Shu yil 28-29 iyun' kunlari Qur'oni karimni yoddan tilovat qilib berish bo'yicha Qirg'izistonning Bishkek shahrida o'tkazilgan II Halqaro Qur'oni karim musobaqasida O'zbekiston vakili sifatida Toshkent shahridagi “Ko'kaldosh” o'rta maxsus islom bilim yurti 3-kurs talabasi Bilol qori Yusufjonov qatnashdi.
Mazkur musobaqada Rossiya Federatsiyasi, Checheniston, Ingushiya, Tatariston, Boshqirdiston, Dog'iston, Yakutiya Respublikalari, shuningdek, Qozog'iston, O'zbekiston, Qirg'iziston, Shrilanka, Pokiston va boshqa davlatlar qorilaridan iborat 16 nafar vakil ishtirok etdi.
Musobaqada ishtirokchi qorilarning chiqishini Qatar, Liviya, Misr Arab Respublikasi, Turkiya va Qirg'iziston Respublikasi mutaxassislaridan iborat bo'lgan hakamlar hay'ati a'zolari baholab borishdi.
Yakuniy natijaga ko'ra, 1-o'rin Shrilanka, 2-o'rin Dog'iston, 3-o'rin Qirg'iziston, 4-o'rin Pokiston va 5-o'rin Checheniston Respublikasi qorilariga nasib etdi. Shuningdek, vakilimizga ham tashakkurnoma yorlig'i topshirildi.
G'oliblarga mukofotlar topshirildi. Shuningdek, ishtirokchi qorilar uchun musobaqa tashkilotchilari tomonidan Qirg'izistondagi dam olish zonasi va diqqatga sazovor joylarga ziyoratlar uyushtirildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Halqaro aloqalar bo'limi
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.