Doktor Mustafo Hon aytadilar: “Bugungi kunimizdagi muammo bu, mazhab imomlari mazhabni o'zlari to'qib chiqarishgan degan gumon. Vaholanki voqelikda Abu Hanifa rohimahulloh o'z imomi Ibn Mas'ud roziyallohu anhuga ergashadi.
Imom Molik Ibn Umar va Ibn Abbos roziyallohu anhumolarga ergashadi, Imom Shofe'iy ham ana shu sahobalarga ergashadi. Sahobalarni Alloh taolo Muhammad Mustafo sollollohu alayhi vasallam etkazgan omonat va risolatni o'z zimmasiga olish va etkazish uchun tanlab olgan”[1].
Birorta inson inkor qilmasdan ummat juda uzoq asr mazhabni mahkam tutib keldi.
Biror-bir mazhabsiz muhaddis, mufassir yoki usuli olimni tarix zar varaqlaridan topa olmaysan. Bayhaqiy, Hatib Bag'dodiy, Ibn Hajar Asqaloniy, Ibn Asokir, Ibn Saloh, Suyutiy, Jassos, Baydoviy, Zarkashiy, Ibn Hojib, Ibn Javziy, Ibnul Humom, Saraxsiy, Bazdaviy, Bag'oviy, G'azzoliy, Subkiy, Shiroziy, Imom Navaviy va boshqa etuk islom ulamolarining barchasi albatta biror mazhabga mansub va bir mazhabni mahkam ushlaganini ko'rasan.
Yafe'iy aytadilar: “Islom tarixiga nazar tashlagan inson albatta, to'rt mazhab yuzaga kelgandan keyin necha- necha zamon o'tsin imomlar-u sarkarda va sultonlarning bir mazhabni tutganiga guvoh bo'ladi”[2].
Mazhabni inkor qiluvchi din imomlari uning ustida bo'lib turgan narsani inkor qiluvchidir va unga ijmo bog'langan narsaga xilof qiluvchidir. Chunki, to'rt mazhabdan birini ushlash lozim ekaniga ijmo qilingan.
Dehlaviy aytadilar: "Mazhabni tutish kerak ekaniga butun ummat ijmo qilgan, xossatan, bizning bu nafslar shahvatga moyil bo'lib ketgan kunlarda".
Yuqorida mazhabni ushlash nega lozim ekani borasida bir qancha sabablar sanab o'tildi, mazhablar eng mukammal sur'atda tashkil topdi, endi uni tark etishga hech qanday asosli sabab yo'qdir.
Allohning dinida ermak va o'yin qilishga yo'l qo'ymaslik uchun ulamolar mutloq ijtihod eshiklarini yopganlar.
Ibn Saloh naql qilib aytadilar: "Imom Shofe'iyning asridan keyin mustaqil mujtahid topilmadi deyishadi".
Imom Zahabiy aytadilar: "Hozirgi kunimizda faqat shu to'rt mazhabgina qoldi, lekin shuni ham lozim bo'lganidek tushunadigan odamlar sanoqligina, mujtahid bo'lishni qo'yaver".
Muhiddin Musulmonov - Sho'rchi tumanidagi "Domla Qosim jome' masjidi" imom xatibi
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD