Musulmon farzandi borki, umrida bir bor bo'lsa-da, Allohning uyi — Ka'batullohni tavof qilish orzusida yuradi. O'zbekistonlik ziyoratchilarning oxirgi guruhlari Madina ziyoratini yakunlab, sog'u salomat Makka shahriga etib kelmoqdalar. Baytullohni tavof qilib, umra amalini bajarmoqdalar.
Bu yil 12 ming nafardan ziyod hamyurtimiz Saudiya Arabistonining ikki muqaddas shahrida bo'lib, ayni kunlarda islomning beshinchi arkonini ado etishga puxta hozirlik ko'rmoqdalar.
Taniqli ulamolar, xususan Toshkent shahridagi "Hazrati Ali" jome masjidi imom-xatibi Salohiddin domla Sharipov haj ibodati boshlanishi oldidan samarqandlik ziyoratchilar bilan haj manosiklari va muborak amal fazilati to'g'risida suhbat qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati