Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Tinchlik – buyuk ne'mat

19.07.2022   4773   3 min.
Tinchlik – buyuk ne'mat
Bismillahir rohmanir rohim
 
Muborak Islom dini  o'z nomi bilan tinchlik dinidir.Muqaddas va buyuk dinimizning asosiy ta'limotlaridan biri insonlarni tinchlikka chaqirish, kishilarni mehr- muruvvatli, mehr oqibatli bo'lishga, millati, dinidan qat'iy nazar, bir-birlariga  izzat-hurmat ko'rsatishga chorlaydi. Biz musulmonlarning muqaddas kitobimiz Qur'onda: "Ey,imon keltirganlar. Yoppasiga itoatga kirishigiz va shaytonning izidan ergashmangiz!" (Baqara,208 oyat.), deb marhamat qilindi. Ushbu oyatda barcha insonlar birlashgan holda tinchlik yo'lini tutishlari lozimligi uqtiriladi. Tinchlik-bu islom dinining shioridir. Shuning uchun ham barcha musulmonlar o'zaro muomalalarini doimo bir-birlariga tinchlik tilash, ya'ni salomlashish bilan boshlaydilar.
 
Payg'ambar (s.a.v.) hadislarining birida: "Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg'onganida oilasi tinch, tanu-joni sog' va uyida bir kunlik eguligi bo'lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne'matlar mujassam ekan", - deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati). Demak insonga ikki xil moddiy va ma'naviy ne'matlar Alloh taolo tomonidan berilgan. Moddiy ne'matlarni hamma biladi, ma'naviy ne'matlarga: iymon, islom, aql va tinchlik kabi ko'zga ko'rinmaydigan, biroq moddiy ne'matlarga qaraganda qadrliroq bo'lgan narsalar misol bo'la oladi. Ko'pincha insonlar ne'matning qadriga u qo'ldan ketgandan keyingina etadilar. Sog'likning qadri bemorlikda, boylikning qadri faqirlik etganda, tinchlikning qadri esa notinchlik vaqtida bilinadi. Buyuk ne'mat bo'lmish tinchlik va xotirjamlik qaror topgan yurtda taraqqiyot va rivojlanish bo'ladi. Dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, Allohning buyurgan ishlarini mukammal ado etish uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Bugungi kunda ayrim yurtlardagi notinchliklar oqibatida ko'pgina begunoh odamlar aziyat chekmoqdalar. Ma'lumki, joriy yilda Qozog'iston respublikasida bo'lib ӯtgan tartibsizliklar ӯsha yurtda yashab kelayotgan insonlarga kӯp noxushliklarga sabab bo'ldi.
 
Buning oqibatida kӯpgina begunoh insonlar qurbon bo'lib, farzandlar otasiz, ayollar ersiz, bolalar onasiz qoldi. Islom dini asl mohiyati ila inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (s.a.v): "Qaysi bir musulmon kishi ikkinchi bir musulmon birodariga tig' ko'tarsa, to o'sha tig'ni qaytarib o'rniga qo'ymaguncha  Allohning farishtalari unga la'nat aytib tururlar"-deyilgan. (Muslim rivoyati). Yana bir hadisda: "Mo'min kishini haqorat qilish gunoh, u bilan jang qilish esa kufrdir",-deb marhamat qilingan. Demak haqiqiy musulmon nohaq boshqalarga tili va qo'li bilan ozor bermasagina haqiqiy mo'min bo'lar ekan. "Janjal bo'lgan joydan qirq kunlik baraka uchadi"- deb bejizga aytilmagan. Yurtimizdagi har bir fuqaro tinchlikdek aziz ne'matni ko'z qorachig'iday asrashi lozim. Buyuk Robbimiz jonajon yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlikni ato aylasin! 
 
Buxoro shahar Sayfiddin Boxarziy
masjid imom-xatibi Kamolov Ravshan.
MAQOLA
Boshqa maqolalar

Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling

14.07.2025   2340   2 min.
Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Sarmoyangiz umringizdir...

Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:

Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.

Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.

Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.

 

Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…

Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.

Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:

– iymon keltirganlar,

– solih amal qilganlar,

– haqqa da’vat etganlar,

– sabrni tavsiya qilganlar.

Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».

Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.

Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!

Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.

Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.

Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!

 

Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani Yetti chinor jome masjid imom-xatibi.