Namoz o'qiyotgan insonning harakatlarida odob, andisha, tartibning yuksak namunasini ko'ramiz. Qo'l qovushtirib, erga qarab, sezilar-sezilmas egilganday bo'lib qiyomda turish, Fotiha va zamsurani ixlos va tafakkur bilan o'qib, ma'nolarini qalbdan o'tkazish qanday yaxshi! So'ng takbir aytib ruku qilish, har bir harakatda Allohni ulug'lab, go'zal takbiru tasbehlar aytib, qaddini rostlab, sajdaga borish va ikki sajda o'rtasida xotirjam o'tirish qanday ham qiymatli oliy amallardir.
Sajdada “Subhana robbiyal a'laa” deb kamida uch marta aytish, xolis niyat fayzining qo'llar, oyoqlar, ko'zlarda zohir bo'lishi, zikr va salavotlarda qalb hozirligini tuyish qanday yuksak fazilatdir!
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan namoz o'qib bo'lganimizdan so'ng, u zot bizlarga yuzlandilar va: “...Allohga salom bo'lsin...” deb aytmanglar. Zero, Alloh (ismi, sifati) o'zi Salomdir. (Ya'ni, “Senga salom bo'lsin” deyish “Senga ofatlardan omonlik tilayman” deganidir. Bunday duo Alloh taologa nisbatan joiz emas. Chunki barchaga salomatlik, omonlik beruvchi O'zidir.) Agar namozda o'tirsangiz: “Attahiyatu lillahi vas salavotu vat toyyibat. Assalomu alayka ayyuhan Nabiyyu va rohmatullohi va barokatuh. Assalamu 'alaynaa va 'alaa 'ibadillahis solihiyn. (Shuni aytsa, Allohning Yer va osmondagi har bir solih bandasiga salom etgan bo'ladi.) Ashhadu an laa ilaaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan 'abduhu va rosuluh”, deb ayting”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam kaftimni muborak kaftlari bilan ushlab, menga tashahhudni Qur'ondan bir surani o'rgatganlari kabi so'zma-so'z o'rgatdilar”, deydi.
Mazhabboshimiz Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh va jumhur fuqaholar namozda o'qish uchun Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu tashahhudni tanlashdi.
Ahmad ibn Molik rahimahulloh rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Me'rojga chiqqanlarida ushbu sano aytildi: “Mol, badan, til bilan ado etiladigan hamma ibodat Allohgadir. Ey Nabiy! Allohning rahmati va barakoti Sizga bo'lsin. Sizga va solih bandalarga Allohning salomi bo'lsin. Allohdan o'zga iloh yo'qligiga iqrorman. Muhammad (alayhissalom) Allohning quli va elchisi ekaniga iqrorman”. Alloh taolo: “Ey Nabiy, senga salomatlik, rahmatlar va barakotlar bo'lsin!” dedi. Nabiy alayhissalom: “Bizga va Allohning solih bandalariga salom bo'lsin!” dedilar. Jabroil alayhissalom: “Guvohlik beramanki, Allohdan o'zga iloh yo'q, Muhammad Uning bandasi va Rasulidir”, dedi».
Til qalbning tarjimonidir. Qur'on tilovati, salavot aytish, duolar, kishi ko'ngliga shodlik olib kiruvchi so'zlar ibodat bo'ladi. Shuningdek, g'iybat, yolg'on, safsata, tuhmat, yolg'on guvohlik berish, so'kish, dilozorlik kabi illatlardan saqlanish ham ibodatdir. Ibodatning Alloh rizosi uchun xolis ado etilishida muhim narsa shuki, bunda qalbdagi itoat fayzining yuz, ko'z, til, qo'l, oyoq va boshqa a'zolarga ko'chishi sodir bo'ladi.
Ba'zi mufassirlar “Salamun qovlam mir Robbir Rohiym” (Yosin surasi, 58-) oyati Me'roj kechasida Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi va sallamga yo'llagan salomdir, deyishadi. Shu jihatdan olib qarasak, biz naqadar mas'ud va baxtli ummatmizki, tashahhudning ushbu muborak jumlalarini har kuni namozlarimizda takror-takror aytamiz.
Abdumutal OTABOYeV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Jizzax viloyati vakili o'rinbosari
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV