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruq va so'zlariga itoat etishni anglatadi, ikkinchisi (ittibo) esa, u zot alayhissalomning amallariga ergashishni bildiradi.

 

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning

"Islom shariatida sunnatning o'rni" kitobidan

Tarjimon: Davron NURMUHAMMAD

1-qism. Davomi bor... 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

18.08.2026   73734   1 min.
Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.

Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.

Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.

“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.

Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.

“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.

Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.

Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.

Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari