Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri Tavfiq ar-Rabia yakshanba kuni Makkada Buyuk hajning 46-simpoziumini ochdi.
"Pandemiyadan keyingi haj: marosimlar va g'amxo'rlik" nomli tadbirda Qirollikdan va musulmon olamidan ma'ruzachilar, olimlar, huquqshunoslar va ulamolar ishtirok etmoqdalar. Bu yilgi Buyuk haj simpoziumi ikki kun davomida sessiyalar, munozaralar va ma'ruzalarni o'z ichiga oladi.
"Hajdan tinchlikka" tadbirining ochilishida ar-Rabia COVID-19 pandemiyasi "2020 yil boshida dunyoni larzaga solganini aytdi". Uning qo'shimcha qilishicha, musulmon dunyosida pandemiya masjidlar, haj, umra, shuningdek, ta'lim va kundalik hayotga olib kelgan tanaffuslarni hech kim oldindan ko'ra olmagan.
Islam.ru xabariga ko'ra, ar-Rabia Saudiya rahbariyatining pandemiya sharoitida hajni davom ettirish to'g'risidagi qarorini yuqori baholadi.
U: "Biz 2020 yilda haj marosimlarini o'tkazmaslikni tavsiya qildik. Biroq, Qirol Salmon ushbu marosimni to'xtatmaslikka va ziyoratchilar sonini 1000 kishigacha cheklashga qaror qildi. Haj ziyorati esa ziyoratchining xavfsizligini kafolatlovchi barcha ogohlantirish va profilaktika choralariga rioya etilgan holda amalga oshirilib, natijalar dalda beruvchi va ishonchli bo'ldi", - dedi u.
Bu yilgi haj "Sog'liqni saqlash vazirligining tavsiyasiga binoan 1 million ziyoratchi bilan cheklangan", dedi u. Qaror Saudiya rasmiylariga "tibbiy xizmat ko'rsatish va ziyoratchilarning xavfsizligini ta'minlashga imkon beradi."
Ikki muqaddas masjid ishlari boshqarmasi raisi shayx doktor Abdul Rahmon Al-Sudais Saudiya davlati barcha imkoniyatlarini haj tizimini saqlashga yo'naltirganini aytdi. Shuningdek, u haj marosimlarini siyosiy shiorlar yoki namoyishlarga aylantirish ta'qiqlangani va hajni insof, adolat va tinchlik belgisi sifatida amalga oshirish kerakligini ta'kidladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati