Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Mo'min qalbidagi itoat fayzi

05.07.2022   1695   4 min.
Mo'min qalbidagi itoat fayzi

Namoz o'qiyotgan insonning harakatla­rida odob, andisha, tartibning yuksak na­munasini ko'ramiz. Qo'l qovushtirib, er­ga qarab, sezilar-sezilmas egilganday bo'­lib qiyomda turish, Fotiha va zamsurani ixlos va ta­fakkur bilan o'qib, ma'nolarini qalbdan o'tkazish qanday yaxshi! So'ng takbir aytib ruku qilish, har bir harakatda Allohni ulug'lab, go'zal takbiru tasbehlar aytib, qaddini rostlab, sajdaga borish va ikki sajda o'rtasida xotirjam o'tirish qanday ham qiymatli oliy amallardir.

Sajdada “Subhana robbiyal a'laa” deb kamida uch marta aytish, xolis niyat fayzining qo'llar, oyoqlar, ko'zlarda zohir bo'lishi, zikr va salavotlarda qalb hozirligini tuyish qanday yuksak fazilatdir!

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu­dan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan namoz o'qib bo'l­ga­nimizdan so'ng, u zot bizlarga yuzlandi­lar va: “...Allohga salom bo'lsin...” deb ayt­­manglar. Zero, Alloh (ismi, sifati) o'zi Salomdir. (Ya'ni, “Senga salom bo'lsin” de­yish “Senga ofatlardan omonlik tilayman” deganidir. Bunday duo Alloh taologa nisbatan joiz emas. Chunki barchaga salomatlik, omonlik beruvchi O'zidir.) Agar namozda o'tirsangiz: “Attahiyatu lillahi vas salavotu vat toyyibat. Assalomu alayka ayyuhan Nabiyyu va rohmatullo­hi va barokatuh. Assalamu 'alaynaa va ­'alaa 'ibadillahis solihiyn. (Shuni aytsa, Allohning Yer va osmondagi har bir solih bandasiga salom etgan bo'ladi.) Ashhadu an laa ilaaha illallohu va ashhadu anna Mu­hammadan 'abduhu va rosuluh”, deb ay­ting”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu an­hu: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam kaftimni muborak kaftlari bilan ushlab, menga tashahhudni Qur'ondan bir surani o'rgatganlari kabi so'zma-so'z o'rgatdilar”, deydi.

Mazhabboshimiz Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh va jumhur fuqaholar namozda o'qish uchun Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu tashahhudni tanlashdi.

Ahmad ibn Molik rahimahulloh rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Me'rojga chiqqanlarida ushbu sano aytildi: “Mol, badan, til bilan ado etiladigan hamma ibodat Allohgadir. Ey Nabiy! Allohning rahmati va barakoti Sizga bo'lsin. Sizga va solih bandalarga Allohning salomi bo'lsin. Allohdan o'zga iloh yo'qligiga iqrorman. Muhammad (alayhissalom) Allohning quli va elchisi ekaniga iqrorman”. Alloh taolo: “Ey Nabiy, senga salomatlik, rahmatlar va barakotlar bo'lsin!” dedi. Nabiy alayhissalom: “Bizga va Allohning solih bandalariga salom bo'lsin!” dedilar. Jabroil alayhissalom: “Guvohlik beramanki, Allohdan o'zga iloh yo'q, Muhammad Uning bandasi va Rasu­li­dir”, dedi».

Til qalbning tarjimonidir. Qur'on ti­lovati, salavot aytish, duolar, kishi ko'ng­liga shodlik olib kiruvchi so'zlar ibodat bo'­ladi. Shuningdek, g'iybat, yolg'on, safsata, tuh­mat, yolg'on guvohlik berish, so'kish, dilo­zorlik kabi illatlardan saqlanish ham ibodatdir. Ibodatning Alloh rizosi uchun xolis ado etilishida muhim narsa shuki, bunda qalbdagi itoat fayzining yuz, ko'z, til, qo'l, oyoq va boshqa a'zolarga ko'chishi sodir bo'ladi.

Ba'zi mufassirlar “Salamun qovlam mir Robbir Rohiym” (Yosin surasi, 58-) oyati Me'­roj kechasida Alloh taolo Nabiy sol­lal­lohu alayhi va sallamga yo'llagan salomdir, deyishadi. Shu jihatdan olib qarasak, biz naqadar mas'ud va baxtli ummatmizki, tashahhudning ushbu muborak jumlalarini har kuni namozlarimizda takror-takror aytamiz.

Abdumutal OTABOYeV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Jizzax viloyati vakili o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   38595   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari