– Qurbonlikka qanday hayvonlarni so'ysa bo'ladi?
– Qo'y, echki, sigir, tuya kabi tuyog'i yoriq hayvonlarni qurbonlikka so'yish durust.
– Tovuq, g'oz va otga o'xshash hayvonlardan qurbonlik qilsa bo'lmaydimi?
– Durust bo'lmaydi.
– Qo'y, echki necha kishi uchun qurbonlikka kifoya qiladi?
– Har biri bir kishi uchun kifoya qiladi.
– Sigir, tuya necha kishi uchun qurbonlikka kifoya qiladi?
– Bir kishidan to etti kishigacha.
– Yetti kishi jam bo'lib bir sigirni qurbonlik qilsalar, go'shtini qay tarzda bo'lib oladilar?
– Tarozi bilan o'lchab oladilar.
– Qurbonlikning terisi nima qilinadi?
– Faqirlarga beriladi yoki sotib puli sadaqa qilinadi.
– Terini masjid imomiga bersa bo'ladimi?
– Agar faqir bo'lsa, bersa bo'ladi.
– Qurbonlik qilgan kishi qurbonligining go'shtini nima qiladi?
– Faqirlarga ulashadi va ziyofat qiladi hamda o'zining oila a'zolariga ulashadi.
– Qurbonlikni kim bo'g'izlaydi?
– Qurbonlik qilgan kishi bo'g'izlashni yaxshi bilsa, o'zi bo'g'izlaydi, bilmasa, boshqa bir kishiga so'ydiradi, o'zi ustida duo qilib turadi.
– Qurbonlik qilinadigan qo'y yoki echki necha yoshli bo'lishi kerak?
– Bir yashar bo'lishi kerak.
– Olti oylik qo'yni qurbonlik qilsa, bo'ladimi?
– Agar o'sha qo'y semiz va jussasi bir yashar qo'yning jussasidek katta bo'lsa, durust bo'ladi.
– Qurbonlik bo'ladigan sigir va yo ho'kiz necha yashar bo'lmog'i kerak?
– Ikki yashar.
– Tuya necha yashar bo'lmog'i lozim?
– Besh yashar.
– Devona, qo'tir, qirchang'i, shoxsiz, axta qilingan hayvonlar qurbonlikka yaraydimi?
– Ha, yaraydi.
– Qanday hayvonlar qurbonlikka yaramaydi?
– Nihoyatda oriq, yurolmaydigan, oqsoq, qulog'ining yo dumining uchdan biridan ortiqrog'i kesik bo'lgan hayvonlar, bir yo ikki ko'zi ko'r, og'zida hech bir tishi qolmagan hayvonlar qurbonlikka yaramaydi.
– Qurbonlik uchun qaysi hayvonlar afzalroq?
– Oq yoki ko'k rangli katta shoxli, a'zosi salomat, semiz qo'chqor afzaldir.
«Ibodati islomiya» kitobidan
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.