Alloh taologa bitmas, tuganmas hamdu sanolar va janobi Payg'ambarimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo'lsin.
Musulmonlar Ramazon va Qurbon hayiti kunlarini katta tantana bilan nishonlashadi. Ayniqsa, Qurbon hayiti kunlarida muqaddas Makka shahrida haj ibodatlarini bajarayotgan bo'ladilar. Haj ibodatlarini ichida qurbonlik qilishlik ham bor. Haj ibodatini bajara olmayotgan bo'lsada boylik nisobiga ega musulmonlarga qurbonlik qilish vojibdir.
Qurbonlik – so'zining o'zagi “qurbon”, arabchadan tarjima qilinganda “yaqinlashish” degan ma'noni bildiradi.
Demak, har bir qurbonlik qiluvchi musulmon kishi albatta Allohga yaqin kishilardandir.
Qurbonlik qilish – “Alloh taologa yaqin bo'lish niyatida maxsus vaqtda, xos bir hayvonni so'yish”dir.
Qurbonlik qilinadigan “maxsus vaqt” degani – Zulhijja oyining o'ninchi (ya'ni, qurbon hayiti kuni), o'n birinchi va o'n ikkinchi kunlaridir. Uning oxirgi vaqti Zulhijjaning o'n ikkinchi kuni quyosh botishi bilan nihoyasiga etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar:“Kim qurbonlik qilishga qodir bo'lib, qurbonlik qilmasa, bizlarning masjidlarimizga yaqinlashmasin”.
Ahmad ibn Ishoq roziyallohu anhu aytadilar: “Kambag'al va kasalmand akam bor edi. Kambag'alligiga qaramay har yili Qurbon hayiti kunlari bir qo'yni qurbonlikka so'yardi. Akam vafot etganlaridan keyin ikki rakat namoz o'qib, Alloh taolodan akamni tushimda ko'rsatishini so'rab iltijo qildim. Uni tushimda ko'rsam, u bir yaxshi, kulrang otning ustida bo'lib, yonida yana ko'p zotdor otlar ham bor edi. Men: “Ey aka, Alloh sizga nima ato etdi?” deb so'radim. U: “Alloh taolo meni mag'firat etdi”, dedilar. Undan buning boisini so'radim. “Bir kuni bir qari kampirga Alloh yo'lida bir dirham sadaqa qilganim mag'firat etilishimga sabab bo'ldi”, deb javob berdilar. “Bu otlarni qayerdan oldingiz?” dedim. “Bular dunyoda qilgan qurbonliklarim bo'lib, minib turganim birinchi qilgan qurbonligimdir”, deb javob berdilar. “Qayerga ketayapsan?” deb so'rasam, u: “Jannatga”, deya ko'zimdan g'oib bo'ldilar.
Muhtaram azizlar, Alloh taoloni roziligini istar ekanmiz albatta Uning buyruqlariga so'zsiz itoat etaylik. Qurbonlik qilishga qurbimiz etsa albatta bu ibodatni ado qilaylik. Chunki mana qurbonlik sababli bir birimizga bo'lgan mehr-muhabbatimiz yanada ortadi va shu sababli Alloh taolo bizdan rozi bo'lib, darajamizni ikki dunyoda ham baland qilib qo'yadi.
Alloh taolo bu yilgi hojilarimizning haj ibodatlarini maqbul aylab, yurtimizga va oilalarining bag'riga ibodatlari qabul, gunohlari kechirilgan holda qaytishlarini nasib qilsin. Yurtimizni turli ofat-balolardan Yaratganning O'zi hifzu himoyasida asrasin.
Davronbek MAMBYeTOV,
Ellikqal'a tumani “Safo” jome masjidi imom-xatibi
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati