Ummati Muhammadiyya orasida turli ixtiloflar har zamon ko'tarilib turadi. Hozir bunday ixtiloflar rosa keng tarqagan zamonda yashamoqdamiz.
Odamlar orasida ixtilof chiqazish, ummatni tafriqa qilish juda xatarli ishlardan. Bu ish bizning ummatga zarar bo'lish bilan birga dushman uchun manfaatli hisoblanadi. Chunki bayrog'i, ommaviy fikrlashi, g'oyasi bir bo'lgan millatni yiqishdan ko'ra turli xil firqalarga bo'linib olgan millatni yiqitish ancha oson.
Ixtiloflar ham turlicha. Millatchilik, mahalliychilik kabi illatlar yana aqiydaviy, fiqhiy, siyosiy, ijtimoiy ixtiloflar ummat kelajagiga rahna solib turgan xavflardan.
Aqiydaviy va fiqhiy ixtilof yoyilishining asosiy sababi ummat orasidagi befarosatlar yoki xoinlar tomonidan o'qtin o'qtin bunday ixtiloflarni esga olinishi va eslatilishidir. Yana asl maqsad tushunilishi qiyin bo'lgan hamda mutashobih bo'lgan oyatu hadislarni omma oldida zikr qilish ham bunday ixtiloflar qo'zg'alishi va tarqalishining eng katta sabablaridandir. Shuning uchun haq yo'ldagi zabardast ulamolarimiz bunday hadislarni omma oldida aytishni qoralashgan. Masalan Imom Suyutiy rahimahulloh Imom Navaviy rahimahullohning «Taqrib» nomli kitoblariga yozgan «Tadribur roviy» nomli asarlarida quyidagilarni aytadilar:
«(Muhaddis) insonlar aqli ko'tarmaydigan va tushunmaydigan hadislarni (omma oldida aytishdan) chetlanmog'i darkor.*
Masalan Allohning sifatlari zikr qilingan hadislar. Chunki ularning bunday hadislarni eshitib xato va noto'g'ri o'yga hamda tashbeh (ya'ni, Alloh taoloni yaratilgan mavjudotlarga o'xshatish)ga va tajsim (ya'ni, Alloh taoloni jism deb e'tiqod qilish)ga tushib qolishlari xavfi bor.
Aliy roziyallohu anhu: «Alloh va Rasuli yolg'onchiga chiqarilishini yaxshi ko'rasizlarmi?! Odamlarga ma'ruf narsalarni gapiring, ular inkor qiladiganlari esa tashlanglar», deb aytganlar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Imom Bayhaqiy «Shuabul iymon»da Miqdom ibn Ma'diykaribdan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qachonki odamlarga Rabbilari haqida gapirsangiz, ularga g'arib bo'lgan va og'ir keladigan gaplarni aytmangiz».
Ibn Mas'ud roziyallohu anhu: «Sen qavmga ularning aqli etmaydigan biror hadisni aytsang, albatta, ularning ba'zisida fitna bo'ladi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Hatib Bag'dodiy aytadilar: «(Muhaddis) yana avomga (shubhali ishlarning) ruxsatlari haqidagi hadislarni, sahobalar o'rtasida bo'lib o'tgan fitnalarni va isroiyliyotlarni aytishdan saqlanadi». Iqtibos tugadi. («Tadribur roviy» kitobi, «Muhaddis odoblari» bobi).
Shuningdek Hofiz Hatib Bag'dodiy rahimahulloh «Al-jome' liaxloqi ar-roviy va odobi as-some'» (Roviy axloqi va eshituvchining odobi jamlanmasi) asarlarida quyidagilarni aytadilar:
«Muhaddis o'z imlolarida** avomning aqli ko'tarmaydigan hadislarni rivoyat qilishdan chetlanadi. Chunki bunda avom xatoga va vahmlar - turli o'ylarga kirib qolishlari, Alloh taoloni maxluqotlarga tashbeh qilishlari va U zotning vasfida mustahil bo'lgan sifatlarni U zotga nisbat berib qo'yishlari xavfi bor. Masalan zohiri tashbeh va tajsimni taqozo qiladigan va Azaliy Qadim zot - Allohga a'zo va qismlarni isbot qilishni keltirib chiqaradigan hadislar. Garchi bu hadislar sahih va ularning turli xil ta'villari bo'lsada, lekin ular faqatgina ahl bo'lgan kishilargagina rivoyat qilinishi kerakdir. Sababi ularning ma'nolarini bilmagan kishilar adashib ketib, hadislarni zohiriga yo'yishlari yoki ularni inkor qilishlari xavfi bor. Natijada esa u hadislarni rad etadilar va ularning roviylarini yolg'onchiga chiqazadilar». Iqtibos tugadi. Imom Hatib Bag'dodiy bu gaplaridan keyin aytilganlarga dalil o'laroq qariyb o'nta rivoyatni keltilaridar.
Imom Zahabiy rahimahulloh «Al-Muqizah» kitobida aytadilar:
«Muhaddis ommaning qalbi (aqli) ko'tarmaydigan mushkiloti (ma'nosida chigallik) bor hadislarni rivoyat qilishdan chetlansin. Agar bularni rivoyat qiladigan bo'lsa, bu xos majlislarda bo'lsin». Iqtibos tugadi.
Ko'rib turganimizdek insonlar aqli ko'tarishi qiyin bo'lgan, zohiri tajsim va tashbehga olib boradigan hadislarni, agarchi ular sahih bo'lsa ham, omma oldida zikr qilish mumkin emas.
Bugun esa ummatning 1400 yillik karvonini adashganga chiqarib, bunga o'zicha hadisdan dalil keltirayotganlarga qarasangiz, minbarlarda, ijtimoiy tarmoqda og'iz to'ldirib faqat ana shunday ommaga aytilishi mumkin bo'lmagan hadislarni aytadilar. Ummatni hadafidan, vazifasidan chalg'itadilar. Go'yo o'n to'rt asr hamma johil ediku, bular kelib musulmonlarning aqiydasini to'g'rilashdi. Go'yo bular kelguncha ushbu hadislarni hatto ulamolar ham bilmaganu, bular sahih manbalardan olib chiqib, ummatni zalolatdan qutqarib qoldi. Aslida esa ish g'irt teskarisi bo'ladi. Ulamolarimiz bu hadislarni bilgan, yodlagan, yozgan, sharhlagan va bunday hadislarni fitna bo'lmasin uchun ommaga zikr qilinishi taqiqlagan bo'lishadi.
Kim haq kim esa aksi, buning o'zingiz xulosa qiling.
Allohim hidoyatidan ayirmasin!
___
*Ishora qilingan birinchi jumla Imom Navaviyning «Taqrib»da aytgan gaplari.
** Imlo - muhaddis hadisni o'ziga etib kelgan sanadi bilan to'liq aytib, rivoyat qilishi.
Mirolim Mansur
An’om surasi Qur’oni Karimning oltinchi surasi bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan, bir yuz oltmish besh oyatdan iborat. An’om – "Chorva mollari" deganidir. Surada bir necha oyatlar chorva mollari haqida kelganligi sababli u An’om deb nomlangan. Qur’oni Karimda Allohga hamd aytish bilan boshlanuvchi besh sura bo‘lib, ulardan birinchisi Fotiha bo‘lsa, ikkinchisi An’om surasidir.
Surada Islom aqidasi asoslari, Alloh taoloning yagona ilohligi, shariat ahkomlari, jumladan, oilaviy masalalar, hayvonlar va uning go‘shti haqidagi masalalar, jihod ahkomlari, g‘ayridinlarga doir ko‘rsatmalar, qiyomat, oxirat, payg‘ambarlar, dunyo va hayot mohiyatiga taalluqli ma’lumotlar bayon qilingan.
Ushbu suraning fazilatlari haqida hadislarda ham keng bayon qilingan.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "An’om surasi nozil qilinayotganda Jabroil alayhissalom bilan birga tushgan farishtalar ko‘pligidan yer bilan osmon orasini to‘sib qo‘ygan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam farishtalarning baland ovozda tasbeh aytayotganini eshitib, u zot alayhissalom ham tasbeh aytgan va Allohga sajda qilgan" (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "An’om surasi nozil bo‘layotganda farishtalar saf tortib, tasbeh aytib turishdi, ularning juda ko‘pligi tufayli yer ham silkindi", dedilar. Shu vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo barcha aybu-nuqsonlardan pokdir, Unga hamdu sanolar bo‘lsin", deb tasbeh aytdi.
Vosila ibn Asto’ al-Laysiydan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Tavrotni o‘rniga menga yettita uzun sura berildi", dedilar. Ushbu suralardan biri An’om surasidir.
Ushbu sura haqida mufassir olimlar fikrlari:
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “An’om surasi Makkada to‘laligacha nozil qilingan. Uning atrofida yetmish ming farishta tasbeh aytib turgan”, deganlar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “An’om surasi Qur’oni Karimdagi eng sara fazilatli suralardan biridir” deganlar.
Surada boshqa samoviy dinlarda ham buyurilgan ayrim shar’iy hukmlar kelgan bo‘lib ular quyidagilar:
Shuningdek, surada Alloh ta’alo insonlarni eng katta zulm - shirkdan saqlanishga buyuradi. Shirk sababli inson barcha qilgan xayrli amallari savobidan ayriladi, dunyo va oxiratda ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ladi.
Suradan kelgan ayrim oyatlar bilan tanishamiz:
"Hamd osmonlar va yerni yaratgan, zulmatlar va nurni paydo etgan Allohga (xos)dir" (1-oyat). Ya’ni yeru-osmondagi barcha narsa va maxluqotlar doimo Allohga hamd aytib turadi. Buni insonlar ko‘rmaydi, eshitmaydi va his qilmaydi. Hamd faqat olamlar robbi Allohgadir.
"Ulardan oldin necha asr (kishilari)ni halok etganimizni ko‘rmadilarmi?! Ularga Yerda sizlarga bermagan imkoniyatlarni berdik, ustilariga osmon (yomg‘ir)ni yog‘dirdik va ostilaridan anhorlarni oqizib qo‘ydik. So‘ngra gunohlari tufayli ularni halok qildik va ulardan keyin boshqa asr (kishilari)ni keltirdik" (6-oyat).
Ushbu oyatda tarixda yashab o‘tgan avvalgi qavmlar hayotini o‘rganish orqali ulardan ibrat olishga, yagona Alloh taologa ibodat qilishga, yaxshi amallarni qilish va yomonliklardan qaytishga chaqiriladi.
"G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir" (59-oyat).
Bu oyatda g‘ayb ilmlarini Alloh taoloning o‘zigina bilur deyilmoqda. Payg‘ambarlarning ham faqat ayrimlariga bu ilmdan ato etilgan. Oyatda Alloh taoloning azaliy “ilm” sifati bilan oshkorayu-pinhona narsalardan doimiy ravishda ogoh ekani bildirilmoqda. Shu ilmiga binoan qiyomatgacha bo‘ladigan ishlarni “Lavhul-mahfuz”ga oldindan bitib qo‘ygan. Insonlar taqdirini Alloh taolo buyruq tariqasida emas, balki vasf va ta’rif sifatida yozgan. Masalan, falon kimsa o‘z ixtiyori bilan shayton vasvasasiga beriladi, deb yozilgan. “Berilsin!” deb yozilmagan. Aks holda banda javobgar bo‘lmas edi.
"Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay" (160-oyat).
Ushbu oyat sharhida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis keltiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilik qilishni niyat qilsa-yu, uni qilmasa, unga bitta yaxshilik yoziladi, agar uni qilsa, unga o‘nta yaxshilik yoziladi. Kim bir yomon ishni niyat qilsa-yu, uni qilmasa, unga yomonlik yozilmaydi. Agar o‘sha ishni qilsa, unga bitta yomon amal qilgani yoziladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi