— Hijriy yil qanday hisoblanadi va oy nomlari ketma-ketlikda qanday keladi? Imkoni bo'lsa, hamma oy nomlarini ma'nolarini ham aytsangiz?
— Biz ishlatayotgan hijriy oylarning nomlanish tarixi melodiy beshinchi asrga, to'g'rirog'i, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning beshinchi bobolari Kilobning davriga borib taqaladi. Chunki Kilobning davriga qadar arablar qamariy nomlarni boshqa nomlar bilan nomlab yurishgan. Kilob davriga kelib arablar Qamariy nomlarni o'zgartirib chiqqan. O'sha nomlar hozirgi kunga qadar ishlatib kelinmoqda. Oylarning nomlanishiga kelsak, ularning har birining nomlanish sabablari bor. Ulamolar oylarning nomlanish sabablarini turlicha bayon qilishgan. Quyida o'sha fikrlarning eng to'g'rirog'ini keltirishga harakat qilamiz. Bu borada kim yanada kengroq ilmga ega bo'lishni istasa, Imom Saxoviy “Al-mashhur fi asmai ayyami vash shuhur” nomli kitoblarini mutolaa qilishi mumkin:
Muharram — ma'nosi harom qilingan. Qamariy yilning birinchi oyini bunday atashlariga sabab, arablarda ilgari Islom dini kelmasidan oldin ham bu oy urush harom qilingan oy hisoblangan, ushbu ma'noni takidlash uchun aynan shu nom bilan atashgan.
Sofar — bo'sh, xoliy degan ma'noni anglatadi. Ikkinchi oyga bunday nom berilishining sababi, arablar bu oyda tijorat va boshqa maqsadlarda safarga chiqib uylari bo'shab qolgan. Shuning uchun bu oyni shu nom bilan atashgan.
Robiul avval — Robiul axir uchinchi va to'rtinchi oyning ma'nosi bahor ko'kalamlik, degani. Arablar ushbu oyda ko'kalamzorlikdan bahramand bo'lgani uchun shu nomni 3-4 oyga berishgan.
Jumodul avval — Jumodul axir — jumod degani muzlash, qotib qolish degani. 5-6 oyning bunday nomlanishiga sabab, aynan ushbu ikki oyda suvlar muzlagan.
Rajab — ulug'lash degani. Arablar ushbu oyni ulug' sanashgani uchun shu nomni berishgan.
Sha'bon — bo'linish degani. Arablar ushbu oyda bo'linib suv izlashgan. Bir qiylda boshqa oylarga nisbattan ushbu oyda ko'p bo'linishgani uchun shu nomni olgan.
Ramazon — issiq degani. Aynan ushbu oy boshqa oylarga nisbatan juda issiq bo'lgani uchun shu nomni olgan.
Shavvol — tugab, to'xtab qolish degani. Ushbu oyda tuyalar homilador bo'lib suti to'xtab qolgan. Shuning uchun ushbu nomni olgan.
Zul qa'da — o'tirib qolish, degan ma'noni anglatadi. Ushbu oyda urush harom qilingan oy bo'lgani uchun barcha harakatlardan to'xtab, uyda o'tirishgan. Shuning uchun shu nom bilan atalgan.
Zul hijja — hajli degani. Islomdan oldin arablar aynan mana shu oyda haj ziyoratiga safarga chiqqanlari uchun shu nom bilan atalgan.
Eslatma: Bu oylarning nomlanishidan kelib chiqib, demak o'sha oyda oyning ma'nosini ifodalovchi hodisa bo'lishi kerak. Misol uchun, Jumodul uloda suvlar muzlab, havo sovuq bo'lishi, kerak degan xayolga bormang. Bu hodisalar Kilob davrida oylarni nomlayotganda sodir bo'lgani uchun arablar shu nomlarni berishgan. Vallohu a'lam!
Global axborot makonidagi shiddatli o‘zgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektning rivojlanishi, feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Shu maqsadda respublikamizda yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi — jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarini yagona platformada birlashtiruvchi "Media haftalik" o‘z ishini boshladi.
Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur loyiha butun respublikadan qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab oladi. Joriy yilning 30 martidan 26 iyuniga qadar har bir hududda 5 kunlik intensiv o‘quv-seminarlar va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dasturda nazariya va amaliyot birlashadi: asosiy urg‘u haqiqiy tajriba orttirishga qaratiladi. Mamlakatimizning eng yetakchi media-ekspertlari, muharrir va prodyuserlari ishtirokida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM va strategik kommunikatsiyalar kabi muhim mavzular bo‘yicha treninglar olib boriladi.
Mashg‘ulotlar telejurnalistlar, bosma nashrlar, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yo‘nalishlarda o‘tkaziladi. Bilimlarini oshirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanuvchi mazkur media-estafetaning ilk bosqichi 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlanadi. Darslar davomida ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Spikerlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Haftalik yakunida hududdagi soha vakillarini qamrab oluvchi yirik Media forum tashkil etiladi.
Loyihada ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma va bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.
Media haftalik quyidagi sanalarda hududlar kesimida tashkil etiladi:
30 mart – 3 aprel: Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
6 aprel – 10 aprel: Xorazm viloyatida;
13 aprel – 17 aprel: Surxondaryo viloyatida;
20 aprel – 24 aprel: Qashqadaryo viloyatida;
27 aprel – 1 may: Samarqand viloyatida;
4 may – 8 may: Navoiy viloyatida;
11 may – 15 may: Buxoro viloyatida;
18 may – 22 may: Farg‘ona viloyatida;
25 may – 29 may: Namangan viloyatida;
1 iyun – 5 iyun: Andijon viloyatida;
8 iyun – 12 iyun: Jizzax viloyatida;
15 iyun – 19 iyun: Sirdaryo viloyatida;
22 iyun – 26 iyun: Toshkent viloyati va Toshkent shahrida.