frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qurbonlik qilishning fazilati

04.07.2022   3897   3 min.
Qurbonlik qilishning fazilati

Alloh taologa bitmas, tuganmas hamdu sanolar va janobi Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo'lsin.

Musulmonlar Ramazon va Qurbon hayiti kunlarini katta tantana bilan nishonlashadi. Ayniqsa, Qurbon hayiti kunlarida muqaddas Makka shahrida haj ibodatlarini bajarayotgan bo'ladilar. Haj ibodatlarini ichida qurbonlik qilishlik ham bor. Haj ibodatini bajara olmayotgan bo'lsada boylik nisobiga ega musulmonlarga qurbonlik qilish vojibdir.

Qurbonlik – so'zining o'zagi “qurbon”, arabchadan tarjima qilinganda “yaqinlashish” degan ma'noni bildiradi.

Demak, har bir qurbonlik qiluvchi musulmon kishi albatta Allohga yaqin kishilardandir.

Qurbonlik qilish – “Alloh taologa yaqin bo'lish niyatida maxsus vaqtda, xos bir hayvonni so'yish”dir.

Qurbonlik qilinadigan “maxsus vaqt” degani – Zulhijja oyining o'ninchi (ya'ni, qurbon hayiti kuni), o'n birinchi va o'n ikkinchi kunlaridir. Uning oxirgi vaqti Zulhijjaning o'n ikkinchi kuni quyosh botishi bilan nihoyasiga etadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:“Kim qurbonlik qilishga qodir bo'lib, qurbonlik qilmasa, bizlarning masjidlarimizga yaqinlashmasin”.

Ahmad ibn Ishoq roziyallohu anhu aytadilar: “Kambag'al va kasalmand akam bor edi. Kambag'alligiga qaramay har yili Qurbon hayiti kunlari bir qo'yni qurbonlikka so'yardi. Akam vafot etganlaridan keyin ikki rakat namoz o'qib, Alloh taolodan akamni tushimda ko'rsatishini so'rab iltijo qildim. Uni tushimda ko'rsam, u bir yaxshi, kulrang otning ustida bo'lib, yonida yana ko'p zotdor otlar ham bor edi. Men:   “Ey aka, Alloh sizga nima ato etdi?” deb so'radim. U: “Alloh taolo meni mag'firat etdi”, dedilar. Undan buning boisini so'radim. “Bir kuni bir qari kampirga Alloh yo'lida bir dirham sadaqa qilganim mag'firat etilishimga sabab bo'ldi”, deb javob berdilar. “Bu otlarni qayerdan oldingiz?” dedim. “Bular dunyoda qilgan qurbonliklarim bo'lib, minib turganim birinchi qilgan qurbonligimdir”, deb javob berdilar. “Qayerga ketayapsan?” deb so'rasam, u: “Jannatga”, deya ko'zimdan g'oib bo'ldilar.

Muhtaram azizlar, Alloh taoloni roziligini istar ekanmiz albatta Uning buyruqlariga so'zsiz itoat etaylik. Qurbonlik qilishga qurbimiz etsa albatta bu ibodatni ado qilaylik. Chunki mana qurbonlik sababli bir birimizga bo'lgan mehr-muhabbatimiz yanada ortadi va shu sababli Alloh taolo bizdan rozi bo'lib, darajamizni ikki dunyoda ham baland qilib qo'yadi.

Alloh taolo bu yilgi hojilarimizning haj ibodatlarini maqbul aylab, yurtimizga va oilalarining bag'riga ibodatlari qabul, gunohlari kechirilgan holda qaytishlarini nasib qilsin. Yurtimizni turli ofat-balolardan Yaratganning O'zi hifzu himoyasida asrasin.

 

Davronbek MAMBYeTOV,

Ellikqal'a tumani “Safo” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Jannatning misoli

26.08.2026   39327   3 min.
Jannatning misoli

“Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli shuki, uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir. Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir” (Ra’d surasi, 35-oyat).


Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax bir­biriga o‘xshash emas.


Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).


Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.


Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.


Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.


Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.


Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.


Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.


Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan

Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.

“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

Ibratli hikoyalar