Malayziyaning etakchi gazetasi “The Star” da “Toshkentga sayohat” nomli maqola chop etildi. Unda Toshkent haqiqatan ham boy tarixga, betakror madaniyatga ega yashirin marvarid ekanligi, tashrif buyuruvchilarni samimiy mehmondo'stlik bilan kutib olishi ta'kidlanadi, deb yozadi “Dunyo” axborot agentligi.
Maqolada O'zbekistonning turizm salohiyati, madaniy-tarixiy merosi haqida batafsil ma'lumot berilgan. Muallif kitobxonlarni Toshkent va Samarqand shaharlarining qadimiy va zamonaviy me'moriy ob'ektlari, yodgorliklari bilan tanishtiradi. Hususan, uning fikricha, “Buyuk Ipak yo'li mamlakati” deb nom olgan O'zbekistonga tashrif buyurish har bir sayyohning ro'yxatida bo'lishi kerak. “Toshkent – boy tarixga ega, an'ana va zamonaviylik ajoyib uyg'unlashgan shahar”, – deyiladi nashrda.
Shaharning diqqatga sazovor joylari orasida Chorsu bozori va “Hazrati Imom” (Hastimom) majmuasi bor. Bundan tashqari, Toshkentga tashrif buyurgan sayyohlar janubga – Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri bo'lgan Samarqandga ham borish imkoniyatidan foydalanishlari ta'kidlangan. “Samarqand boy islom merosiga ega bo'lib, u tashrif buyuruvchilarga islom madaniyati, san'ati va an'analarining yorqin namunalari bilan tanishish imkonini beradi”, — deyiladi “The Star” nashrida.
Ma'lum qilinishicha, O'zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirayotgan sayyohlar yaqinda joriy yilning 8 dekabridan Kuala-Lumpurdan Toshkentga to'g'ridan-to'g'ri reyslarni amalga oshirishni boshlaganini ma'lum qilgan Malayziyaning etakchi loukoster “Batik Air” aviakompaniyasi xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Qayd etilishicha, “Batik Air” Malayziyadan ikki davlat poytaxtlari o'rtasida muntazam parvozlarni amalga oshiruvchi birinchi aviakompaniya sanaladi.
Hozirda Kuala-Lumpur va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri reyslarni amalga oshiruvchi yagona aviakompaniya “O'zbekiston havo yo'llari” MAK hisoblanadi. Maqolada yozilishicha, “Batik Air” tarmog'ining O'zbekiston tomon kengayishi nafaqat malayziyaliklar, balki o'zbekistonlik sayohatchilar uchun ham yaxshi yangilik. Yangi marshrut ularga Malayziyaga tashrif buyurish imkoniyatini beradi, shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi boshqa mamlakatlar va Okeaniya, jumladan, Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi keyingi yo'nalishlarga qulay ulanish imkoniyatidan foydalanadi.
1971-yilda tashkil etilgan “The Star” Malayziyaning eng yirik ingliz tilidagi gazetasi bo'lib, kundalik tiraji 280 000 ni tashkil qiladi. Bundan tashqari, nashrning kuniga 5 milliondan ortiq auditoriyaga ega elektron versiyasi mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.
Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.
Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati