Joriy yilning 9 iyul' kuni butun dunyo musulmonlari “Iyd Al-Adha” Qurbon hayiti bayramini keng nishonladilar.
Ulug' ayyom munosabati bilan Tatariston Respublikasining barcha masjidlarida uch kunlik hayit tantanalari 9 iyulning erta tongidan boshlandi. Poytaxt Qozon shahrida Qurbon hayiti bayramini nishonlashning asosiy joyi Galiyevskaya masjidi bo'ldi.
Hayit tadbirlari ertalab soat 02: 30da masjidda musulmonlar bomdod namozini o'qib bo'lganlaridan so'ng Qur'on tilovati bilan boshlandi.
Ushbu Galiyevskaya markaziy masjidiga hayit namozida ishtirok etish uchun Tatariston Respublikasi prezidenti Rustam Minnixanov bir qancha vazir va yordamchilari hamrohligida tashrif buyurdi.
Qurbon hayiti ma'ruzasida Tatariston muftiysi birinchi muovini Ilfar hazrat Hasanov musulmonlarni qutlab, bayram bilan tabrikladi va ko'p asrlik mehr-oqibat va xayr-ehson an'analari bilan mashhur bo'lgan Iyd al-Adha haqli ravishda respublikadagi eng hurmatli va muhim bayramlardan biri ekanini qayd etib o'tdi.
Qurbonlik ibodatini ado etish
Hayit namozidan so'ng, musulmonlar Qozon shahrining 17 ta masjidi qoshida tashkil etilgan jonliqlarni sotib olish va qurbonlik qilish joylariga borib qurbonlik ibodatini ado etishga kirishdilar.
Biz Qozon shahrining ushbu tadbir tashkil etilgan asosiy ikki masjidida bo'lib, jarayonni kuzatdik, kishilar bilan muloqotda bo'ldik.
Shaharda qurbonlik ibodatini ado etish uchun bir qancha qulayliklar va zaruriy sharoitlar yaratilgan. Aytilganidek, 17 ta masjid yonida maxsus joylar tashkil etilgan. Bu erda turli narxdagi katta-kichik qo'ylar savdosi, diniy yo'l-yo'riqlar ko'rsatuvchi xodim, qassob xizmati, go'shtni kesib, turli hajmlarga bo'laklab berish xizmati, tozalik ishlarida xizmatchi va boshqa xizmatlar ta'minlangan. Shuningdek, qurbonlik qiluvchining ixtiyoriga ko'ra, qurbonlik go'shtini ehson qilish, kam ta'minlangan oila va shaxslarga etkazish ishlarini amalga oshirish uchun maxsus fond (blagotvoritel'niey fond) tashkil etilgan. Bu fond shu joyning o'zida go'shtlarni qabul qilib, asosan keksalar, ayollardan iborat haqdorlarga tarqatadi. Hamda shu kabi keksalarning o'zlariga yaqin masjidga (garchi bu masjidda qurbonlik qilinmasada) hayitdan oldin ro'yxatga yozdirib, hayit kunlarida kelib ulushini olib ketishlari ham odat tusiga kirgan.
Hayit kunlarini yanada zavqli o'tkazish, yosh avlod ongida bu bayramning shukuhini mustahkamlash maqsadida Tatariston muftiyatining hududlardagi vakilliklari tomonidan joylarda turli tadbirlar tashkil etilishi ham e'tiborga molik. Hususan, hayitning ikkinchi kunida Qozon shahrining Gorkiy nomli parki hududidagi tabiat qo'ynida, ochiq osmon ostida tashkil etilgan “Kurban-fest” festivali shunday tadbirlardan biridir. Unda asosan yosh avlodga milliy va diniy an'analar va oilaviy qadriyatlarni anglatishga qaratilgan o'yinlar, turli ko'rgazmalar tashkil etiladi. Shuningdek, diniy xodimlar tomonidan ma'rifiy chiqishlar qilinadi. Umuman olganda, tatar jamiyatidagi o'zlikni anglash, milliy va diniy qadriyatlarni tiklash jarayonlari davom etayotgan bir paytda buningdek tadbirlarni qo'llab-quvvatlanishi tabiiy holdir.
Muhammadyusuf Hushvaqov tayyorladi.
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov